Линклар

Шошилинч хабар
03 июл 2022, Тошкент вақти: 08:32

O‘shliklar Shavkat Mirziyoev saylovoldi va’dalarini bajaradi degan ishonchda (VIDEO)


O‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik vatandoshlar O‘shda 26 oktabr kuni o‘tgan uchrashuv paytida.

O‘zbekiston prezidentligiga saylov arafasida Toshkent tashabbusi bilan yopilgan o‘zbek-qirg‘iz chegarasi saylovlardan uch kun o‘tgach yana ochildi. Chegaradan vatandoshlarni o‘tkazish odatdagi tartibda davom etmoqda. O‘shliklar chegara Islom Karimov davridagi kabi yillab yopilib qolmay, tezda ochilganidan xursand ekanliklarini aytmoqdalar. O‘sh va Andijon chegarasidagi “Do‘stlik” punktidan o‘tayotgan vatandoshlar Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Shavkat Mirziyoevdan nimalarni kutayotganlari haqida gapirib berdilar.

O‘zbekiston prezidentligiga saylov arafasida uch kunga yopilgan chegara qayta ochildi. Biroq chegara hududida bir oy avval bo‘lgani kabi uzundan uzoq navbatlar kuzatilmadi. Qirg‘iz chegarachilarining bildirishlaricha, bu erdan kuniga mingdan ortiq odam o‘tib turibdi.

Bir necha yillar davomida yopiq turgan o‘zbek-qirg‘iz chegarasi oktabr oyidan boshlab vatandoshlarni ikki davlat hududiga yengillashtirilgan tartibda o‘tkaza boshlagan edi. Avvallari bu chegaradan faqat telegramma orqali janozaga o‘tish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, 10 oktabrdan boshlab to‘yga ham o‘tishga ruxsat berildi. Bundan tashqari O‘zbekistondan Qirg‘izistonga yoki Qirg‘izistondan O‘zbekistonga turmushga chiqqanlarga esa nikoh guvohnomasi asosida qarindoshlarini ko‘rib kelishga ruxsat beriladigan bo‘ldi.

“Do‘stlik” chegara o‘tkazish punktining Qirg‘iziston tomonidagi rahbari Baxtiyar Esengeldiev saylovdan so‘ng chegaradan o‘tishning bu tartibi o‘zgarmaganini aytdi. Chegarachi prezidentlikka saylangan Shavkat Mirziyoevdan chegaradan o‘tish tartibini yanada yengillashtirilishini kutayotganini bildirdi.

-O‘zbekistonda saylovoldi jarayoni boshlanganida qo‘shnilar chegaradan o‘tish tartibini yengillashtirgan edi. Saylov tugaganidan so‘ng bu yengilliklar bekor qilinmadi. Biz O‘zbekistonning yangi prezidenti chegaradan o‘tish tartibiga kiritilgan barcha cheklovlarni bekor qiladi va vatandoshlar hech qanday to‘siqlarsiz bordi-keldi qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deb umid qilayapmiz. Hozircha cheklovlar olib tashlanishi to‘g‘risida qo‘shnilarimizdan hech qanday ma’lumot kelmadi, -dedi Baxtiyar Esengeldiev.

Ўшликлар Шавкат Мирзиёев сайловолди ваъдаларини бажаради деган ишончда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:23 0:00

O‘zbekistonning saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoev saylovoldi jarayonida qo‘shni davlatlar, jumladan, Qirg‘iziston bilan aloqalarni yaxshilashga e’tibor qaratilishini bildirgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, Qirg‘iziston chegarasiga yaqin hududda yashovchi o‘zbekistonliklar ham tez orada ikki davlat vatandoshlarining bordi-keldisiga qo‘yilgan barcha to‘siqlar olib tashlanishidan umid qilmoqda.

-Saylov juda yaxshi o‘tdi. Men ham saylovga qatnashdim. Xalqimiz deyarli bir ovozdan Shavkat Mirziyoevni prezident qilib saylab oldi. Chunki Mirziyoev qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilab, chegaradan o‘tish tartibini yengillashtiraman, deb va’da berdi.Biz bu va’dalar bajarilishiga ishonib turibmiz, -dedi O‘shga qarindoshlarini ko‘rgani kelgan o‘zbekistonlik Qahramon Eshonov.

Qirg‘izistonlik Olmaxon Qurbonova ham O‘zbekistonning yangi prezidenti qo‘shnilar bilan munosabatlarda ijobiy siljishlarga erishadi, deb umid qilishini bildirdi.

-To‘g‘ri, Mirziyoev Karimovning kadri. Biroq uning ham o‘z insoniy irodasi bor. Mana shunday irodaga ega bo‘lgan inson qatorida u chegaralarni ochib, xalqlarimizni qiyinchiliklardan qutqarsa yaxshi bo‘lar edi. Mirziyoev Karimov davrida bordi-keldiga qo‘yilgan cheklovlarni, to‘siqlarni olib tashlab, aloqalarni yaxshilashga e’tibor qaratishi kerak.

1 oktabr kuni Qirg‘izistonning 130 kishilik delegatsiyasi Andijonga borgan edi. 26 oktabrda esa O‘zbekistonning 140 kishilik delegatsiyasi O‘shga kelgan. Uchrashuvlarda chegara va maorif bo‘yicha so‘zlashuvlar bo‘lgan.

O‘zbekiston prezidetlik saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan qirg‘iz parlamenti deputati Aytmamat Nazarov ham Shavkat Mirziyoev qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshilash borasida saylovoldi va’dalarini amalga oshiradi, degan ishonchda.

-Xalqlarimiz asosan chegara to‘liq ochilishini kutmoqda. Yangi hukumat, yangi prezidentdan mana shuni kutishayapti. Bugungi kunda O‘zbekiston hukumati vakillari Qirg‘izistonda, qirg‘iz hukumati vakillari O‘zbekistonda chegaralarni aniqlash bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazmoqda.Bu ish o‘tgan yillarga nisbatan juda faol olib borilayapti. Shuning uchun ham tez orada chegaralar aniqlanib, cheklovlar bekor qilinadi, degan ishonchdaman, -dedi deputat.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasida 15ta o‘tkazish punkti bor. Biroq bugungi kunda ularning to‘rttasigina ishlab turibdi.

XS
SM
MD
LG