Линклар

Шошилинч хабар
30 июн 2022, Тошкент вақти: 19:26

Mirziyoevga takliflar: Turizm islohotini aviachipta, "Afrosiyob", svet va hojatxonadan boshlasangiz!


"Afrosiyob" poezdi

Samarqand shahridagi sayyohlik shirkatlaridan birining rahbari sohada islohot boshlagan yangi saylangan prezidentga shunday takliflar bilan yuzlandi. 15 yildan buyon Samarqandga sayyoh olib borayotgan turoperator aslida tez va serdaromad bo‘lgan soha yillar davomida abgor ahvolga kelib qolgani, soha vizani bekor qilishdan oldin zarur bo‘lgan chuqur islohotlarga muhtojligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bugun turagentlar hatto restoranlarning hojatxonalarini tozalab, chirog‘i o‘chadigan mehmonxonalar uchun jarima to‘layotganini aytib berdi.

O‘zbekistonning dunyoga dong‘i taralgan Samarqand shahriga qariyb 15 yildan buyon sayyoh olib borayotgan turagent 27 davlatga to‘liq va qisman vizaning bekor qilinganini olqishladi. Ammo, bu sayyohlar oqimining oshishiga olib kelishiga uncha ishonmasligini aytadi.

Samarqandlik turoperator - 10 ishchisi bo‘lgan mahalliy sayyohlik shirkatlardan birining rahbari (uning ismi va shirkatining nomi sir saqlanmoqda. - tahr.), paytdan foydalanib, yangi saylangan prezidentga o‘z takliflarini ilgari surdi.

Birinchi taklif: "O‘zbekiston havo yo‘llari" chiptasini arzonlashtiring!

Uning aytishicha, Yevropaning Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi rivojlangan mamlakatlaridan boradigan sayyohlar, birinchi galda, "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkatining chiptalari qimmatligidan nolishadi:

"Sizning kampaniyangiz chiptasining puliga biz boshqa davlatga borib-kelamiz va dam ham olamiz", deyishadi. Juda qimmat ular uchun ham. Biz aytamiz shirkatga, lekin hozircha natija yo‘q. Masalan, biz turk va rus aviashirkatlariga chiqamiz, ular aynan shu milliy shirkat qimmatligi uchun bizga kelishmaydi. Shu chiptani turistlar uchun arzon qilish kerak", deydi turoperator.

Ikkinchi taklif: Turizm biznesini monopoliyadan qutqaring!

10 kishilik bir jamoaning rahbari bo‘lgan biznesmen keyingi 5-6 yil ichida viloyatdagi kichik tadbirkorlar uchun ishlash og‘irlashib ketganini aytadi:

"Katta-katta turagentlar bor, mehmonxonalaru restoranlar ularga ishlaydi. Biz kabi kichik tadbirkorlarni esa siqib chiqarishga urinishadi. Ya’ni, mehmonxonalarda ham biz uchun boshqa narx, ular uchun boshqa narx va hokazo, muammolar bor. Aytmoqchi bo‘lganim, demonopolizatsiya qo‘mitasi bu sohani jiddiy nazorat qilishi hamda kichik va o‘rta biznesga sog‘lom muhim yaratilishi kerak", deya taklif qildi kichik tadbirkor.

Uchinchi taklif: "Afrosiyob"ga chipta olishda imtiyoz bering!

Turagent Samarqandga "Afrosiyob" tezyurar poezdi qatnay boshlagan kezda uni Yevropada izchil reklama qilishga kirishganini aytadi:

"Endi Samarqandga 2 soatda yetib borasiz!" deb bosib, katta pul tashlab, reklama qildik chet elda. Sayyohlar rosa qiziqdi. Keyin "Afrosiyob"ga 3-2 oy oldin chiptalar uchun pul o‘tkazdik. Lekin, sayyohlar keldi - bilet yo‘q. Pul to‘langan, bilet yo‘q. "Bor-yo‘g‘i 250ta joy bor, sotilib ketgan, sizga qaerdan topib beraylik!" deydi kompaniyadagilar. U yoqqa chiqdik, bu yoqqa chiqdik - foydasi yo‘q, ko‘ryapsizmi?! Turfirmalar uchun imkoniyat berish kerak", deydi samarqandlik turagent.

To‘rtinchi taklif: Infrastrukturani yaxshilash kerak!

Turagent infrastruktura, der ekan o‘ydim-chuqur yo‘llardan tortib, yemakxoanyu hojatxonalarni ham tilga oldi:

"Masalan, Samarqandda asosiy yo‘ldan burilishingiz bilan yo‘llarning ahvoliga qarab bo‘lmaydi. Har qadamda yama. Bularning hammasini o‘nglash kerak. Restoranlar, ovqat yaxshi. Lekin, buni ham o‘zimiz nazorat qilamiz. Sayyohlar kelishidan oldin borib, tualetlarigacha tekshirib chiqamiz. Kerak bo‘lsa, tozalash vositalarini ham olib borib, tepasida turib tozalatamiz. Stollarga qo‘yilgan salfetkalarni ham: "Jimjimador sintetika emas, oddiy oq paxtali salfetka qo‘ying!" deb hammasini aytib chiqamiz", deydi turagent.

Beshinchi va asosiy taklif: Svet-gazni ta’minlang!

Samarqanddagi sayyohlik shirkati bir gal xorijdagi hamkorlari 2 ming AQSh dollar miqdorida jarima solganini eslatdi:

"Sayyohlar keldi, bir hafta yurib ketdi. U yoqqa borib arz qilgan: "Biz turgan mehmonxonada 9 marta svet o‘chdi", deb. Bizga sanksiya bo‘ldi, jarima keldi. Gostinitsaga aytsak: "Biz nima qilaylik, elektroset uzib tursa!" deydi. Elektroset ham bechora, chunki svetni tubi yo‘q. Siz dunyoning u burchagidan O‘zbekistonni maqtab-maqtab turist olib kelasiz, ular kelsa, oddiygina svet yo‘q, gaz yo‘q. O‘zi aslida asosiy muammo shu - svet-gaz. Hozir chet ellik hamkorlarimiz ham biladi buni. Noyabrdan to aprelgacha bizga sayyoh yubormaydi, chunki sovuq, svet yo‘q. Shuning uchun, shu oylarda kirimsiz ishlaymiz. Endi dehqonlarga o‘xshab, yozda topganimizni qishda yeb chiqamizda biz ham", deydi 15 yildan buyon sayyohlarga xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkor.

Muammo va ularning yechimini bir-bir taklif qilgan sayyohlik shirkati rahbari, suhbat so‘ngida, yangi saylangan prezident Shavkat Mirziyoevning 2 dekabr kuni imzolagan farmoni ortidan O‘zbekistonga "qisqa muddatda katta daromad daromad beruvchi" turizm sohasida katta o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilayotganini alohida ta’kidladi.

Olamshumul farmon

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoev 2 dekabr kuni imzolagan "O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonda turizm sohasini mamlakat iqtisodining strategik sektoriga aylantirish nazarda tutilgan.

Farmonda 2 ming 7000 - 3 ming yillik tarixga ega bo‘lgan Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi shaharlar, 7 mingdan ortiq tarixiy obidalari bo‘lgan O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga oid kompleks chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

27 davlat fuqarolariga vizani butunlay yoki qisman bekor qilish, elektron viza joriy qilish, sayyohlar uchun aeroportlarda "yashil koridor"lar ochish, sohadagi tadbirkorlarni soliqdan ozod qilish kabi yengilliklarni yaratish rejalangan.

XS
SM
MD
LG