Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:23

Shavkat Mirziyoev “Bolalar”va “Laskoviy may” qo‘shiqlarini sevadi


"Bolalar" guruhi
"Bolalar" guruhi

O‘zbekiston qo‘shiqchiligi yuqori rahbariyat moyilliklari va antipatiyasiga bog‘liq ekani aytiladi. O‘zbekistonda Farrux Zokirov¸ Sherali Jo‘raev¸ Yulduz Usmonova ¸ Obid Asomov¸ Sevara Nazarxon¸ Shahzoda Matchonova¸ Shohruh rep¸ Feruza Jumaniyozova¸ Otabek Madrahimov¸ Ozoda Nursaidova¸Farrux Soipov kabi san’atkorlarga qo‘yilgan taqiq sabablarining u yoki bu mulozimga borib taqaladi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston bosh vaziri va vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev qanday musiqani va qaysi honandani sevishi o‘zbek qo‘shiqchilik repertuari istiqboli qaysi vektorda rivojlanishi borasidagi taxminlarga imkon beradi.

Shavkat Mirziyoev boshlang‘ich komsomol tashkiloti kotibi bo‘lgan paytda Toshkent Irrigatsiya va Melioratsiya institutida o‘qigan¸ asli buxorolik Nodirbek Saidjonovning Ozodlikka aytishicha¸ Mirziyoev avvaliga “Pesnyari” Vokal Instrumental ansambli qo‘shiqlarini¸ keyinchalik esa “Laskoviy may” qo‘shiqlarini sevgan:

“Belarus qo‘shiqchisi Vladimir Mulyavin asos solgan Pesnyari guruhi o‘sha paytda komsomollar orasida (1983 yilda) rosa mashhur edi. O‘sha paytda institut komsorgi bo‘lib ishlagan Shavkat Mirziyoev tashkil qilgan tadbirlarda bu guruhning “Vologda” degan qo‘shig‘i albatta qo‘yilar edi. Keyin esa Yuriy Shatunov tashkil qilgan “Laskoviy may” Mirziyoevning sevimli guruhiga aylandi. O‘shanda Shavkat Miromonovich shu guruh konsertini Toshkentda o‘tkazish istagi bitilgan talab bilan respublika komsomol idorasiga ham chiqqan edi"¸ deya eslaydi O‘zbekiston bosh vaziri bilan bir institutda o‘qigan Saidjonov.

Ozodlik suhbatlashgan va o‘zini Yevgeniya Inoyatova deya tanishtirgan “Laskoviy may” guruhining toshkentlik ishqibozi esa Shavkat Mirziyoev Bosh vazir bo‘lganidan keyin o‘zini yoshlikdagi orzusini amalga oshirganini aytadi:

“ 2009 yilda Toshkentdagi “Istiqlol” saroyida Yuriy Shatunov ijodiy kechasini tashkil qilinishi Shavkat Mirziyoev tufayli bo‘ldi. Agar u kishini ko‘magi bo‘lmaganda bu tadbir amalga oshmas edi" deydi toshkentlik Yevgeniya Inoyatova.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ “Laskoviy may”ning o‘zbekcha varianti bo‘lgan “Bolalar” guruhi 1992 yilda Shavkat Mirziyoevning panohida bo‘lgan.

“Mirziyoev 1992 yilga kelib Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida ishlagan paytida guruhning plastinkasini chiqarishga ërdam bergan. Umuman guruhning ilk tarkibidagi asosiy solist va prodyuser Bahodir Po‘latovga Shavkat Miromonovichning e’tibor katta bo‘lgan. Bahodir Po‘latovning prokuraturada ishlaydigan otasi bilan Mirziyoevning bordi- keldisi bo‘lgan. O‘shandan buyon Po‘latovni Mirziyoev qo‘llab keladi. Shu yil bahorda Shavkat Mirziyoev Bahodir Po‘latovni Farg‘ona viloyati xokimining yangi o‘rinbosarligiga tayinlagani ham bejiz emas", deydi suhbatdosh.

“Bolalar”va “Laskoviy may” qo‘shiqlarini sevishi aytilgan muvaqqat prezidentning shu kunlarda ham “zapret”da qolayotgan Farrux Zokirov¸ Sherali Jo‘raev¸ Yulduz Usmonova¸ Obid Asomov¸ Feruza Jumaniyozova¸ Otabek Madrahimov¸ Ozoda Nursaidova kabi qo‘shiqchilarga munosabati qandayligi noma’lum qolmoqda.

Bilganimiz shuki, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim kontsertining u yoki bu tarzda mamlakatda o‘tkazilishini istamaydi.

Bosh vazir xonandaga qarshi

Taniqli xonanda va kompozitor O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karimning unvonlari joriy yil may oyida shaxsan O‘zbekiston Bosh vaziri talabi bilan bekor qilingan edi. Bunga xonandaning Turkiya vatandoshligini olgani sabab qilib ko‘rsatildi. O‘zbekiston Vazirlar mahkamasidagi yig‘ilishda so‘zga chiqqan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Turkiya vatandoshligini olgan xonanda Abdulaziz Karimni “vatan xoini” deb atab¸ uni barcha unvonlardan mosuvo qilinganligini aytgan.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi¸ O‘zbekiston madaniyat va sport vazirligi xodimlari va san’atkorlar ishtirok etgan bu majlisda qatnashgan toshkentlik mulozim ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka ayrim tafsilotlarni aytib berdi:

" Vazirlar Mahkamasida majlis bo‘ldi. Majlisda shaxsan Shavkat Miromonovich qatnashdi. Majlis boshida har xil mavzularga tegib o‘tildi. Oxirida asosiy mavzu O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim haqida bo‘ldi. Abdulaziz Karim Turkiya fuqaroligini olgani bo‘yicha juda katta noroziliklar bildirishdi. Uni hattoki "vatan xoini" darajasiga chiqarib qo‘yishdi. “Turkiyaning Bosh vaziriga e’tiroz bildiramiz. Nega bizning unvoni bor san’atkorimizni fuqarolikka qabul qiladi”, degan har xil gaplar ham bo‘lib o‘tdi. Abdulaziz Karim 2000 yilda olgan Nihol mukofoti va 2003 yilda olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlari shaxsan Mirziyoev tomonidan olib tashlandi¸" deydi O‘zbekiston madaniyat va sport vazirligi mulozimi.

Manbaning aytishicha¸ Bosh vazir tomonidan qo‘shiqchilarning “pogonini yulish” tadbiri birinchi marta bo‘laëtgani yo‘q:

"2010 yilda Shavkat Mirziyoev "Ho‘ja" guruxi solisti Izzat Ibragimovning O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan unvonini olib qo‘ygan edi. Izzat Mustaqillik bayram dasturining repetitsiyasiga bormagani uchun jazolandi. Keyin Izzat o‘rtaga kazo-kazolarni qo‘yib, yalinib-yolvorib unvonini qaytarib olgan edi"¸ deya eslaydi suhbatdosh.

Ozoda Saidzoda Shavkat Mirziyoevga qarshi

O‘zbekistonlik taniqli xonanda Ozoda Saidzoda bundan ikki yil oldin O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevni sudga berish harakatida ekanini bildirgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda xonanda 2006 yildan buyon katta sahna va televidenieda unga qo‘yilgan taqiqqa mas’ul aynan Bosh vazir ekanini iddao qilgan edi.

Shuningdek, xonanda o‘z tvitlarida uning Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 8 sotixli hovlisida qurilgan uyi buzilish arafasida ekani, buning ortida esa aynan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev turibdi, deb bilishini ham ta’kidlagan edi.

"JANOB MIRZIYoEV! Shuncha yil umrimni duzaxga aylantirganingiz KAMmi SIZga? Endi UYimga yopishdingizmi?? Qonun yukmi sizga?", deb yozdi xonanda.

Ozodlik bilan suhbatda ta’kidlashicha, Ozoda Saidzoda 2001 yilda katta sahnadan chetlatila boshlagan va 2006 yilga kelib tamomila sahnadan olingan.

"Buning hammasi Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning buyrug‘i bilan bo‘lgan", deb da’vo qildi xonanda.

"Chunki, vaqtida men Shavkat Mirziyoev komandasiga ishlash haqida bo‘lgan taklifni rad etganman... Bularning maqsadi Mirziyoevni hokimiyat tepasiga olib kelish... Men konstitutsion yo‘llar bilan saylangan prezidentni tan olaman... Bu davlatdan bitta qog‘oz olmaganman, hatto bitta "Nihol" mukofoti ham yo‘q menda. Lekin 20 yil shu davlat uchun, shu xalq uchun ishladim. Mening hech qanaqa davoim yo‘q, deputat bo‘lish, davlat odami bo‘lish, degan ambitsiyalarim yo‘q mening. Menga faqat erkinlik kerak, ijod uchun nafas olishim kerak, kislorod kerak, xolos... Shuncha kutdim, bugunga kelib sabrim tugadi. Endi chidolmasam kerak," - deb ta’kidladi Ozoda Saidzoda Ozodlik bilan suhbatda Bosh vazir Mirziyoev ustidan sudga murojaat qilish qarori sabablarini izohlar ekan.

XS
SM
MD
LG