Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:35

Navalniy Medvedevning yashirin ko‘chmas mulk imperiyasiga aloqadorligini iddao qildi


Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev.
Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev.

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev o‘zini korrupsiyadan nafratlanuvchi liberal qarashlarga ega huquqshunos o‘laroq ko‘rsatib keladi. Medvedev 2008 yil prezident o‘laroq poraxo‘rlikka qarshi kurashish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Endilikda muxolifatchi Aleksey Navalniy sobiq prezident Rossiyadagi “eng boy odamlar va eng poraxo‘r rasmiyatchilardan biri” ekanligini iddao qilmoqda.

Muxolifatchining 2 mart kuni e’lon qilingan navbatdagi hisobotida qayd etilishicha, Medvedev bir qator xayriya va nodavlat tashkilotlar yordamida oligarxlar va banklardan xayriya to‘plab, yig‘ilgan mablag‘ yordamida qimmatbaho mulk sotib olgan.

Navalniy mazkur xayriyalarni “oshkora pora” o‘laroq baholadi. Mazkur yordamni oluvchi yagona odam “Medvedev va uning oilasidir”, dedi faol.

Hisobotga video ham ilova qilingan. Unga ko‘ra, Medvedevga yaqin odamlar boshqaruvidagi tashkilotlarga kamida 70 milliard dollar qiymatga ega mablag‘ va mulk o‘tkazilgan. Hisobotda yozilishicha, mazkur imperiya Rossiya va xorijda joylashgan qasr, qimmatbaho turar-joy, yaxta va uzumzorlarni o‘z ichiga oladi. Navalniyning iddao qilishicha, mulklarning haqiqiy egasini aniqlash deyarli imkonsiz, chunki ular xayriya tashkilotlarida ro‘yxatga olingan va muayyan shaxslarga tegishli emas.

Faol Medvedevni “mamlakatdagi eng boy odamlar va eng poraxo‘r rasmiyatchilardan biri”, deb atadi.

Navalniy hisobotini Medvedev ofisi darhol siyosiy ayblov va targ‘ibot o‘laroq baholadi.

Hisobot mulk hujjatlariga tayangan holda Rossiya siyosiy elitasiga yaqindan aloqador ekanligi aytiladigan o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov Moskva yaqinidagi Rublyovka qishlog‘ida joylashgan 5 milliard rubl qiymatga ega mulkni hukumatning ijtimoiy loyihalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tashkilotga sovg‘a qilganini xulosa qiladi. Tashkilotga esa Medvedevning ikki sobiq kursdoshi yetakchilik qiladi.

“Mazkur jamg‘armaning xayriya bilan hech qanaqa aloqasi yo‘q”, dedi Navalniy.

Usmonov hisobot yuzasidan hali izoh berganicha yo‘q. “RBK” kundalik gazetasi Usmonovning “Metalloinvest” shirkati izohdan bosh tortgani haqida xabar berdi.

Hisobot mualliflari Medvedevga tegishli ekani qog‘ozda aks etmagan mulklarni aniqlagan. Navalniyga ko‘ra, hisobotda tilga olingan tashkilotlarni Medvedevga yaqin shaxslar boshqaradi. Bu shaxslar bosh vazirning shaxsiy mulkini ham boshqarib turadi.

Navalniy Qora dengiz bo‘yidagi Anapa shahrida va Italiyaning Toskana viloyatida joylashgan uzumzorlar, Kursk viloyatidagi qarorgoh, Ivanovo viloyatidagi dacha, Rublyovkadagi mulk, Sochi yaqinidagi uy, Sankt-Peterburgdagi uy hamda Qora dengiz oldidagi ikki yer maydoniga alohida e’tibor qaratdi.

Navalniy 2018 yilgi prezident saylovida o‘z nomzodini qo‘yish istagini bildirgan. Ammo u o‘tgan oyda tovlamachilikda aybdor deb topilgani uchun siyosiy lavozimlardan chetlatilgan.

Medvedevning matbuot kotibi Natalya Timakova 2 mart kuni muxolifatchining tekshiruvi “saylov kampaniyasiga o‘xshaydi” dedi va sudlangan odamning targ‘ibot uchun amalga oshirgan hujumlari samarasiz ekanini ta’kidladi.

Navalniy hisoboti haqida bir necha nufuzli gazeta va onlayn portalda yozildi, ammo hisobot kremlparast matbuot nashrlari aksariyatining nazaridan chetda qoldi.

XS
SM
MD
LG