Линклар

Шошилинч хабар
30 июн 2022, Тошкент вақти: 18:52

Toshkent viloyatida fermer o‘zini boqib kelgan so‘nggi parcha yerini ham boy bermoqda


Toshkent viloyatining qator tumanida yillar davomida kungaboqar ekib¸ undan kelgan daromad vositasida davlat yuklagan g‘alla va paxta rejasini amallab “oqlab” kelgan fermerlar bu yil hokimiyat bosimi yanada kuchayganini aytmoqda.

Norasmiy kelishuv buzildi

Ozodlik suhbatlashgan dehqonlar izohicha¸ davlat bilan shartnomada belgilangan g‘alla va paxta ekib faqat zarar ko‘rgani bois¸ har bir fermer ijaraga berilgan yerining muayyan qismiga shartnomada ko‘rsatilmagan ekin ekib¸ shundan kelgan daromad hisobiga oilasini boqib kelgan.

“Deylik¸ menda 100 gektar yerim bor. Shartnoma bo‘yicha¸ 50 gektariga paxta¸ 50 gektariga bug‘doy ekishim kerak. Shuncha yerdan falon tonna paxta¸ faloncha bug‘doy davlatga topshirishim kerak. Lekin 100 gektar yerning yarmiga suv chiqmasligi¸ unga na paxta¸ na bug‘doy ekib¸ hosil ololmasligimni hokimiyatdagilar juda yaxshi biladi. Shuning uchun¸ bu yerning bir qismi¸ 3-5 gektariga bozorbop ekin¸ deylik¸ pista (kungaboqar) ekib¸ undan tushgan daromad bilan paxta va bug‘doy rejasini yo naqd pul berib¸ yo bozordan sotib olib¸ bajarib kelganman. Bu yil fermerni boqib kelgan ana shu bir parcha yerni ham qattiq nazoratga olishayapti. Pista eksang¸ buzdirib tashlayman¸ deb qo‘rqitayapti”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Toshkent viloyatining yillardan beri kungaboqar ekib kelingan tumanlaridan biridagi fermer.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ yillardan beri fermerning nima hisobiga rejani bajarib¸ qaysi daromad bilan oilasini boqishni uddalayotganini bilgan hokimiyatdagilar¸ yozilmagan kelishuvga ko‘ra¸ bunday vaziyatga ko‘z yumib kelganlar.

“Ular yil oxirida bizdan reja so‘rardi¸ amallab bajarsak¸ qolgani bilan uncha ishi yo‘q edi. Bu yil pistaga taqiq qo‘yishdi. Kimdir¸ shuniyam o‘z monopoliyasiga aylantirmoqchi¸ shekilli. Bir oy ichida ekin ekish kerak¸ lekin hozircha nima qilishni bilmay¸ boshim qotib o‘tiribman”¸ deydi toshkentlik fermerlardan biri.

"Siyosat o‘zgardi!"

Toshkent viloyatining ikki tumani hokimligi vakillari¸ qolaversa¸ viloyat hokimligining qishloq xo‘jaligiga mas’ul xizmatchisi¸ viloyatda kungaboqar ekishga taqiq yo‘qligini bildirdi.

Ayni paytda ular¸ fermerning ijara yeriga davlat bilan shartnomada ko‘zda tutilmagan ekin ekishga haqqi yo‘qligini ta’kidladi.

“Razmesheniega kiritilmagan qanaqa ekin bo‘lsa¸ buzib tashlashga haqqimiz bor. Bu yil qishloq xo‘jalik siyosatida o‘zgarish bo‘layapti. Toshkent viloyatidagi paxta¸ g‘alla yerlari qisqarib¸ ular poliz-sabzavot¸ bog‘dorchilikka ajratildi. Moyli ekinlik deyiladigan kungaboqarga ham berilgan erlar bor. Agar razmeshenieda kungaboqar deyilmagan bo‘lsa¸ unda ekishga haqqi yo‘q”¸ dedi viloyat mutasaddilaridan biri.

Bu rasmiy¸ fermerlarning ozgina bo‘lsa ham daromad qilish uchun taqsimot va shartnomada ko‘rsatilmagan ekinni ekib kelgani va bunga hokimiyat tushunish bilan yondashganini tan oldi.

“Oldinlari shunaqa edi. Bu yil boshqacha bo‘layapti. Marhamat¸ yerga kungaboqar ekaman¸ deb rasmiylashtirsin-da¸ ekaversin. Lekin poliz yoki g‘alla ekaman¸ degan majburiyatni olgan bo‘lsa¸ shunga amal qilsin”¸ dedi Toshkent viloyati hokimligi rasmiysi.

Prezident Mirziyoevga murojaat

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik fermerlar¸ o‘z yerlariga nima ekishni majburan belgilovchi hokimlik vakillari¸ fermerga istagan ekini¸ xususan¸ kungaboqar ekishga mutlaq ruxsat bermasligini aytadi.

“Bunaqa ruxsatni hech kim bermaydi. Chunki hukumat O‘zbekistondagi qancha yerga nima ekilishini¸ qancha hosil olish kerakligini eng tepadagilar¸ hatto prezidentning o‘zi belgilaydi. Shuning uchun biz shaxsan Shavkat Mirziyoevga murojaat qilmoqchimiz. U kishi 13 yil Bosh vazir sifatida qishloq xo‘jaligini boshqardi¸ fermerning hamma dardi-muammosini ichdan biladi. Oldinlari u kishi Karimov siyosatini bajargan bo‘lsa¸ endi bu siyosatni o‘zlari belgilaydilar. Biz fermerlar olgan yerimizning qaysidir qismiga nima ekishni o‘zimiz belgilash erkinligi berilishini istaymiz. Albatta¸ bozorni to‘ldirish kerak¸ eksportga nimadir chiqarish kerak¸ shuning uchun davlat butunlay aralashmasin¸ demaymiz. Lekin¸ bizga ham ozgina yer¸ ozgina erk berilsin¸ biz ham bola-chaqamizni qo‘rqmasdan boqaylik. Fermer o‘zini boqa olmasa¸ xalqni qanday boqadi?” dedi Ozodlik orqali prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat qilgan toshkentlik fermer.

Toshkentlik ayrim fermerlar¸ viloyat va tuman hokimligidagilarni "qishloq xo‘jalik siyosati o‘zgardi¸ keskinlashdi" degan bahona bilan¸ kungaboqarchilikni ham monopoliyaga aylantirish manfaatini ko‘zlayotganini aytadi.

"Kungaboqarga ichki bozorda ham talab yaxshi¸ bu yoqda Afg‘oniston¸ Tojikiston olaman deb turipti. Bular pistani faqat o‘zlari ekib¸ bozorni o‘zlari egallash niyatida"¸ degan iddaoni ilgari surdi ayrim fermerlar.

Aytilishicha¸ kungaboqar O‘zbekistonda¸ asosan¸ Toshkent¸ Jizzax¸ Samarqand va Surxondaryo viloyatida ekiladi.

Ochiq rasmiy manbalardan olingan ma’lumotga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidentining 2011 yil 31 oktabrda qabul qilingan "2012–2015 yillarda respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq mazkur yilalr ichida mamlakatda 35 ming gektardan ziyod maydonda takroriy kungaboqar yetishtirish belgilangan.

2016-2017 yillarda respublika ko‘lamida kungaboqar ekish uchun qancha yer ajratilgani va undan qancha hosil olish rejalanganiga oid rasmiy ma’lumot yo‘q.

Agar siz ham kungaboqarchilik qilib kelayotgan fermerlardan bo‘lsangiz¸ bu sohaga oid vaziyatga oydinlik kirituvchi ma’lumotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin. Buning uchun Telegram, WhatsApp, Facebook va Odnoklassniki tarmog‘idagi sahifamizga xat-xabar yo‘llashingiz mumkin.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG