Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:36

O‘qituvchilar “Navbahor” futbol klubi uchun homiylikka majburlanmoqda


"Navbahor" stadioni
"Navbahor" stadioni

Namangan viloyati futbol klubi “Navbahor”ni moliyalash uchun o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘ilayotgani haqida To‘raqo‘rg‘on tumani maktablaridan birida ishlaydigan muallim xabar qildi. Ozodlik suhbatlashgan boshqa o‘qituvchilar ham “Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi”ga majburiy pul yig‘ilganidan so‘ng, navbat “Navbahor”ni o‘qituvchilar hisobidan moliyalashga kelganini aytdi.

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchining aytishicha, tuman hokimi barcha maktablarga “Navbahor” futbol klubi uchun pul yig‘ish topshirig‘ini bergan:

“Maktabimiz direktori bugun tuman hokimining navbatdagi buyrug‘ini aytdi. Biz, o‘qituvchilar “Navbahor” futbol klubi uchun 17 ming so‘mdan topshirishimiz kerak ekan. Nega 15 yoki 20 ming emas, balki 17 ming so‘mdan deb so‘rasak, tuman topshirishi kerak bo‘lgan pulni barcha maktablar o‘qituvchilariga bo‘lib chiqsa, 17 ming so‘mdan tushar ekan. Endi biz plastik kartochkalarimizdan 17 ming so‘mni bir kishining kartochkasiga “klik” qilib o‘tkazishimiz kerak ekan, u keyin borib “Agrobank”ka o‘tkazib keladi ekan”, dedi o‘qituvchi.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa o‘qituvchining aytishicha, har oy ular maoshining 10 foizi ana shunday majburiy to‘lovlar uchun sarf bo‘ladi:

“Buni qarang, bizda vodoprovod yo‘q, kanaldan suv ichamiz. Lekin o‘qituvchilar har oy 10 ming so‘mdan ichimlik suv uchun pul o‘tkazishi kerak ekan. Bolalar sportiga deb yaqinda har bir o‘qituvchidan 32 ming so‘mdan olishdi. O‘tgan yilning oxirida “Akva” lampochkalaridan 2 tadan sotib olishga majburlashdi. Bunga ham 40 ming so‘m ketdi. Kuni kecha esa Namangan shahri haqida kimdir, qanaqadir kitob chiqaribdi. Shunga ham majbur 15 ming so‘mdan to‘lattirdi. O‘qituvchining maoshi o‘zi bir tutam, lekin hokimiyat bizni tekin mardikorga aylantirgani yetmagandek, endi har oy turli xil tadbirlar va xayriya fondlari uchun maoshimizning kamida 10 foizini urib qolmoqda”, dedi o‘qituvchi.

To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi o‘qituvchilarga turli xil o‘lponlar solinayotganini tasdiqladi:

“To‘g‘ri, yaqinda “Bolalar sportini rivojlantirish” jamg‘armasiga deb barcha byudjetdagi tashkilotlardan pul yig‘ib berdik. Endi, “Navbahor” futbol klubi uchun yig‘inglar, degan topshiriq kelgan. Endi bu, elga kelgan to‘y. Har yili bo‘ladigan narsa. Viloyat hokimining buyrug‘ini biz bajarishga majburmiz”, dedi hokimlik mulozimi.

Ozodlik “Navbahor” futbol klubi bilan ham bog‘landi. O‘zini klub rahbari o‘rinbosari Muhiddin deb tanishtirgan mulozimning aytishicha, viloyat hokimligi “Navbahor”ning homiysi sifatida bu ishlarni amalga oshiryapti:

“Viloyat hokimligi bizning yagona homiy hisoblanadi. Endi u kimdan yig‘yapti, qanday yig‘yapti bizning xabarimiz yo‘q. Lekin klub o‘zini o‘zi ta’minlay olmasligi aniq. Hozir komandamizning ahvoli yaxshi emas. O‘yinlarga juda nari borsa 2-3ming muxlis kelyapti”, dedi klub raisi o‘rinbosari.

Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchilar “Navbahor” o‘yinlarini doim tomosha qilish uchun chiqarilgan abonentlik chiptalari ularga o‘tgan yili majburan sotilganini aytdi.

Namangan viloyati hokimligidan o‘qituvchilarning majburiy homiylikka majburlanayotgani masalasiga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

“Navbahor” futbol klubini moliyalashtirishga byudjet tashkilotlari xodimlari va tadbirkorlarning majburlanayotgani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG