Линклар

Шошилинч хабар
07 июл 2022, Тошкент вақти: 00:37

Yil yakunlari: “Yevromaydon” bilan Yevropa o‘rtasida korrupsiya to‘siq bo‘lmoqda


Hindistonning Kalkutta shahrida tahsil olayotgan 17 yoshli Svyatoslav Yurash millionga yaqin hamyurti Kievda namoyishga chiqqani aks etgan videoni ko‘rganidan keyin, inqilobga aylanish arafasida turgan namoyishda shaxsan ishtirok etishga qaror qildi.

Bir kun avval, ya’ni 2013 yilning 30 noyabrida asosan talabalardan iborat yuzlab namoyishchini politsiya kaltaklagan edi. Tabiatan idealist bo‘lgan Yurash boshqa qo‘l qovushtirib o‘tira olmas edi. U Kievga uchdi va shunchaki “maydon” nomi bilan tanilgan “Mustaqillik” maydoniga oshiqdi. Tez orada u katta ta’sirga ega bo‘gan “Yevromaydon” PR agentligini yaratdi. Agentlik namoyishchilar ovozini bir necha tilda, bir necha platformada balandlatdi.

2010 yilda rossiyaparast Viktor Yanukovichning prezident etib saylangani keltirib chiqargan umidsizlik tufayli Yurash Ukrainani tark etgan edi. Maydonda endilikda bu umidsizlik ozaydi. Yurash boshqa namoyishchilar bilan birgalikda g‘arb bilan yaqindan aloqa o‘rnatishni va shaffoflikni oshirishni talab qilgan holda politsiya bilan to‘qnashar ekan, uning ichi yondi. U o‘z mamlakati nihoyat to‘g‘ri yo‘lda ekanligini his qildi. Yurash uchun bu yo‘l Ukrainani yangi demokratiya sifatida Rossiya kishanlaridan ozod etib, Yevropa tomon eltardi.

Oradan uch yil o‘tib, Yurashning ishtiyoqi g‘azabga aylandi.

Yakukovich Rossiyada surgunda bo‘lsa-da, namoyishga chiqqan aksar ukrainalik olg‘a siljish yo‘qligidan umidsizlanib, mamlakatlari namoyishlar boshlab bergan Yevropaga olib boruvchi yo‘ldan chiqib ketishi mumkinligi haqida arzlandi.

Joriy yilda inqilobdan keyin tuzilgan ikkinchi hukumat parchalanib ketdi, islohot qilish tarafdori bo‘lgan bir necha vazir va rasmiy ishdan ketdi. Ularning o‘rnini asosan o‘zgarishlarni xushlamaydigan siyosatchilar egalladi. Ular orasida prezident Petro Poroshenkoga yaqin shaxslar ham bor. Tanqidchilar Poroshenkoni Ukraina siyosatini eski holiga qaytarishda ayblamoqda.

20 ga chiqqan Yurash Ozodlik bilan suhbatda “Maydondan keyingi etakchilik Ukrainani qayta qurish umidimizni chippakka chiqardi”, dedi. “Bu odamlar mamlakatni ushlab turishibdi, ammo ularda islohot qilish istagi yo‘q”.

“Bunining o‘rniga ular odatiy korrupsion yo‘lga qaytishgan”.

Ukrainada chindan ham korruptsiya chuqur ildiz otgan. Qolaversa, ayblovchilar sobiq yoki amaldagi rasmiylarni jiddiy jinoyatlar, jumladan, “Yevromaydon” davomida 100 dan oshiq namoyishchining o‘ldirilishi uchun javobgarlikka tortgani yo‘q.

Ukraina iqtisodi esa 2014 yilgi tartibsizliklar va ular ortidan Rossiya hamda rossiyaparast ayirmachilar bilan kelib chiqqan mojarodan beri oyoqqa turgani yo‘q. Mamlakat pul birligi grivna keskin qadrsizlandi. Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, ukrainaliklarning to‘rtdan uch qismi oyiga atigi 200 dollar topadi va o‘zini kambag‘al hisoblaydi; aholining 82 foizi esa inqilobdan keyin yashash shartlari yomonlashgan, deb hisoblaydi.

“Yevromaydon”ga chiqqan namoyishchilarni ruhlantirgan idealizm o‘z kuchini yo‘qotdi. SOCIS tashkiloti o‘tkazgan so‘rov to‘rt ukrainalikning taqriban bittasi bugun ham “Yevromaydon”da ishtirok etishni istashini aniqladi. Aholi orasida hammasi joyida emas, degan fikr keng tarqalgan. So‘rovda ishtirok etganlarning deyarli yarmi 2017 yilning birinchi yarmida bunday namoyish ro‘y berishi mumkin, deb hisoblaydi.

2013-14 yillardagi namoyishlar davomida keng tarqalgan “Banditlar ketsin!” hamda “Uyat!” kabi shiorlar prezident hamda hukumatga qarshi namoyishlar davomida yana yangramoqda. 8 dekabr kuni Ukraina kasaba uyushmalari federatsiyasi olida mingdan oshiq namoyishchi deputatlar kommunal xizmatlar narxi oshishiga qaramasdan, ijtimoiy nafaqalarni oshirmagani uchun o‘zlaridan uyalishlari kerakligini aytib, ularni keskin qoralashdi. 21 noyabr, ya’ni namoyishlar boshlanganiga uch yil to‘lgan kun o‘n qanot guruhlar a’zolari Ukrainaning “jinoyatchi yetakchilari” ketishini talab qilib “Mustaqillik” maydoniga chiqishdi. 12 yil ichida ikki inqilobni boshidan kechirgan Kievda uchinchi inqilob sodir bo‘lishi mumkin ekanligi haqidagi mish-mishlar bir necha oydan beri tinchimayapti.

Sobiq jurnalist, hozir huquqshunoslik bilan shug‘ullanuvchi Mustafa Nayyem inqilobning uch yilligi arafisda Facebookda “Agar hozirgi hol davom etaversa, bizni kontrrevolyutsiya kutmoqda, deb o‘ylayman”, deb yozdi. Nayyemning 2013 yilning 21 noyabrida Facebookda yozgan posti “Yevromaydon” uchun turtki bo‘lgan, deb hisoblanadi.

Aksar ukrainalik rivojlanish asta ketayotgani uchun asosan bir shaxsni: prezident Petro Poroshenkoni ayblaydi. O‘z lavozimidan ketgan bir necha islohotchi siyosatchi Poroshenko yaqinlarini korrupsiya va tanish-bilishchilikka qarshi kurashga to‘sqinlik qilishda ayblab keladi. Yaqinda mamlakatdan o‘z xohishi bilan chiqib ketgan parlament a’zosi prezident va uning yaqinlarini keng qamrovli korruptsiyada aybladi. Poroshenko ma’muriyati esa bu ayblovlarni keskin rad etadi.

Kelib chiqishi litvalik bo‘lgan sobiq iqtisod vaziri Ayvaras Abromavichus fevral oyida Poroshenko hamkorlari uchun “qo‘g‘irchoq” bo‘lishni istamasligini aytib, Ukraina hukumatidan ketdi. Abromavichus prezident tarafdorlarini iqtisodiy islohotlarga to‘sqinlik qilishda hamda o‘zini hukumat boshqaruvidagi shirkatlardagi yuqori lavozimlarni shubhali shaxslarga berishga majburlashda aybladi.

Prezident tomonidan Odesssa gubernatori etib tayinlangan Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili o‘tgan oyda Poroshenko va uning sheriklarini korrupsiyada ayblab, lavozimidan ketdi. Saakashvilining “Men ukrainman” videosi bilan tanilgan hamkori Yuliya Marushevska Ozodlik bilan suhbatda Odessa viloyatida islohot qilish uchun o‘zi va Saakashviliga berilgan “yashil chiroq qizil chiroqqa aylanganini” aytdi. Marushevskaning aytishicha, ular ish boshlaganlaridan keyin Poroshenkoning hukumatdagi sheriklarida, xususan, bosh vazir Volodimir Xroysmanda siyosiy ishtiyoq hamda o‘zgarish istagining umuman yo‘qligini kuzatishgan. Marushevska Saakashvili ketganidan bir hafta o‘tib lavozimini bo‘shatdi.

Kievdagi “Fuqaroviy tozalash qo‘mitasi” direktori, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi faol Oleksandra Drikning aytishicha, Poroshenko hamda Xroysman hukumati ham Ukrainani qo‘llovchi g‘arb mamlakatlariga xush kelish uchun ozgina islohot qilishga, ham mamlakat 1991 yil mustaqil bo‘lganidan beri oligarxlarni boyitib hamda hukumat sandiqlarini bo‘shatib kelayotgan “eski, korrupsion” tuzumni saqlab qolishga urinmoqda.

Tabiiyki, ayrim to‘siqlarni bartaraf etish faqat Kiev qo‘lida emas. Yanukovich qulatilib, Kreml Qrimni anneksiya qilib olishi ortidan Ukraina sharqida yuzaga kelgan, hozirgacha davom etayotgan urush Ukrainada islohot qilishni sekinlatmoqda. 6 dekabr kuni urush frontiga borgan Poroshenko 2014 yil aprelida boshlanib, 31 oydan beri davom etayotgan to‘qnashuvlar natijasida 10 mingdan oshiq odam, jumladan, kamida 2500 askar hamda 7500 oddiy fuqaro halok bo‘lganini aytdi. Moskva mazkur urush yordamida Ukrainani beqarorlashtirib, istagan paytida urushni alanglatib keladi. Prezident Proshenkoning aytishicha, urush tufayli Ukraina kuniga 5 million dollar yo‘qotmoqda.

G‘arb mamlakatlari Kievni qo‘llab keladi. Ammo ikki g‘arblik diplomat Ozodlik bilan suhbatda Vashington hamda Bryussel Kievdagi sekin rivojlanishdan hamda Poroshenko islohot qilishni ismayotganidan norozi ekanligini aytishdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi rasmiylari noyabr oyida Kievga tashrif buyurishdi, ammo korruptsiyaga qarshi kurashish hamda yuqori lavozimli poraxo‘rlarni javobgarlikka tortish uchun muayyan chora ko‘rilishi kerakligini aytib, mamlakatga yangi moliyaviy yordam berishni va’da qilishmadi. Yevropa auditorlari sudi 7 dekabr kuni e’lon qilgan hisobotda yozilishicha, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga ajratgan mablag‘ “oz samara bergan” xolos.

Prezident ma’muriyati yetakchisi o‘rinbosari Dmitro Shimkiv Ozodlikka bergan intervьyusida “shoshish o‘rniga bir maromda olg‘a siljish muhimdir”, dedi. “Agar biz to‘xtab qolsak, mamlakat qiyin ahvolda qoladi. Ortga yo‘l yo‘q, deb o‘ylayman”, deya so‘zini davom ettirdi rasmiy.

Ukraina faqat muammo ichida qolgani yo‘q. Mamlakat korruptsiyaga qarshi yangi agentliklarni tuzishga, rasmiylar mulki hamda hukumat xaridlarini yoritish elektron tizimini kiritishga, armiyasini zamonaviylashtirishga hamda Rossiyaga bo‘lgan energiya qaramligini ozaytirishga (Kiev bir yildan oshiq vaqtdan beri Rossiya gazini sotib olgani yo‘q) muvaffaq bo‘ldi.

Eng ko‘zga ko‘rinarli islohot esa poraxo‘r va johil xodimlari bilan nom chiqargan politsiya kuchlaridagi o‘zgarishlardir. “Yevromaydon”dagi hodisalar haqida Twitterda yozib tanilgan 25 yoshli faol Katerina Kruk “Uch yil avval politsiyaga qarshi turgan edik. Endilikda ular uchun turibmiz”, dedi.

Dekabr oyida hukumat bir necha yirik islohotni qabul oldi. Kelib chiqishi AQShlik bo‘lgan sog‘liqni saqlash vaziri Ulyana Suprun Ozodlik bilan suhbatda bu islohotlar Ukrainaning byurokratik hamda korruptsion sog‘liqni saqlash tizimini o‘zgartirishiga ishonishini aytdi. “Yevromaydon”da tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim rol o‘ynagan Suprun 1 yanvar kuni kuchga kiradigan islohotlar barcha ukrainaliklarni dastlabki hamda tez tibbiy yordam bilan ta’minlashini qo‘shimcha qildi.

Ukraina rasmiylari yuqorida aytib o‘tilgan islohotlar Yevropa Ittifoqiga o‘z mamlakatlari o‘zgacha munosabat qilishga arzishini ko‘rsatishiga umid bog‘laganlar. Yaqindagina ukrainaliklarga Shengen hududiga vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi kelishuv imzolandi. Yevropaga vizasiz sayohat qilish imkoniyati “Yevromaydon” namoyishlarining asosiy talablaridan biri edi.

Ammo bu o‘zgarishlar umidsizlangan ukrainaliklarni o‘z mamlakatlarida hali o‘zgarishlar davom etishiga ishontira olmaydi.

Abromavichus sobiq bosh vazir Arseniy Yatsenyuk hukumatini nazarda tutgan holda “Haqiqiy islohotlarga bo‘lgan umid “super jamoa” tarqab ketganidan keyin puchga chiqdi”, dedi. Mazkur hukumat a’zolari orasida Abromavichus bilan bir qatorda Amerikada tug‘ilgan moliya vaziri Natalьya Yaresko ham bor etdi. Mazkur hukumat joriy yilning aprel oyida tarqab ketdi.

2016 yil o‘z yakuniga yaqinlashar ekan, Yurash bir paytlar o‘zining “Yevromaydon” PR amaliyoti markazi bo‘lgan kasaba uyushmalarining kuyib ketgan binosi oldida o‘tirib, kelajakka optimizm bilan qarashini aytdi. Ammo faol Ukraina rasmiylari uning ishonchini oqlamaganini hamda o‘zlariga berilgan imkoniyatni qo‘ldan boy berishganini ta’kidladi.

“Hozirgi rasmiylar yangi Ukrainaning asoschilari o‘laroq tarixda qolish imkoniyatini qo‘ldan boy berishdi. Poroshenko Ukrainaning Jorj Vashingtoni bo‘lishi umkin edi. Ammo u bu imkoniyatni foydalana olmadi”.

XS
SM
MD
LG