Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:05

Reyd o‘tkazilgan kafe mijozi: “Tunda 6 soat sovuq ko‘chada ushlab turishdi”


Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi “Jizzax sity” kafesidan 3 mart kuni kechqurun militsiya xodimlari tomonidan zo‘ravonlik bilan olib chiqib ketilgan xo‘randalardan biri Ozodlikka murojaat qilib, u erda bo‘lgan voqea tafsilotlarini gapirib berdi. Kafe mijozi militsiya xodimlari u va boshqa xo‘randalarning iste’molchi sifatidagi va insoniy huquqlari qo‘pol ravishda poymol qilganiga o‘zi guvoh bo‘lganini aytdi.

"Kafega mehmon olib borgan edim"

“Vodiydan kelgan tanishlarimni mehmon qilmoqchi bo‘ldim, ko‘chaga chiqdik. Taksichidan, “aka yaxshi taomlar qaerda bor”, deb so‘rasak, “Jizzax” kafesini aytdi va o‘sha erga olib bordi. Kirib o‘tirdik. Soat 9 yarimlar edi. Shashlik zakaz qildik. Uzog‘i bilan oradan 20 minut vaqt o‘tdi. Shashlikni olib kelib, stolga qo‘ydi. Endi qo‘l uzatib, olamiz deganda gurr etib, itlari bilan 15-20 chog‘li militsiya xodimlari kirib keldi”, dedi xo‘randa.

“Yemagan shashlikka pul to‘ladik”

Voqea guvohining aytishicha, militsiya xodimlari hammaga ovqatni pulini ofitsiantga to‘lashni buyurgan:

“Militsiya “hech kim joyidan qimirlamasin”, deb buyruq berdi. Itlarini oralatib stollarni, xo‘randalarni hidlatib chiqdi. Keyin hamma ovqatini pulini ofitsiantga to‘lasin, dedi. Biz plastik kartochka bilan to‘laymiz desak, “terminal ishlatishga vaqt yo‘q, tez-tez naqd to‘lalaring”, deyishdi. Shunday qilib, emagan ovqatimiz pulini naqd to‘ladik. So‘ngra hammani bitta-bittalab, xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin qo‘lini qayirib “Isuzi” avtobusiga tiqa boshladi, oxirida kafe rahbari va xizmatchilarini ham tiqishdi, xullas qariyb yuz nafar, to‘rt avtobus odam bo‘ldik. Ha, yana bir detal: kafedagi idish yuvuvchi bir ayolning 8-9 yoshlardagi bir bolasi ham birga ekan. Hatto shu ayolni ham bolasi bilan avtobusga tiqishdi”, deydi voqea guvohi.

“Tongga qadar bizni ochiq ko‘chada, sovuqda ushlab turishdi”

Xo‘randaning aytishicha, ularga juda qo‘pol munosabatda bo‘lganlar:

“Bizni Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limining hovlisiga olib kirib avtobusdan tushirishdi. Keyin bitta-bittalab tepaga olib chiqib barmoq izi oldi, rasmga tushirdi, Toshkentda propiskasi yo‘q mehmonlarni jarima qildi va yana qaytarib hovliga chiqarib qo‘ydi. Shunday qilib ertalab, soat 5 gacha bizni sovuq ko‘chada ushlab turishdi. Andijonlik bir o‘qituvchi xizmat safari hujjatini ko‘rsatgan edi, militsiya xodimi uni yirtib tashladi”, deydi xo‘randa.

Uning aytishicha, ularni nima sababdan ushlab kelingani haqidagi savol bergan kishilar izolyatorga tashlangan:

“Bir yigit qaysi qonun asosida bizni ushlab keldilaring, deb so‘ragan edi, izolyatorga olib kirib ketishdi. Oramizda qonunni yaxshi biladigan bir yigit bor ekan. Qattiq-qattiq gapirib, prezident nomini tilga olib so‘ragan edi, “biz ma’lumot berishga majbur emasmiz. Ma’lumot kerak bo‘lsa, ertalab rahbariyatga ariza bilan murojaat qilasiz”, dedi xo‘randa.

“Bu profilaktika emas, bosqinchilik bo‘ldi”

Voqea guvohining aytishicha, ichki ishlar idoralari tomonidan jamoat joylarida profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida O‘zbekiston prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi qarorini zudlik bilan chiqarish kerak. Aks holda, deydi u, vatandoshlarning huquqlari poymol etilishi davom etaveradi:

“Masalan, o‘sha joyda militsiya xodimlari biror jinoyat yoki boshqa narsani ustiga bostirib kelishmadi, balki tinchgina dam olib, ovqatlanib o‘tirgan aybsiz odamlarni ushlab ketishdi. Bu zo‘ravonlikdan boshqa narsa emas. Men sizlarning maqolangizga Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari bergan raddiyada 25 nafar fohisha ushlandi, deb o‘qidim. Men bilmayman, ularning kimligini, lekin o‘sha kuni kim bilandir o‘tirgan bu ayollar hech qanday intim harakat qilgani yo‘q yoki bittasi bilan jimo’ qilgani yo‘q. Qaerdan bila qoldi ularning fohisha ekanligini, ular? Ikkinchidan, raddiyada 30 nafar sudlangan odam borligi aniqlandi, deyilgan. Ie, ilgari sudlangan, qilgan gunohi uchun jazosini olgan odam, ovqat eyishi mumkin emasmi, kafega kirishi mumkin emasmi? Qani mantiq? Militsiya xodimlarining bunday zo‘ravonligini jilovlovchi bir tartib aniq qilib belgilanmas ekan, bu holatlar yana davom etaveradi”, dedi 3 mart kuni bo‘lib o‘tgan voqea jabrlanuvchilaridan biri.

Ozodlik Chilonzor tumani Qatortol ko‘chasida joylashgan “Jizzax sity” kafesidan Toshkent shahar militsiyasi qariyb 100 odamni ushlab olib ketganligi haqida xabar bergan edi.

Bu xabardan keyin oradan bir kun o‘tib, O‘zbekistondagi Internet nashrlarida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jaevning Ozodlik maqolasiga raddiyasi e’lon qilindi.

Doniyor Toshxo‘jaev jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuniga bag‘ishlangan brifingda "Ozodlikda yozilganlar haqiqatdan yiroq"ligini aytib, rasman raddiya berishga tayyor ekanini, Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilayotgan harakatlar qonunga zid emasligini bildirib, buni asoslab bermoqchiligini aytgan.

Ozodlik 10 mart kuni ertalab, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaevning qabulxonasi bilan bog‘lanib, Ozodlik mikrofoni Toshxo‘jaev uchun ochiqligini bildirdi.

Rasmiy murojaatimizni 252-55-06 telefoni orqali qabul qilib olgan militsiya mulozimi, Ozodlik telefonlarini yozib oldi va bu ma’lumotni Doniyor Toshxo‘jaevga yetkazganidan so‘ng, uning o‘zi Ozodlik bilan bog‘lanishini aytdi.

Ammo o‘tgan ikki kun davomida Ozodlikka Toshkent IIBBdan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG