Toshkentdagi “Abu Saxiy” ulgurji bozoridan xarid qiladigan tadbirkorlarning aytishlaricha, so‘nggi bir hafta orasida bozordagi tovarlar narx-navosi ancha ko‘tarilgan. Tovar yo‘qligi uchun ayrim do‘konlar faoliyatini to‘xtatgan. Buning asosiy sababi, bozorda tekshiruv ketayotganligi va “Abu Saxiy” shirkati orqali xorijdan yuborilgan mollarning bojxonada ushlab turilgani bilan izohlanmoqda.
“Abu Saxiy” bozorida 30 yanvar kuni bo‘lgan va u erdagi sharoit bilan yaqindan tanishgan jizzaxlik tadbirkorlardan birining aytishicha, bozorda sotiladigan molning kamayganligi sabab, narx-navo ko‘tarilgan:
“Kargo ishlamagani uchun Abu Saxiyda ko‘p narsalar narxi oshib ketdi. Bir oydan buyon tovar kelmagani sabab, sotish uchun mol ham tugadi. Ayrim do‘konlar egalari soliqchilar har kuni topshirishni talab qiladigan 4,5 million naqd so‘mni savdo qilolmagani uchun ishlamay ham qo‘yishdi”, deydi tadbirkorlardan biri.
Kompyuter va uning ehtiyot qismlari bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlardan birining aytishicha, bozorda asosan elektr tovarlari qimmatlagan:
"Masalan, noutbuklar yuz ming so‘mdan ikki yuz ming so‘mgacha qimmatladi. Men kompyuter zapchastlarini Abu Saxiydan olar edim. Bugun borsam ko‘pchiligi "tovar yo‘q, ishlamayapmiz", deb aytdi. Chorsuda turk kiyimlari bilan savdo qiladigan tanishlarim ham, tovar tugab qolgan, Abu Saxiyga kelmayapti, dedi. Asosan, xorijdan keltiriladigan texnikalar ancha oshgan", dedi tadbirkorlardan biri.
“Abu Saxiy” bozoriga Xitoydan mol olib keladigan tadbirkorning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, bozorga uch haftadan buyon mol kirgani yo‘q:
"Xitoydan yuborilgan molim Toshkentga etib kelganiga 21 kun bo‘ldi. Lekin, berishmayapti. Bojxonada ushlab turishibdi, ekan. Bozorning kattalaridan so‘rasam, "shoshmay turing, fevralda olasiz, sal tekshir-tekshir bo‘lib turibdi”, deyapti. Narxlar ham oshib boryapti. Bozordan do‘kon sotib olmoqchi bo‘lgan tanish tadbirkorlar ham bu niyatlarini keyinga qoldirdi, deydi tadbirkor.
Toshkentlik tadbirkor Shoira Sodiqbekovaning aytishicha, "Abu Saxiy” bozorida ishlaydigan tadbirkor dugonalarining xorijdan yuborilgan tovarlari ham ushlab qolingan:
- Bozorda do‘koni bor dugonalarim yangi yil arafasida Turkiyadan yuk jo‘natishgan ekan. Lekin hali ham olishmagan. Turkiyadan so‘rashsa, jo‘natganmiz, deyishar ekan, bu yerdan so‘rashsa, kelmagan, deyisharkan. Ana shunaqa qilib, sarson bo‘lib yurishibdi. Bular bir-ikki nafar emas, juda ko‘pchilik. Shuning uchun ham ba’zilari tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘lishyapti, - dedi Shoira Sodiqbekova.
Ozodlik bu masalaga munosabat olish maqsadida “Abu Saxiy” bozorining ma’muriyati bilan kun davomida bog‘lanishga harakat qildi. Ammo, telefonlar go‘shagini hech kim ko‘tarmadi.
“Abu Saxiy” shirkati orqali xorijdan yuborilgan mollarini ololmayotgan tadbirkorlar haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.
O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan rasmiysi¸ “Abu Saxiy” mijozlarining yangi yil boshidan beri xorijdan yuborgan mollarini ololmayotganini tasdiqlagan edi.
Ozodlikda mavjud hujjatlarga ko‘ra¸ “Abu Saxiy” shirkati marhum prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning turmush o‘rtog‘i Temur Tillaevga tegishli.
“Abu Saxiy” faoliyati¸ xususan¸ uning xorijdan yuborilayotgan mollarni olib kelish va hujjatlashtirish bilan bog‘liq faoliyatining tekshirilayotgani va O‘zbekistondagi “Abu Saxiy” mijozlarining o‘z mollarini ola olmayotgani haqidagi ma’lumotlarni izohlashni so‘rab¸ Ozodlik Tillaevlar advokatiga murojaat qilgan edi.
Ozodlik yo‘llagan qator savollarga Tillaevlar nomidan berilgan javobning to‘liq matni quyidagicha bo‘lgan edi:
“Sizga bundan oldin ham ta’kidlaganimizdek¸ “Abu Saxiy” soliqlarni to‘laydi va hech qachon soliq va boj to‘lovlari bo‘yicha imtiyozdan foydalangan emas. Buning aksini iddao qilish¸ yolg‘ondir. Bundan tashqari¸ “Abu Saxiy” o‘zbek rasmiylari tomonidan tekshirilayotgani yo‘q va unga qarshi hech qanday ayb ilgari surilgani ham yo‘q. Bayramlar mavsumi munosabati bilan biznes ko‘lami keyingi paytlarda qisqardi¸ lekin bu noodatiy hol emas; bu hol har yil shu paytda kuzatiladi. “Abu Saxiy” o‘z faoliyatini odatiy tartibda davom ettirmoqda”.
Tillaevlar advokati o‘zbekistonlik tadbirkorlarning “Abu Saxiy” orqali xorijdan yuborgan mollarni Toshkentda ola olmayotgani haqidagi Ozodlik savoliga javob bermagan edi.