Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 03:28

Toshkentdan qochgan Karimovaning jiyani Akbarali Abdullaev Kievda ushlandi


Ukraina poytaxti Kiev sudi ko‘p million dollarlik iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston vatandoshi Akbarali Abdullaevni hibsda ushlash to‘g‘risida qaror chiqardi. 33 yoshli Abdullaev O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning bevasi Tat’yana Karimovaning jiyanidir.

Abdullaev nomi O‘zbekiston mustaqilligi yillarida korrupsiyaga bog‘liq eng yirik mahkama jarayonlaridan biri markazida turadi.

Akbar Abdullaev 2013 yil 10 oktabrda og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, shaxsan Islom Karimovning buyrug‘i bilan hibsga olingan va 2014 yil noyabrida noma’lum muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Ozodlik oxirgi uch hafta davomida Akbar Abdullaevning O‘zbekistondan qochib ketgani borasida jurnalistik tekshiruv olib borayotgan edi.

Tutilish

Kiev shahar Solomyanskiy tuman sudi matbuot xizmati Ozodlik savoliga javoban qo‘lga olingan shaxs Akbarali Abdullaev ekanini tasdiqladi.

“Ha, O‘zbekiston Respublikasidan Abdullaev Akbar Ibodulla o‘g‘li. Kiev shahridagi 13 raqamli tergov izolyatorida saqlanayapti,” – dedi Solomyanskiy sudi matbuot xizmati vakili.

Kiev sudi matbuot xizmatining 19 yanvar kuni bildirishicha, Akbarali Abdullaevning yonidan Dominikan Respublikasi va O‘zbekiston pasportlari topilgan.

Kiev shahar prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Nadejda Maksimets Interpolning Ukraina byurosi ma’lumotiga tayanib, Ozodlikka qator iqtisodiy jinoyatlarda aylangan Abdullaevning qidiruvda bo‘lganini aytdi.

- U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-, 178-, 209- va 243- moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlanmoqda. Ushlangan paytda uning yonida O‘zbekiston va Dominikan Respublikasi pasportlari bo‘lgan. Endi uni ekstraditsiya etish masalasida O‘zbekistondan talab bo‘lgunga qadar uni vaqtincha qamoqda ushlab turish qarori olindi, - dedi Nadejda Maksimets.

Ukrainaning Fakty.ua nashri xabariga ko‘ra, Akbar Abdullaev bir necha kun avval Karib orollaridan biri - Muqaddas Martinda joylashgan Malika Juliana xalqaro aeroporti orqali Ukrainaga kirgan.

Kiev aeroportida pasport nazoratidan o‘tayotgan paytida chegarachilar uning Interpol qidiruvida ekanini aniqlagan va qo‘lga olgan.

Qochish

Акбарали Абдуллаев Тошкентда яшаган маҳалла
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:34 0:00

Oxirgi uch hafta davomida Ozodlik Akbarali Abdullaevning O‘zbekistondan noqonuniy yo‘llar bilan chiqib ketgani borasida jurnalistik tekshiruv olib borayotgandi.

Tekshiruv jarayonida Ozodlik mobil muxbiri Akbar Abdullaevning Toshkentdagi uyini aniqlashga va video tasvirga olishga ham muvaffaq bo‘ldi.

Akbarali Abdullaevning prezident Islom Karimov 2 sentabrda vafot etishidan ko‘p o‘tmay O‘zbekistondan qochib chiqqani haqida Ozodlikka O‘zbekiston chegara xizmati, ichki ishlar va Karimova oilasiga yaqin bir-biridan mustaqil bir necha manba ma’lum qilgandi.

Mazkur manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Akbarali Abdullaev ichki ishlar va chegara xizmatlarining bir necha mas’ul xodimiga yirik miqdorda pora berish evaziga aylanma yo‘llar bilan O‘zbekistondan avval Qozog‘iston janubiga, so‘ngra uchinchi davlatga chiqib ketgan.

Dekabrning o‘rtalarida Chernyaevka, Qoplonbek, Mayskiy, Yallama propusknoy punktlarida qattiq tekshiruvlar va ishdan olishlar boshlandi. Keyin surishtirsak, shu Akbarali Keles orqali Qoplonbekdan o‘tib ketgan shekilli,” – deya ma’lum qildi O‘zbekiston chegara xizmatchilaridan biri Ozodlik muxbiriga.

Ichki ishlardagi bir necha manbaning aytishicha, Akbarali Abdullaev g‘oyib bo‘lishidan ko‘p o‘tmay qator chegara xizmatchilari va militsiya xodimlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Akbar Abdullaev uyining sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi
Akbar Abdullaev uyining sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi

Jumladan, Toshkent shahar pasport stollaridan birida ishlovchi militsiya zobitining aytishicha, shaharning Yakkasaroy tumani pasport stoli boshlig‘i Akbarali Abdullaevga pasport tayyorlab bergani uchun vazifasidan bo‘shatilgan va hibsga olingan.

Akbarali Abdullaevga yaqin manbalardan birining Ozodlikka aytishicha, Abdullaev 2016 yil yozida, amnistiyaga binoan, mamlakatni tark etmaslik sharti bilan qamoqdan chiqarilgan.

“Derzkiy Akbar”

Iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib bir necha yil umrini panjara ortida o‘tkazgan ikki shaxsning Ozodlikka aytishicha, Akbarali Abdullaev bir muddat Qashqadaryo viloyatidagi 64/61 sonli umumiy tartibli Shayxali koloniyasida saqlangan.

"Shayxalida birga o‘tirdik. Juda qaytmas yigit edi. Akbarni, yosh bo‘lishiga qaramay, nozirlar ham, mahkumlar ham hurmat qilishardi. Mahkumlar orasida "Akbar derzkiy" degan laqab olgandi," - deydi sobiq mahkumlardan biri.

Uning ilova qilishicha, qamoqxona ma’muriyati ham Akbarali Abdullaev bilan "o‘ta hurmat bilan" munosabatda bo‘lgan.

"Quvasoy mafiyasi"

Akbarali Abdullaev 2014 yil noyabrida “Quvasoy mafiyasi” deb nom olgan yirik guruh ustidan bo‘lib o‘tgan mahkamalar silsilasi jarayonida Ozodlikka noma’lum muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Mazkur mahkamalar O‘zbekiston tarixida iqtisodiy jinoyatlarga bog‘liq eng yirik mahkamalar sirasiga kiradi.

Ozodlik ixtiyorida mavjud hujjatlarga ko‘ra, mazkur mahkamalarda jami 56 kishi javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, 6627-sonli jinoyat ishida "jinoiy guruh rahbari" Akbarali Abdullaevning o‘z qo‘li ostidagilardan "jinoiy faoliyatdan olingan 800 million dollardan ko‘proq daromadni" o‘zlashtirgani ta’kidlangan.

Sobiq prezidentning qayinsinglisi Tamara Sobirovaning o‘g‘li bo‘lgan Akbarali Abdullaevga Farg‘ona shahar prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 164-¸ 184-moddalari bo‘yicha talon-taroj va soliq to‘lamaganlik ayblari bilan jinoiy ish ochgan. Keyinchalik Bosh prokuratura bu ayblar ustiga pora olishga oid 210-moddani ham qo‘shgan.

2012 yilga qadar Farg‘ona vodiysidagi serdaromad biznes tizimlarini to‘liq nazoratida ushlab kelgani aytiladigan Akbarali Abdullaev biznes imperiyasi tarkibida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi¸ Quvasoy sement zavodi¸ "Farg‘ona tekstil", "Silver Silk", "Kvarts", "Quvasoy tekstilь","Quvasoypromstroy" kabi fabrika va shirkatlar¸ o‘nlab savdo majmualari¸ "Osiyo" mehmonxonalar tarmog‘i bo‘lgan.

Ayni paytda Germaniya fuqaroligini ham olgani aytiladigan Akbarali Abdullaevning Yevropada ko‘plab qimmatbaho ko‘chmas mulki bo‘lgani aytiladi.

"Uni o‘g‘lim derdi"

Akbar Abdullaevning Toshkentdagi uyi gumbazi
Akbar Abdullaevning Toshkentdagi uyi gumbazi

2012 yilda qator biznes sheriklari hibsga olinishi ortidan O‘zbekistonni tark etgan Akbarali Abdullaev¸ Gulnora Karimovaning iddaosicha¸ xolasi Tat’ana Karimova qamalmasligiga kafolat berganidan so‘ng vatanga qaytgan.

Ammo, ayrim norasmiy manbalarga ko‘ra¸ u 2013 yil 10 oktyabrda shaxsan prezident buyrug‘i bilan qamoqqa olingan.

Prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova o‘z Twitter yozishmalarida Akbarali Abdullaevning o‘zlashtirilgan katta miqdordagi pullarni xolasi¸ prezidentning rafiqasi Tatyana Akbarovnaga berib kelganini iddao qilgan edi.

Jumladan 2013 yilning 23 noyabr kungi tvitlaridan birida 10 oktabr kuni qamoqqa olingan Akbaralini onasi Tat’yana Karimova o‘g‘il o‘rnida ko‘rganini yozgan edi:

"Uni o‘g‘lim derdi, u onam bilan har kuni bizdan ko‘ra ko‘proq birga bo‘lardi. Barcha buyruqlarini bajarardi. Yevropa, Isroil, Moskva, Turkiyadan oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik buyumlari, ustalarni onam uchun muhayyo qilgan".

XS
SM
MD
LG