Линклар

Шошилинч хабар
25 июн 2022, Тошкент вақти: 17:03

23 yil taqiqlangan Sherali Jo‘raev milliy telekanalda chiqdi (VIDEO)


Hofiz Sherali Jo‘raev Milliy TVda

O‘zbekiston Xalq artisti, sevimli hofiz Sherali Jo‘raevning ijodiy kechasiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv 21 yanvar oqshomida Milliy TVda namoyish qilindi. Qariyb bir soat davom etgan ko‘rsatuvda Jo‘raevdan tashqari O‘zbekiston televideniesida namoyishi taqiqlangan yana bir necha ijodkor ko‘rsatildi.

1993 yildan buyon, nafaqat tele-radiokanal, balki katta sahnalarda ham kuylashi taqiqlab qo‘yilgan hofiz Sherali Jo‘raevning 50 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tgan yilning aprel oyida Toshkentdagi International mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan edi.

Oradan 9 oy o‘tgach, Milliy TVda ushbu kechaga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish qilindi.

Ko‘rsatuv o‘tgan yili avgust oyida ish boshlagan yangi - Milliy TV musiqiy-ko‘ngilochar telekanalida namoyish qilindi.

Kechada, asosan, hofizga tengdosh va izdosh bo‘lgan ijodkorlar - xonandalar, kino va teatr aktyorlari, shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.

Jumladan, xonandalar Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov, aka-uka Vahobovlar, G‘iyos Boytoev, aktyorlar Sobirjon Mo‘minov, Yodgor Sa’diev, Xayrulla Sa’diev, Tesha Mo‘minov, Mirza Azizov, shoirlar Omon Matjon, Usmon Azimlar ishtirok etgan.

Ko‘rsatuvni tomosha qilgan toshkentlik iqtisodchi Toshbek, unda hofiz faqat kuylagani, hofiz va ishtirokchilar nutqi namoyish qilinmaganini aytarkan: "Men bu hofizni umrimda ilk bor televidenieda ko‘rdim", dedi.

Bu ijodiy kecha aslida 2016 yilning 18 aprelida International mehmonxonasining Amir Temur zalida bo‘lib o‘tgan. Unda Jo‘raev "ulkan san’atkor, ustoz san’atkor, o‘zbekning chin hofizi" deb ta’riflangan va uning 19 yoshidan boshlangan ijod yo‘liga bag‘ishlangan hujjatli filьm namoyish qilingan edi.

Filmda, jumladan, o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov koinotga qilgan 6 oylik safari davomida Sherali Jo‘raev qo‘shiqlarini tinglagani, hatto hofizga koinotdan qo‘ng‘iroq qilib, "Oltin qanot" qo‘shig‘ini eshittirgani aytilgan.

Hofizning o‘zi esa kechani "Onaginam" qo‘shig‘idagi "Dorilomon kunlar keldi, shafaqlari ol, bu kunlarga etganlar bor, yetmaganlar bor" satrlari bilan boshlagan va tomoshabinlarga qo‘shilib, yig‘lagan edi. Ammo, u kezlarda hofizning O‘zbekiston televideniesiga qaytishi haqida hech gap yo‘q edi.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘ng - 27 sentabrdan boshlab, Jo‘raevning katta sahna va teleradiokanallarda bemalol chiqishga izn olgani xabar qilindi.

O‘zbekistonda taniqli xonandalar konsertini uyushtirish bilan shug‘ullanuvchi Ravshanbek Omonovning bu haqda Ozodlikka aytishicha¸ 27 sentabr kuni Sherali Jo‘raevga O‘zbekiston prezidenti bajaruvchisi yordamchisi qo‘ng‘iroq qilib katta sahnaga yo‘l ochilganini bildirdi.

Keyingi o‘n yil davomida O‘zbekistonda o‘nga yaqin ashulachi litsenziyadan mosuvo qilinib, shou biznesdagi istalmagan shaxslar ro‘yxatiga qo‘shilgan.

Farrux Zokirov, Sherali Jo‘raev, Yulduz Usmonova, Obid Asomov, Sevara Nazarxon, Otabek Madrahimov, Ozoda Nursaidova,Farrux Soipov kabi san’atkorlarga qo‘yilgan norasmiy taqiq sabablari jamoatchilikka ochiqlanmagan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, aksar hollarda ashulachilarning davlat tadbirlari va mulozimlar to‘ylariga bormagani muammoga sabab bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG