Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 16:47

Mirziyoev ardoqlagan jizzaxlik fermer Xolbuvi Rustamova olamdan o‘tdi


Sovet matbuotida Xolbuvi Rustamova (suratda) to‘g‘risida ko‘plab maqolalar chop etilgan.

1983 yil kuzida Sharof Rashidov dafn marosimida qilgan ehtirosli nutqi bilan o‘zbeklarning katta avlodi xotirasida qolgan Xolbuvi Rustamova 24 mart kuni vafot etdi.

Jizzax shahrida tug‘ilib o‘sgan, kasalxona hamshirasining oq xalatini mexanizator korjomasiga almashtirib cho‘lga ketgan, butun umrini paxtachilikka bag‘ishlagan Xolbuvi Rustamovani faqat o‘sha nutqi tufayli eslash insofdan bo‘lmasligi uni bilganlar bilan o‘tkazilgan suhbatlardan ayon bo‘ldi.

66 yoshida vafot etgan fermer Xolbuvi Rustamova 24 mart, kunning birinchi yarmida dafn etilganini Ozodlik marhuma yashagan Paxtakor tuman hokimligi mulozimidan so‘rab bildi.

Qishlog‘ini rozi qilib ketgan opa

Rustamovaning qo‘shnisi Saida Qurbonovaning Ozodlikka aytishicha, Xolbuvi opa nafaqat o‘z ishchilari, balki butun qishloq ahlining holidan xabar olib turguvchi inson bo‘lgan:

- Har yili bug‘doy o‘rimidan keyin, davlatga topshiradiganini topshirib bo‘lib, albatta, ro‘yxat tuzar edi. Kimning uyida kasal bor, qaysi oilaning boshlig‘i o‘ldi, kim etim qoldi, kim nochor yashaydi – hammaga bug‘doy tarqatar edi, dedi Saida Qurbonova.

Xolbuvi Rustamovani qo‘shni tumanlarda ham yaxshi bilishlari ma’lum bo‘ldi.

Do‘stlik tumanida yashaydigan Hasanboy taksichi bunday dedi:

- Bu ayolni ko‘pchilik o‘tkir ayol, kattalarga ham gapini o‘tkaza biladigan ayol, deb biladi. U kishi o‘zi yashagan, ilgari Ulyanov sovxozi deyilgan, hozirgi Navbahor qishlog‘iga katta foydasi tekkan.

Jizzax tumanida yashaydigan Ma’mirjon Azimov esa, Xolbuvi Rustamovaning boshqa fermerlardan farqi to‘g‘risida gapirar ekan, “Bugun opaning ta’ziyasiga borib keldim, qo‘lida ishlagan dehqonlar bilan gaplashdim. Opa ishchilariga har oyda ish haqini naqd pulda ham to‘lab kelgan ekan”, dedi.

Oq xalat o‘rniga mexanizator korjomasi

Sovet davrida Sovet ittifoqi miqyosidagi radiolardan biri Xolbuvi Rustamova to‘g‘risida tayyorlagan eshittirishni "Staroe Radio" dan topdik. O‘zi haqdagi eshittirishda qatnashgan Rustamova tug‘ilib o‘sgan shahri - Jizzaxni tashlab, cho‘lga ketishi tafsilotlarini aytib bergan.

Холбуви Рустамова иштирокида Совет даврида тайёрланган эшиттириш. "Старое Радио"дан
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:16 0:00
Бевосита линк

Shahardagi tibbiyot bilim yurtini tugatib, viloyat kasalxonasida hamshiralik qilayotgan Xolbuvi 1975 yili cho‘lga, Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga otlanadi.

Paxtakor tumanining Ulyanov nomidagi sovxoziga borib, ishni slesarlikdan boshlaydi, keyin paxta terish mashinasiga o‘tiradi, birinchi yiliyoq 70 tonna paxta teradi. So‘ng brigadirlikka tayinlanadi. Ko‘p o‘tmay Xolbuvi Rustamova tilga tushadi, gazetalarga chiqadi, Lenin komsomoli mukofoti laureati bo‘ladi, KPSS MK a’zoligiga nomzod bo‘ladi.

Oliy Sovet raisi yetolmagan rutbaga erishgan brigadir

“KPSS MK a’zoligiga nomzod” nima degani?

Bu savol javobini Xolbuvi Rustamova to‘g‘risidagi birinchi yirik ocherk – “Salom, Oyqiz”ni yozgan jurnalist Sharof Ubaydullaev bunday tushuntirdi:

- Masalan, Oliy Sovet raisi yoki Ministrlar soveti raisi KPSS MK a’zosi emas edi. Xolbuvi Rustamova esa, MK a’zoligiga nomzod bo‘lgan edi.

Sharof Ubaydullaevning aytishicha, bunday oliy rutbaga u shunchaki bir o‘zbek ayoli bo‘lgani uchun emas, balki chindan ham e’tiborga loyiq bo‘lgani, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining zo‘r tashkilotchisi bo‘lgani uchun erishgan.

Шароф Убайдуллаев Холбуви Рустамова ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:32 0:00
Бевосита линк

Azob beruvchi va Azoblanuvchi

Sharof Rashidovning o‘limidan so‘ng Xolbuvi Rustamova ustida qora bulutlar aylandi. Uni Rashidovdan keyin O‘zKompartiya birinchi kotibi bo‘lgan Inomjon Usmonxo‘jaev "nihoyatda azoblarga" duchor qildi, deb esladi jurnalist.

Oradan yillar o‘tib, o‘sha azob bergan Usmonxo‘jaevning o‘limidan 1 hafta o‘tib, uning azobiga uchragan Rustamova olamdan o‘tdi.

Sharof Ubaydullaevning aytishicha, Shavkat Mirziyoevning Xolbuvi Rustamovaga munosabati yaxshi bo‘lgan.

Kechagi Xolbuvilarning bugungi Xolbuvilardan farqi nimada?

O‘zbek ishbilarmon ayollarining yangi avlodi vakili Shoira Hasanova Xolbuvi Rustamova to‘g‘risida eshitganini Ozodlikka bildirarkan, ikki avlod orasidagi farq to‘g‘risida bunday fikr bildirdi:

- Sovet davrida ishbilarmon bo‘lish ayol kishidan jasorat talab qilar edi. Hozirgi kunda har ikki ayolning biri ishbilarmon bo‘lib ketdi. Lekin ularning mutlaq ko‘pchiligi savdoning orqasidan ishbilarmonga aylandi. Xolbuvi Rustamovaga o‘xshab ishlab chiqarish bilan shug‘ullangani yo‘q hisobi.

XS
SM
MD
LG