Линклар

Шошилинч хабар
26 июн 2022, Тошкент вақти: 18:43

Shavkat Mirziyoev bugun Surxondaryo viloyatida bo‘ldi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 fevralda amaliy safar bilan Surxondaryo viloyatiga bordi.

Bu haqda xabar qilgan O‘zA agentligiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoev Surxondaryoga tashrifi davomida o‘zining saylovoldi dasturida viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan rejalar ijrosi, shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishi mo‘ljallangan.

Viloyatga safari chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Termiz tumanidagi “Gold Agro Fresh” agrofirmasi faoliyati bilan tanishdi.

“Gold Agro Fresh” agrofirmasi sabzavot mahsulotlari etishtirish va ularni eksport qilishga ixtisoslashgan istiqbolli loyihalardan biridir. Qiymati 35 million AQSh dollari bo‘lgan korxonaning zamonaviy issiqxonalarida yiliga 30 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 1000 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Hozirda 20 gektarlik 15 blokda pomidor, gulkaram, brokkoli, rukkolo va yalpizning xaridorgir navlari o‘stirilmoqda. Barcha 70 blok ishga tushgach issiqxonalar 100 gektardan oshadi. Bundan tashqari, 434 gektar yerda mavsumiy ekinlar ekilib, 23 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 2 ming 100 kishini ish bilan ta’minlash, kelgusida 100 gektar yerda intensiv bog‘ yaratish rejalashtirilgan”, deb yozdi O‘zA.

Prezident bu erda etishtiriladigan mahsulotlarning turini kengaytirish, 5 ming gektarda anor, 5 ming gektarda limon yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, odamlarning daromadini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Davlat rahbari shu yerning o‘zida meva-sabzavotchilik, parrandachilik, chorvachilik kabi tarmoqlardagi istiqbolli loyihalar bilan ham tanishdi.

Angor tumanida qurilayotgan meva-sabzavotlarni yetishtirish, saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan "Angor Gold Fruits" mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihasiga muvofiq 530 gektar intensiv bog‘, uch ming tonna meva-sabzavotlarni saqlash imkoniyatiga ega muzxona qurilishi ko‘zda tutilmoqda.

Jarqo‘rg‘on tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan “Fabullo stroy servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan.

Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 yangi ish o‘rni yaratiladi. Zamonaviy issiqxonada 600 tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiriladi va eksport qilinadi. Sig‘imi 2 ming tonna bo‘lgan zamonaviy muzlatgichda yil davomida 6 ming tonna mahsulot aylanadi. Meva-sabzavot mahsulotlarini quritish uskunasining quvvatini yiliga 8 ming tonnaga etkazish mo‘ljallanmoqda.

Agentlikka ko‘ra, Prezident bu borada ishlar samaradorligini oshirish, meva-sabzavotlarning noan’anaviy turlarini ko‘proq ekish va qayta ishlash, eksportni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Qiziriq tumanida Xalq banki tomonidan ikki ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan zamonaviy chorva kompleksi barpo etilmoqda. 762 gektar maydonda qurilayotgan va qiymati 11,5 milliard so‘m bo‘lgan ushbu majmuada yiliga to‘rt ming tonna sut, ikki yuz tonna go‘sht ishlab chiqariladi. 2,5 milliard so‘mlik zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanadigan korxonada yuzdan ortiq kishi mehnat qiladi.

Prezident chorvachilik komplekslari yonida agrofirmalar tashkil etib, sut va go‘shtni qayta ishlash, raqobatdosh mahsulotlar tayyorlab, eksportga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi.

Muzrobot tumanida parrandachilik kompleksi tashkil etilmoqda. Loyiha qiymati 5,5 million dollar bo‘lgan mazkur parrandachilik kompleksida yiliga 59,1 million dona tuxum, 1,4 million dona jo‘ja va 198 tonna tovuq go‘shti yetishtirish, 100 ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning sentabr oyida ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan parrandachilik kompleksining umumiy maydoni 15 gektar bo‘lib, shundan 2,5 gektarida ishlab chiqarish binolari joylashadi.

Odamlarga jo‘ja va yem yetkazib berib, oilalarning farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shavkat Mirziyoev “Sherobod paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatida ingichka tolali paxta xomashyosini qayta ishlash korxonasi, zararkunandalarga qarshi kurashishga qaratilgan ishlanmalar, limon va pista yetishtirishga ixtisoslashgan plantatsiyalar loyihalari bilan tanishdi.

Davlat rahbari Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qildi. Bu yerda olib borilayotgan rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

O‘zA axborot agentligi materiali asosida tayyorlandi

XS
SM
MD
LG