Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 17:11

O‘zbekistonda aptekalar prezident qarorini bajara olmayapti


O‘zbekistondagi aptekalar dori-darmonni bir xil narxda sotishni 1 yanvardan boshlab yo‘lga qo‘ya olmadi. Aptekachi- tadbirkorlar fikricha, buni amalga oshirish uchun 3-4 oy vaqt lozim. Prezident qaroriga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab, 167 turdagi dori va 22 turdagi tibbiyot asbob-uskunalari uchun arzonlashtirilgan davlat narxi belgilanishi lozim edi.

“Dorilar arzonlagani yo‘q”

Toshkentda yashovchi Nargiza ismli ayolning aytishicha, 1 yanvardan boshlab, arzonlashtirilgan narxda sotilishi lozim bo‘lgan dorilar ro‘yxatidagi ikkita dorini izlab, aptekalarni aylangan, lekin arzon narxda topa olmagan:

“Menga flukonazol rastvori bilan piratsetam ampulasi kerak edi. Bular 1 yanvardan arzonlashishini eshitib, ikki kun kutdim. Kecha ham, bugun ham bir nechta aptekaga kirdim. Ko‘pchiligida bu dorilar yo‘q ekan. Borlari ham eski narxda sotilayapti ekan. Izlab-izlab topa olmagach, baribir ularni eski narxda olishga majbur bo‘ldim. Flukonazol rastvorni 9 ming so‘m, piratsetam ampulasini 5,500 so‘mga oldim. Bu dorilar avval ham shu narxda sotilayotgan edi”, dedi Nargiza Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

“Dorilarni birdaniga arzonlata olmaymiz”

Toshkent shahridagi apteka egalari Ozodlik bilan suhbatda dori-darmonlarni arzonlashtirilgan, davlat narxida sotish borasidagi prezident qarorini bajarish uchun ularga 3-4 oycha vaqt kerakligini aytishdi:

“Bu srazu, 10 kunda bo‘ladigan ish emas. Bu jarayonga asta-sekinlik bilan o‘tiladi. Ro‘yxatdagi 167 turdagi dorini birdaniga yangi narxda sota olmaymiz. Ro‘yxatdagi dorilar mahalliy va Yevropada ishlab chiqarilgan dorilar. Oldin olingan dorilarni arzon narxda sotsak, bankrot bo‘lishimiz mumkin. Faqat firmalardan endi oladigan dorilarimizni yangi narxdan sotishimiz mumkin. Lekin bunga ancha vaqt kerak. Hisob-kitobimizcha, aprel yoki maydan boshlab barcha dorilarni yangi narxda sotishni to‘la yo‘lga qo‘yishimiz mumkin. Hozircha, ro‘yxatdagi 8 xil turdagi dorimiz tugagan, shularni firmadan arzon narxda olsak, 2-3 kun ichida yangi narxda sotishni boshlashimiz mumkin”, dedi poytaxtdagi apteka egalaridan biri.

Boshqa bir aptekachining aytishicha, ular 167 turdagi dorining yangi narxlari borasidagi ma’lumotlarni hali olganicha yo‘q:

“Bizga hali spiska berilmadi. Shuning uchun bu dorilarni qancha puldan sotishni ham bilmayman. Lekin bu dorilarni 1 yanvardan 100 foiz yangi narxda sotish mutlaqo imkonsiz. Bizga oldin firmalardagi narxlarni normal qilib qo‘yishlari kerak. Hamma aptekachilar firmalardan optom olishadi. Hali firmalar oldingi narxda berayapti. Shuning uchun aptekalar ham avvalgi narxda sotishga majbur”, dedi aptekachi yigit.

“Firmalarga ham vaqt kerak”

Dori-darmonlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi firmalardan birining xodimi ham prezident qarorida belgilangan dorilarni yangi narxda sotish uchun vaqt kerakligini aytdi:

“Biz yangi tartib bo‘yicha eng ko‘pi 15% ustama qo‘yishimiz mumkin. Bu ulgurji korxonalar uchun belgilangan narx. Lekin skladimiz oldin olingan dorilar bilan to‘la. Ularni qimmat olganmiz. Ustiga 15 % qo‘yib sota olmaymiz. Oldin skladdagi dorilarni tugatib, keyin yangidan olingan vaqtda yangi narx bo‘lishi mumkin. Noyabrning o‘rtasida ulgurji dori sotadigan firmalar uchun majlis o‘tkazib, 1 yanvardan yangi narxda sotasizlar dedi. Lekin buni bajarish imkonsiz. Ulgurji firmalar hozircha yangi narxda aptekaga yetkazib berishi mutlaqo noreal”, dedi Toshkentdagi dorilar savdosi bilan ulgurji shug‘ullanuvchi firma xodimi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan.

O‘zbekiston hukumatining 2016 yil 31 oktabrdagi qaroriga ko‘ra, 2017 yil 1 yanvaridan boshlab, eng zarur va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan 167 xil dori va 22 xil tibbiy mahsulotlar davlat tomonidan belgilangan narxda sotilishi lozim edi.

"2017 yilning 1 yanvaridan chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilishi belgilanmoqda", deyilgan qaror sharhida.

O‘tgan yili ushbu ustamalar miqdori 25%ni tashkil qilgan.

Qarorga ko‘ra, davlat belgilagandan ortiq narxda dori sotgan aptekachilar javobgarlikka tortilishi lozim.

Bugungi kunda bu talabni bajara olmayotgan shaxslarlarga nisbatan biror jazo beriladimi yoki yo‘q bunisi hozircha noma’lum.

2 yanvar- O‘zbekistonda dam olish kuni bo‘lgani bois mutasaddi idoralardan bu borada biror ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Dori-darmonlar bilan bog‘liq yangi qaror nazorati bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov va bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromov boshchiligidagi maxsus komissiya zimmasiga yuklatilgan.

Ushbu qarorni amalga oshirish harakatlari Rossiyadan 167 xil dori-darmon va 22 turdagi tibbiyot asboblarini sotib olishda ko‘mak so‘rashdan boshlandi. Noyabr oxirida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ro‘yxatdagi dori-darmonlarni rus shirkatlaridan sotib olishda yordam so‘rab, Rossiyaning savdo vakolatxonasiga xat yo‘lladi. Rossiyadagi dori ishlab chiqaruvchilar esa O‘zbekistonda valyutani konvertatsiyalash muammolari borligi bois ushbu so‘rov amalga oshishiga shubha bildirishdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 132 ta farmatsevtika korxonasi bo‘lib, ularda 2 ming turdan ziyod dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.

2016-2020 yillarda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish dasturiga muvofiq, 67 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu loyihalar natijasida import o‘rnini bosadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni 2,5 barobar oshirish rejalangan.

O‘zbekistonda 8472 xususiy dorixona va “Dori-darmon” kompaniyasiga qarashli 1437 dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG