Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 00:38

Qarshi va Andijon ortidan Namangan markazida ham Damaslar qatnovi taqiqlandi


Namangan viloyati hokimining maxsus farmoyishi bilan viloyat markazining shohko‘chalarida Damas mashinalari yurishi 25 martdan taqiqlandi. Bu qarorga ko‘ra¸ ertalabki soat 7:00dan kechki 20:00 gacha bo‘lgan oraliqda Damaslar "Chorsu", "Sardoba" bozorlari va markaziy "Temir yo‘l vokzali"ga boruvchi ko‘chalarga kirmaydigan bo‘ldi.

Hokimlik izohi

Namangan hokimligi rasmiysi bu qarorning Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi¸ Avtomobil va daryo transporti agentligi bilan muvofiqlashgan holda qabul qilinganini bildirdi.

“Shaharda sodir bo‘ladigan avtotransport hodisalarining qariyb 80 foizi Damas mashinalari bilan bog‘liq. Litsenziyasi bo‘lsa-bo‘lmasa¸ Damaslar shu markaziy ko‘chalarda odam tashishga o‘tib olishdi. Oqibatda¸ tirbandlik kuchayib ketdi¸ harakat xavfsizligi izdan chiqdi. Shunga hokim Damaslarni taqiqlashga qaror qildi. Lekin “Tez yordam”¸ militsiya va boshqa favqulodda xizmatlarga qarashli Damaslar bundan mustasno”¸ dedi Namangan hokimligining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.

Militsiya izohi

Namangan viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakili¸ Damaslarning yo‘l harakati tartibi va xavfsizligiga tahdidga aylanganiga oid bayonotni tasdiqladi. Lekin ayni rusumli mashinalarning markaziy ko‘chalardan quvilib¸ shaharning boshqa hududlarida bemalol yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotganiga mantiqiy izoh topib berishga qiynaldi.

“Shahar markazida yo‘lovchi tashish qiyin - odam ham ko‘p¸ avtotransport vositasi ham ko‘p. Bundan tashqari burilish va qayrilishlar ko‘p. Sardoba tomonlarda Damas haddan tashqari ko‘payib ketganini namanganliklar yaxshi biladi. Bozorlar oldidan o‘tib bo‘lmay qoldi ular ko‘pligidan. Shuning uchun markazda yurishi taqiqlandi. Hozir shuni nazorat qilish uchun 10 ta joyga patrullik xizmati qo‘yganmiz. Lekin boshqa ko‘chalarda bemalol yo‘lovchi tashishayapti Damaslarda. Agar odam tashish uchun xavfli bo‘lsa¸ nega boshqa ko‘chalar¸ boshqa shaharlarda mumkin¸ degan savolingiz o‘rinliku¸ lekin menda bunga javob yo‘q”¸ dedi Yo‘l harakati xavfsizligi rasmiysi.

Ishlab chiqaruvchi bergan izoh

1991 yildan avvaliga GM Daewoo kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan Damas mikroavtobusi¸ 2014 yildan boshlab Pitnakdagi "GM Uzbekistan" – "Xorazm Avto"zavodida chiqarilmoqda.

“Qarshi¸ Andijon va joriy oydan Namanganda ham xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab markazda yo‘lovchi tashish taqiqlangan Damas mikroavtobuslari o‘zi odam tashish uchun qo‘yilgan standartlarga javob beradimi? Bersa¸ nega ular O‘zbekistonning ayrim shaharlarida taqiqqa uchramoqda”¸ degan savollarga javob bergan “O‘zAvtosanoat” shirkati mutaxassisi¸ javob bu mashinadan qanday foydalanishga bog‘liq¸ degan mazmunda gapirdi.

“Ishlab chiqaruvchi bergan tavsiyaga ko‘ra¸ Damasda 7 tagacha odam tashish mumkin. Lekin bizda¸ ayniqsa¸ vodiy tomonlarda nima qilishadi – 10 tadan kam odamsiz yurishmaydi¸ yana ustiga-ustak yuk ham bosishadi. Bu ishlab chiqaruvchi tavsiyalariga ham¸ yo‘l harakati talablariga ham mutlaq zid. Taqiqlarga bizning aloqamiz yo‘q¸ boshqa tarafdan¸ vaziyatni tartibga solish uchun nimadir qilish kerak”¸ dedi “O‘zAvtosanoat” rasmiysi.

Iste’molchi e’tirozlari

Namangan markazida Damaslar qatnovi taqiqlanganiga munosabat bildirgan ayrim namanganliklar¸ ho‘lu quruqning baravar yonayotganiga e’tiroz bildirdilar.

“Xususiy tadbirkorman¸ shaxsiy Damasim bor. Endi bozor-o‘char qilishgayam bozor yaqiniga yo‘latmayapti. Mayli¸ kirakashlarni kiritmasin¸ tirbandlikni yo‘qotsin¸ bunga rozimiz. Lekin menga o‘xshab kundalik ishi bozor bilan bog‘liq odamlarga juda katta noqulaylik bo‘layapti. Ancha uzoqdan yo‘lga belgi qo‘yib¸ Damas kirmaydi¸ deb yozib qo‘yipti. Bunga e’tibor bermay o‘tganlarning hamma hujjatlarini olib qo‘yib¸ jarimaga tortayapti”¸ dedi namanganlik tadbirkorlardan biri.

Ozodlik gaplashgan ayrim namanganliklar¸ kirakash Damaschilarni taqiqlagan hokimlik¸ ular o‘rniga yo‘lovchi tashishni ta’minlovchi transport qatnovini tashkillashtirmaganini bildirdi.

Odam tashimaydiganlar Laboga o‘tishsin!

Bu e’tirozlarga munosabat bildirgan Namangan hokimligi rasmiysi¸ ularda jon borligini e’tirof etdi va yaqin kunlarda bu muammolar hal qilinishini bildirdi.

“Kirakashlik qilmaydigan Damas egalari¸ xususan¸ kichik tadbirkorlarga noqulaylik tug‘ilganini tan olamiz. Ular bizni tushunib¸ sabrli bo‘lishar deb¸ turibmiz. O‘zi ular Damaslarini Laboga almashtirishsa¸ o‘zlariga qulayroq bo‘lardi. Damaslar o‘rniga 30 tagacha yo‘lovchi tashiydigan avtobuslar qo‘yayapmiz¸ etmasa¸ yana qo‘yamiz. To yangi qaror ijrosi izga tushib ketguncha¸ biroz chidab turishga to‘g‘ri keladi”¸ dedi hokimlik rasmiysi.

Joriy yilning yanvar oyida Qarshi¸ fevral oyidan esa¸ Andijon markazida Damaslar qatnovi taqiqlandi.

27 mart kuni ham ikkala viloyat hokimligi rasmiylari bunday taqiqning amalda ekani va bundan so‘ng ham amalda qolajagini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG