Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:47

Qirg‘izistonda aroq sotilmaydigan qishloqlar soni ko‘paymoqda


Qirg‘izistonda mashhur "Putinka" arog‘i.
Qirg‘izistonda mashhur "Putinka" arog‘i.

Issiqko‘l viloyatining O‘rnak qishlog‘ida 10 kundan beri spirtli ichimliklar sotilmayapti.

Qishloqdagi do‘konlardan birining egasi Mayrambek Aqilbekovning aytishicha, qishloqda aroq sotmaslik tashabbusi mahalliy masjid jamoati tomonidan ko‘tarilgan.

-Jamoatdan kelishib,:”Aroq sotmaylik, odamlar aroq ichib o‘lib qolayapti”, deb aytishdi. Masjid jamoati kelib shunday degandan keyin biz qarshi chiqarmidik. Qarshi bo‘lsak, odamlar:”Sen nima, qishloqdan tashqarida yashaysanmi?” deb aytishlari mumkin edi. Aroq sotmay qo‘yganimizdan beri do‘konlarda savdo ham ozayib ketdi, -dedi Mayrambek Aqilbekov.

Uning aytishicha, hech kim uni va boshqa do‘konlarning egalarini “Aroq sotmaysan”, deb majbur qilmagan. Mahalliy jamoat taklif kiritgan, do‘kondorlar bunga o‘z xohishlari bilan rozilik bildirgan.

O‘rnak qishlog‘i imomi Muslim Normatov dastlab bu tashabbus nomozxonlar va mahalliy yoshlar tomonidan masjidda muhokama qilinganini aytdi:

-Do‘konchilar magazinlarida qolgan aroqlarni sotib tugatishga imkoniyat berishlarini so‘rashdi. Shunda masjid jamoasi pul to‘plab, barcha spirtli ichimliklarni sotib oldi va to‘kib tashladi. Hech kim do‘konchilarni bu ishga majburlamadi. Ular tushuntirish ishlaridan so‘ng o‘zlari bunga rozi bo‘lishdi, -dedi imom.

Biroq qishloq rahbari Xamza Mambetaliev aholi orasida do‘konlarda aroq sotilmay qo‘yilganidan norozilar ham borligini aytdi. Unga ko‘ra, norozilar ozchilikni tashkil qilgani uchun ham ko‘pchilikka bo‘ysunishga majbur bo‘lmoqda. Aroq ichadiganlar esa qishloqdan uch kilometr naridagi boshqa hududda joylashgan do‘konlarga borishga majbur bo‘lmoqda.

Qirg‘izistonning qator qishloqlarida mahalliy aholi tashabbusi ortidan spirtli ichimliklarni sotish taqiqlangan.

“Spirtli ichimliklardan holi hudud”, deb e’lon qilingan qishloqlarni O‘sh viloyatining Qorasuv va Novqat, Jalolobod viloyatining Suzoq va Bozorqo‘rg‘on tumanlarida ko‘plab uchratish mumkin.

Bundan avvalroq, o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida Novqat tumanidagi Qirg‘izota qishlog‘ida ham spirtli ichimliklar sotish taqiqlandi.

“Taqiqqa qaramay, aroq sotadigan do‘kondorlarga 100 ming so‘m (taqriban 1450 AQSh dollari – tahr.) miqdorida jarima solinadi. Bu mablag‘ masjid va bolalar bog‘chalari muammolarini hal qilishga yo‘naltiriladi. Spirtli ichimlik sotishga qo‘yilgan taqiq oilalardagi vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi va yoshlar tarbiyasida ijobiy aks etadi”, deb bildirgan Qirg‘izota qishlog‘i hokimi Baqitbek Maripov.

XS
SM
MD
LG