Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:05

Britaniyada o‘zbek qochqinlari haqida badiiy film suratga olindi


Film afishasi
Film afishasi

Asli o‘zbekistonlik, bir necha yildan buyon Londonda yashayotgan 35 yashar Nodira Myurrey Britaniya professional kinometografiyasi standartlarida ilk filmini suratga oldi.

- “Locked in” ("Ustidan qulflangan") filmi ustidagi so‘nggi sayqal ishlari yanvar oyida tugallandi¸ shu kunlarda filmni taqdimot qilish uchun festivallar bilan muloqot qilyapmiz, - dedi film prodyusseri¸ ssenariy muallifi¸ hamrejissyori Nodira Myurrey Ozodlik bilan suhbatda.

- Film Britaniyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilinishini kutayotgan er-xotin Samira va Nozim Sodiqovalarning hibsxonada boshdan kechirgan ruhiy azoblari haqida. Kino syujeti real voqeaga asoslangan. Bu er-xotin O‘zbekistonda tinch namoyishlarga qatnashgani bois Britaniyaga talaba sifatida kelib, qochqinlik so‘ragan. Ammo rasmiylar bu talabni inobatga olmay, ularni O‘zbekistonga deport qilishga qaror berishadi. Ular deportatsiya qilinadiganlar uchun maxsus qamoqxona hujrasiga qulflanadi. Shu hibsxonadagi qochqin iztiroblari filmga asos bo‘ldi¸ deydi Nodira Myurey Ozodlik bilan suhbatda.

Nodira Myurrey
Nodira Myurrey

Shu kunlarda ekranlarga chiqishi kutilayotgan fil’mda 18 dan ziyod britaniyalik akterlar ishtirok qilgan. Bosh rollarni esa Estela Lefko (Esztella Levko) va Uriel Emil (Uriel Emil) ijro qilgan.

Nodira Myurreyga ko‘ra¸ film Britaniyadagi haqiqiy qamoqxonalardan birida suratga olingan:

- Film haqqoniyati va ta’sirchanligini ta’minlash maqsadida haqiqiy qamoqxonada olishga qaror qildik. Britaniyadagi ishlatilmayotgan qamoqxonani topib, kinoni o‘sha yerda suratga oldik.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ migratsiya mavzusi Britaniyada dolzarb bo‘lgani uchun ham bu filmga qo‘l urgan:

- Keyingi paytda Britaniyada qochqinlarga salbiy munosabat shakllandi. Ularga nisbatan irqchilik kayfiyatidagi qarashlar kuchaydi. Ko‘plab qochqinlar zo‘rlik bilan deportatsiya qilinmoqda. Kinochi doimo o‘z hikoyasini yozadi. Men qochqin emasmanu¸ lekin uyimga qayta olmayman. Qochqinlarning iztirobini yaxshi tushunganim bois oldim bu filmni. Maqsad ozgina bo‘lsa ham ijtimoiy fikrga ta’sir o‘tkazish¸ deydi suhbatdosh.

Nodira Myurreyning aytishicha¸ u filmning rang montajini ham o‘zi qilgan:

- Vaziyatni tomoshabin idrokiga ranglar orqali yetkazish o‘ta muhim bo‘lgani uchun bu vazifani o‘zim bajardim. Samira va Nozimning hibsga olinishi tasviri hira ranglarda ammo ularni O‘zbekistonda kutayotgan dahshat esa yorqin ranglarda tasvirlanadi¸ deydi suhbatdosh.

Nodira Myurrey raqqqosa rolida
Nodira Myurrey raqqqosa rolida

​Vataniga qaytish kabi eng katta qo‘rquv hissini boshdan kechirayotgan o‘zbeklar haqida kino olgan Nodira Myurrey (Nodira Alieva) Britaniyaning Toshkentdagi ziddiyatli sobiq elchisi, "Samarqanddagi qotillik" kitobi muallifi Kreyg Myurreyning rafiqasidir.

Nodira Myurrey Britaniyada o‘zining "Britan elchisining raqqosasi" spektakli bilan mashhur bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG