Toshkent viloyati hokimligi O‘rtachirchiq tumani markazi To‘ytepa shahriga ko‘chirilajagi to‘g‘risida Xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi ishida qatnashgan prezident Shavkat Mirziyoev bayonot berdi.
Davlat rahbari Toshkent viloyat hokimiga ko‘chish bilan bog‘liq ishlarni 1 oy muddat ichida yakunlashni topshirdi.
Toshkent viloyati hokimiyati, vazirliklar va idoralarning viloyat boshqarmalarini O‘rtachirchiq tumanining To‘ytepa shahriga ko‘chirish rejalashtirilayotgani to‘g‘risida Ozodlik 2014 yilning boshida xabar qilgan edi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Toshkent viloyatining rasmiy idoralarini poytaxtdan ko‘chirish tashabbusi bundan 30-40 yil avval ko‘tarilgan.
Biroq Toshkent shahridagi qulayliklarga ko‘nikkan va shinam kvartiralarga ega bo‘lgan amaldorlar turmush darajasi ancha past bo‘lgan hududga ko‘chish rejasiga to‘sqinlik qilib kelgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etgan Xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi lavozimiga Bobaev Shukrullo Habibullaevich nomzodi ko‘rib chiqildi va viloyat kengashi deputatlari qo‘llab-quvvatlashi bilan bir ovozdan ma’qullandi.