Линклар

Шошилинч хабар
05 апрел 2026, Тошкент вақти: 06:02

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiyalar tashkil etiladi

Seshanba kuni Toshkentda senatorlar “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdilar. Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Unda, xususan, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha respublika miqyosida va joylarda idoralararo komissiyalar tuzish ko‘zda tutilgan.

Senat matbuot xizmatining qayd etishicha, 13 dekabr kuni ko‘rib chiqilgan qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni har tomonlama tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning namoyon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha shakllariga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirishga qaratilgan.

Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy printsiplari va yo‘nalishlari mustahkamlangan, vakolatli organlar tizimi keltirilgan, bu sohada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning ishtirok etishi mexanizmlari belgilab berilgan hamda xalqaro hamkorlikning ahamiyati aks ettirilgan.

Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi sub’ektlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini kuchaytirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika va hududiy idoralararo komissiyalarni tashkil etish hamda uning tarkibiga jamoat birlashmalarining vakillarini, tadbirkorlarni va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillarini kiritish nazarda tutilgan.

Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjat xususiy mulkni g‘ayriqonuniy tajovuzlardan, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlardan himoyalashga qaratilgan.

O‘zbek senatorlari fikricha, Qonunning qabul qilinishi ishchanlik faoliyatini va mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirishga, shuningdek, vatandoshlar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Tahlilchilar bir mamlakatda korrupsiyani tugatish ishi, eng avvalo, rasmiylardan katta siyosiy iroda talab qilishini aytib keladilar. Kecha qasamyodga keltirilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘z nutqlarida korrupsiyaga qarshi kurash dolzarb muammo ekaniga e’tibor qaratgan.

Mirziyoev O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida xususan: “Jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan yana bir illat – bu korrupsiya balosidir” deya o‘zbek deputatlarini “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunni tezroq amaliyotga joriy etish lozimligini aytib o‘tgandi.

Bugungi kunda korruptsiya balosi o‘zbekistonliklarni beshikdan qabrgacha ta’qib qilayotgani hech kimga sir emas.

Xalqaro tashkilotlar ham o‘z hisobotlarida O‘zbekistonni dunyoda korrupsiya eng ko‘p tomir otgan mamlakatlar qatorida sanab keladilar. Xususan, Transparency International xalqaro tashkiloti joriy yil boshida e’lon qilgan hisobotda O‘zbekiston jahondagi 168 mamlakat orasida korruptsiya darajasi eng yuqori bo‘lgan davlatlardan biri sifatida 153-o‘ringa qo‘yilgan.

Mazkur ro‘yxatda O‘zbekiston Zimbabve, Eritreya, Suriya, Turkmaniston kabi mamlakatlar qatorida keladi.

XS
SM
MD
LG