Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:39

Chortoqlik Fotima egizini kanalga cho‘ktirib yuborganlikda ayblanmoqda


Namangan o‘likxonasidan yuborilgan fotosurat
Namangan o‘likxonasidan yuborilgan fotosurat

Namangan viloyat prokuraturasi ayni viloyatning Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi 19 yashar Fotima Ummatalievani qasddan odam o‘ldirishda ayblamoqda.

Namangan viloyatidagi ichki ishlar xodimlarining Ozodlikka ma’lum qilishlaricha, Fotima o‘z egizi Zuhrani oyog‘iga tosh bog‘lab, Namangan kanaliga cho‘ktirib yuborgan.

Ularning taxminiga ko‘ra, hodisa sentabr oyi o‘rtalarida Chortoq tumani Oyqiron qishlog‘i hududidan o‘tuvchi Namangan kanali bo‘yida yuz bergan.

Namangan shahar ichki ishlar idorasi xodimining Ozodlikka aytishicha, Ummatalieva Fotimani qotillikka egizi Zuhraning ruhiy bemorligi undagan bo‘lishi mumkin.

Zuhrani Toshkentga olib borishgan. U yerdagi shifokorlar ruhiy bemor qizning sog‘ayib ketishiga umid yo‘qligini aytishgan. O‘shandan keyin Fotima o‘z singlisini o‘ldirish payiga tushgan.Sentabr o‘rtalarida Zuhraning oyoq-qo‘lini bog‘lab, Namangan-Chortoq avtomobilь yo‘li orqali Oyqiron qishlog‘idan o‘tuvchi Namangan kanali bo‘yiga olib borgan. O‘sha yerda oyog‘iga tosh bog‘lab, qopga solib, suvga tashlab yuborgan,” dedi Namangan shahar IIB xodimi.

Ozodlik mobil muxbirining tibbiy ekspertiza mutaxassisiga tayanib aytishicha, Zuhra Ummatalievaning jasadi oradan “10-15 kun o‘tib”, Namangan shahridan o‘tuvchi kanaldan topilgan.

Jasad Namangan shahar o‘likxonasida uch kun saqlangan.

Fotima Zuhrani oyog‘iga tosh bog‘lab, qopga solib kanalga tashlagan
Fotima Zuhrani oyog‘iga tosh bog‘lab, qopga solib kanalga tashlagan

Mobil muxbirning Namangan shahar o‘likxonasidan yuborgan fotosuratlarda Zuhraga tegishli bo‘lgan oyoq kiyim va liboslarni, uning oyog‘ini bog‘lash uchun ishlatilgan toshlar va qopni ko‘rish mumkin.

28 sentabrda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv amaliyoti natijasida militsiya xodimlari qotillikda gumon qilib, marhumning egiz opasi Fotima Ummatalievani hibsga olgan.

Chortoq tuman ichki ishlar idorasi xodimining Ozodlikka ma’lum qilishicha, “qo‘lga olingan kunning o‘zidayoq qiz o‘z qilmishiga iqror bo‘lgan”.

Militsiya xodimining ilova qilishicha, ayni kuni Fotima Ummatalievaga Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97 moddasi 2-bandi, ya’ni qasddan odam o‘ldirish ayblovi qo‘yilgan.

Ozodlik Namangan viloyat prokuraturasidan tergov ishi yuzasidan izoh ololmadi.

Aybdor deb topilsa, Fotima Ummatalieva 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG