Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:07

Qrimlik O‘zbekistonga jo‘natilishini istamay ochlik aksiyasi o‘tkazmoqda


Qrimlik Nedim Xalilov O‘zbekistonga deportatsiya qilinayapti
Qrimlik Nedim Xalilov O‘zbekistonga deportatsiya qilinayapti

Taniqli qrim-tatar faoli Nedim Xalilov Qrimdagi Simferopol shahri sudi qarori bilan O‘zbekistonga deportatsiya qilinadigan bo‘ldi. Bir oy oldin e’lon qilgan ochlik aksiyasini davom ettirayotgan qrimlik faol O‘zbekistonda tug‘ilgan. Lekin bu mamlakatdan 1991 yilda ko‘chib ketgan Xalilov o‘zini O‘zbekiston fuqarosi, deb hisoblamaydi va fuqaroligi yo‘q shaxs, deb tan olinishini talab qilib kelmoqda. Xalilovning himoyachilari esa, shu tariqa rus maxfiy xizmatlari Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Qrimdagi tatarlar huquqlarini himoya qilib kelgani uchun uni o‘z yurtidan chiqarib yuborayotganini gapirmoqda.

Rossiyada o‘z faoliyati uchun taqiqlangan qrim-tatarlar Milliy majlisi raisi Refat Chubarov o‘zining Feysbukdagi sahifasida rus hukumatini Majlis a’zosi Nedim Xalilovni noqonuniy tarzda O‘zbekistonga deportatsiya qilayotganlikda aybladi.

“Nedim Xalilov 1959 yilda O‘zbekistonda, Qrimdan 1944 yilning 18 mayida badarg‘a qilingan qrim-tatarlari oilasida, tug‘ilgan. Sovet hukumati qarshiligiga qaramasdan Nedim Xalilov avval 1986 yilda o‘zining ota yurtiga qaytishga uringan, 1991 yildan esa u yerda doimiy yashashga o‘tgan. Bugunga qadar u tinch va kuch ishlatmaslik usullari bilan qrim-tatar xalqi huquqlari uchun kurashib keldi. Qrim-tatar xalqining huquqlari poymol etilishiga javoban u Ukraina vatandoshligini olmasdan kelgan va allaqachon tarqab ketgan SSSR pasportidan foydalanib kelgan”, deb Nedim Xalilov ota-onasi kabi o‘z tarixiy vatanidan ikkinchi marotaba haydalayotganini yozgan Refat Chubarov.

Majlis raisi so‘zlariga ko‘ra, Nedim Xalilov Qrim yarim orolining Rossiya tomonidan qo‘shib olinishi ortidan ham yangi hukumat pasportini olishga shoshilmagan: u vatandoshligi yo‘q shaxs maqomini berishni so‘rab, mahalliy idoralarga murojaat qilgan.

Ammo, joriy yilning 7 noyabrida Simferopol shahri Jeleznodorojniy tuman sudi qarori bilan Nedim Xalilovni O‘zbekistonga deportatsiya qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. Sochi yaqinidagi Vardane qo‘rg‘onidagi Xorijliklarni saqlash deportatsiya markaziga yuborilgan Nedim Xalilov ochlik e’lon qildi.

Nedim Xalilov himoyasini o‘z zimmasiga olgan taniqli advokat Dagir Xasavov himoyasidagi shaxsning O‘zbekistonga berib yuborilishiga hech qanday huquqiy asos yo‘qligini Ozodlikka gapirdi.

Advokat kuni-kecha 38 kundan buyon ochlik aksiyasi o‘tkazayotgan Nedim bilan uchrashgani va uning ahvoli o‘ta og‘ir ekanini tasdiqlab, dedi:

- U 20 kilodan oshiqqa ozib ketdi. Tirik murdaga o‘xshab qolgan – yura olmaydi, gapira olmaydi, eshitish va ko‘rish qobiliyati yomonlashgan. Bu inson o‘lim yoqasida turibdi! U Rossiya bosh prokuroriga qilgan murojaatida ocharchilikni to‘xtatmasligini bildirgan. U o‘z yurtiga, ota-onasi ko‘milgan joyga qaytarilishi va o‘zini qrim tatari ekanini e’tirof etishni talab qilmoqda. U boshqa hech narsa talab qilayotgani yo‘q, dedi advokat Dagir Xasavov.

N.Xalilov advokat D.Xasavov bilan deportatsiya markazida
N.Xalilov advokat D.Xasavov bilan deportatsiya markazida

Himoyachi O‘zbekiston tarafi Xalilovni o‘z vatandoshi sifatida tan olsagina uni deportatsiya qilish uchun asos paydo bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

“Ammo O‘zbekistonga hozirgi vaziyatda bunday siyosiy janjalga bosh tiqishdan na hojat?!”, deya davom ettiradi Dagir Xasavov.

- Ular O‘zbekiston elchixonasiga uning vatandoshligini tasdiqlab so‘rovnoma yuborganiga shaxsan guvohman. Ular hozircha javob berganicha yo‘q. Agarda Toshkentdan bunday tasdiq kelsa, Xalilov shu zahotiyoq deportatsiya qilinadi. Agarda o‘zbeklar uni o‘z vatandoshi sifatida qabul qilmasa, uni qo‘yib yuborishlari va Qrimga qaytarishlari lozim. Uchinchi holat ham bor – O‘zbekistondan hech qanday javob kelmasa, Xalilov deportatsiya markazida yana 2 yilcha qolishi mumkin, dedi advokat Dagir Xasavov.

Material efirga uzatilayotganida, ya’ni 29 dekabr kuni, Nedim Xalilov Ichki ishlar vazirligidan kelgan buyruqqa binoan Rostov viloyati Gulkevichi qo‘rg‘onidagi filьtratsiya lageriga o‘tkazilayotgani xabari Ozodlikka yetkazildi.

“Qrim tatarlari resurs markazi” 600 kilometrli etapga ochlik aksiyasi o‘tkazayotgan mahbus Nedim Xalilov bardosh bera olmasligini bildirmoqda. Qrim tatarlari Milliy majlisi Nedim Xalilovning O‘zbekistonga deportatsiya qilishga harakatni qoralab, maxsus bayonot ham tarqatdi.

Buxoroda tavallud topgan 57 yoshli Nedim Xalilovning Qrimda farzand-nabiralari qolgani Ozodlikka ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik Rossiya hukumati tomonidan deportatsiya qilinayotgan o‘zga davlat vatandoshlari taqdiri borasida xabar berib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG