Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:01

Mirziyoev: 2016 yildagi "sinovlar el-yurtimizni yanada birlashtirdi"


O‘zbekiston xalqini yangi yil bilan televidenie orqali shaxsan o‘zi tabriklagan Shavkat Mirziyoevga ko‘ra, 2016 yilda mamlakatga kelgan "og‘ir tashvish va sinovlar" xalqni "yanada birlashtirdi".

14 dekabrda prezident etib saylangan prezidentning o‘zbek va rus tillaridagi tabrigi O‘zbekiston davlat televideniesi orqali 2017 yilga kirish arafasida namoyish etildi.

Tabrik matni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan e’lon qilindi.

"Poyoniga yetayotgan 2016 yilda yurtimiz hayotida yaxshi kunlar, ulkan yutuq va marralar ko‘p bo‘ldi. Shu bilan birga, afsuski, boshimizga og‘ir tashvish va sinovlar ham tushdi. Lekin bu sinovlar el-yurtimizni yanada birlashtirdi. Mard xalqimizning matonati tufayli biz bu sinovlardan ham munosib o‘tdik," dedi Toshkent markazidagi Oq Saroy o‘ngida turib gapirgan Shavkat Mirziyoev.

Shavkat Mirziyoev "og‘ir tashvish va sinovlar" nimalarda aks etganinga izoh bergani yo‘q.

Biroq uning mazkur so‘zlaridan 2 sentyabrda vafot etgan Islom Karimovni nazarda tutganini anglash mumkin.

Mirziyoev 2016 yilni "barcha... yorug‘ yuz bilan" yakunladi deya qayd etdi.

"O‘tayotgan yilni dehqon va fermerlarimiz, ishchi va quruvchilar, o‘qituvchi va shifokorlar, jasur harbiylarimiz, olimlar, ijodkor ziyolilar – barcha kasb egalari o‘z sohalari bo‘yicha yorug‘ yuz bilan yakunladilar," - dedi Shavkat Mirziyoev.

U o‘z chiqishida, shuningdek, O‘zbekiston sportchilarining 2016 yil Rioda o‘tgan Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlarida erishgan yutquqlarini alohida ta’kidladi.

"Bir so‘z bilan aytganda, o‘tib borayotgan yildan rozi bo‘lib, har qancha shukrona aytsak arziydi," dedi O‘zbekiston prezidenti.

U “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlangan 2017 yilda "rahbar va yetakchilarning bir jonu bir tan bo‘lib, astoydil mehnat qilishlariga ishonaman," deb aytdi.

Shavkat Miriziyoev hukumatning asosiy vazifasi "tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash" bo‘lib qolishini urg‘uladi.

Yangi yilga o‘tar kechasi davlat rahbarining xalqni televidenie orqali shaxsan o‘zi tabriklashi O‘zbekiston 1991 yilda mustaqil bo‘lganidan buyon ilk bor kuzatilmoqda.

Marhum prezident Islom Karimov davrida uning yangi yil tabrigi doimo davlat televideniesining boshlovchisi tomonidan o‘qib eshittirilardi.

XS
SM
MD
LG