Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2025, Тошкент вақти: 13:52

Internet yuzerlari Davra.uz foydalangani uchun pul to‘lamaydigan bo‘ladi


O‘zbekistonning milliy Davra.uz ijtimoiy tarmog‘i shu yilning aprel oyida ishga tushirilgan edi.
O‘zbekistonning milliy Davra.uz ijtimoiy tarmog‘i shu yilning aprel oyida ishga tushirilgan edi.

O‘zbekistondagi UZINFOCOM Internet texnologiyalarini rivojlantirish markazi Davra.uz milliy ijtimoiy tarmog‘iga ko‘plab odamni jalb etish maqsadida mazkur tarmoq foydalanuvchilari uchun internetni bepul qilmoqchi. Aprel oyida ishga tushirilgan Davra.uz tarmog‘ida O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning virtual qabulonasi ham ochilgan​. Bu amal O‘zbekiston hukumatining o‘zbek internet foydalanuvchisini o‘zbek internet makonida ushlab turish urinishi sifatida baholanmoqda.

Toshkentdagi UZINFOCOM markazi mulozimining Ozodlikka aytishicha, hozirda tarmoqqa kiruvchilar uchun bepul Internetni yo‘lga qo‘yish borasida mamlakatdagi uyali telefon operatorlari bilan so‘zlashuv olib borilmoqda.

- Agar bu reja amalga oshsa, Davra.uz foydalanuvchilari uchun Internet tariflari bepul bo‘ladi. Ya’ni Davra.uz tarmog‘ida kun bo‘yi o‘tirishi mumkin, telefonidan pul ketmaydi. Ya’ni faqat Davra.uz-ga kirganda bepul bo‘ladi, - dedi UZINFOCOM Internet texnologiyalarini rivojlantirish markazining ismi sir qolishini istagan mulozimi.

Lekin, hozircha reja bosqichida bo‘lgan bu rejaning amalga oshish muddati e’lon qilingani yo‘q.

O‘tgan hafta O‘zbekiston Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘inda Davra.uz milliy ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari sonini oshirish, unga ko‘proq yoshlarni jalb etish masalasi ko‘tarilgan, UZINFOCOM markaziga bu yo‘nalishda maxsus reja ishlab chiqish vazifasi topshirilgan edi.

- Hozir Davra.uz tarmog‘ini yoshlar uchun xavfsiz bo‘lgan O‘zbekistonning yetakchi milliy ijtimoiy tarmog‘iga aylantirish masalasi qo‘yilyapti, - dedi UZINFOCOM markazi mulozimi.

Ayni paytda Davra.uz tarmog‘ida O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning virtual qabulonasi ham ochilgan.

- Davra.uz orqali virtula qabulxonaga qilingan barcha murojaatlar O‘zbekiston bosh vaziriga qilingan rasmiy murojaat sifatida tan olinadi. Bosh vazirga murojaat yuborishning boshqa usullaridan farqli, Davra.uz foydalanuvchilari oshkora yoki shaxsiy ko‘rinishida murojaat yuborishlari mumkin. Oshkora murojaatlar bevosita guruh lentasida chop etiladi va ijtimoiy tarmoqning barcha foydalanuvchilari ko‘rishlari uchun ochiq bo‘ladi. Agar murojaatingiz va uning natijasi Davra.uz ijtimoiy tarmog‘ida (post sifatida) barcha uchun erkin muhokamaga taqdim etilishini istamasangiz u holda guruh ma’muriyatiga o‘z murojaatingizni bevosita yuborishingiz mumkin, - dedi UZINFOCOM mulozimi.

O‘zbekistonning milliy Davra.uz ijtimoiy tarmog‘i shu yilning aprel oyida ishga tushirilgan edi.

Hozirda tarmoqning 8 mingdan ziyod foydalanuvchisi borligi aytiladi.

Tarmoq hali endi ish boshlayapti. Hozircha foydalanuvchilar soni shunaqa, - dedi UZINFOCOM mulozimi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Muloqot.uz, Myjob.uz, Ziyonet.uz kabi o‘nlab milliy ijtimoiy tarmoqlar tashkil etildi.

Ammo ulardan hech biri internet foydalanuvchilari orasida ommalashmadi.

Hozir ham O‘zbekistonda asosan Facebook, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlar ommabop sanaladi.

Yangi media sohasi bo‘yicha mutaxassis To‘lqin Umaralievning aytishicha, O‘zbekiston hukumati o‘zbek internet foydalanuvchisini o‘zbek internet makonida ushlab turish uchun ularga qancha imtiyozlar yaratmasin, Facebook va Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarga muqobil tarmoq yaratishi oson bo‘lmaydi.

- Talabga yarasha taklif bo‘lsa, odamlarni o‘zlari kiradi, hech kimni majburlash shart emas. Lekin, faqat ijtimoiy tarmoq kabi ochiladigan bo‘lsa bu xizmatni kelajagi yo‘q. Hozir globallashuv katta yirik tarmoqlarga mahalliy ijtimoiy tarmoqlar bas kelolmaydi, - deydi To‘lqin Umaraliev.

O‘zbekistonda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, internetdan foydalanuvchilar soni o‘n milliondan oshadi.

Biroq Internet O‘zbekistonda maxsus xizmatlarning qattiq nazarati ostidadir.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti O‘zbekistonni "internet ashaddiy dushmanlari" bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritgan.

XS
SM
MD
LG