Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:57

Chiqish vizasi o‘zbekistonlik oilalarni bir-biridan judo qilmoqda


Chiqish vizasini olish bilan bog‘liq muammolar sabab ayrim o‘zbekistonliklar xorijdagi farzandlari va turmush o‘rtog‘i yoniga qayta olmayotganini aytmoqda.

Toshkentlik Lobar Yunusova Ozodlikka murojaat qilar ekan, Birlashgan Arab amirliklaridagi eri va hali bir yoshga ham to‘lmagan qizining yoniga qaytish uchun to‘qqiz oydan beri Ichki ishlar vazirligidan chiqish vizasi ola olmayotganidan arz qildi:

- Men Birlashgan Arab amirligiga turmushga chiqqanman. To‘qqiz oydan oshdi O‘zbekistonga kelganimizga¸ qaytib ketolmayapmiz. Chiqish vizasi berishmayapti. Erim va bir yoshga to‘lmagan qizim u yoqda qolgan. Men ikki qizim bilan bu yerda. OVIRga borsak aniq javob aytishmaydi. “Ertaga keling, indinga keling”dan nariga o‘tishmaydi. Katta qizimning maktabi qolib ketayapti, - dedi Lobar.

Saudiya Arabistonining Madina shahrida tahsil olayotgan Sultonbek ham rafiqasi va farzandlari O‘zbekistonga ota-onasini ko‘rgani borib, ortga qayta olmayotganini aytadi:

- OVIRga so‘nggi bor ariza topshirganidan beri bir yil o‘tdi, javob yo‘q. Undan oldin ham topshirishgan, berishmagan. Hech qanaqa sabab aytishmaydi. Hozir men borsam¸ menga ham berishmasa o‘qishsiz qolib ketaman, deb qo‘rqayapman, - deydi Sultonbek.

Polshada polyak qizga uylangan Sobirjon esa rafiqasi, bir yoshli qizi bilan O‘zbekistonga borganida chiqish vizani olishda sarsongarchiliklarga duchor bo‘lganini hikoya qiladi:

- Bir oyda qaytamiz, deb qaytish biletni ham oldik. Kelin polyak bo‘lgani uchun unga chiqish vizasi kerak emas edi. U qizim bilan qaytib ketdi, men qolib qoldim. Ikki oy deganda berishdi. Endi O‘zbekistonga bormoqchi emasman, - deydi Sobirjon.

Samarqandlik Zarina esa AQShga eri va farzandlari yoniga qaytish uchun OVIR vizasini kutib o‘tirmaganini aytadi:

- Men o‘tgan yili O‘zbekistonga kasal yotgan onamni ko‘rish uchun qo‘limda chaqalog‘im bilan borgandim. Ikki farzandim bu erda erim bilan qolgandi. Ularni maktabi bor-da. Men viza ololmay O‘zbekistonda 6 oy qolib ketdim. Chiqmagach¸ Ukraina orqali AQShga uchib keldim. Chunki Kievga uchganda OVIR so‘ramaydi, Kievda ham pasportda OVIR bor-yo‘qligini tekshirmaydi. Boshqa ilojim yo‘q edi. Lekin endi O‘zbekistonga qaytib borolmasam kerak, chunki hukumat ruxsatisiz chet elga chiqdim, - deydi hozir AQShda oilasi bilan yashayotgan Zarina.

Ozodlik bu kabi shikoyatlarga izoh olishni so‘rab Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga murojaat etdi.

Boshqarma mulozimining aytishicha, chiqish vizasi olish uchun so‘rovnomani noto‘g‘ri to‘ldirganlar, noto‘g‘ri ma’lumot berganlar, avval chet elga chiqish tartibini buzganlarga viza berish kechikishi yoki arizasi rad etilishi mumkin:

- Odatda, bizda viza uzog‘i bilan uch haftada berilayapti. Ayrim fuqarolarniki cho‘zilishi mumkin. Lekin juda kam hollarda cho‘ziladi. So‘rovnomani to‘g‘ri to‘ldirgan bo‘lsa va avval chet elga chiqqanida ishkal qilmagan bo‘lsa¸ albatta¸ beriladi, - dedi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi mulozimi.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning Ozodlikka aytishicha, chiqish vizasi olish bilan bog‘liq muammolar¸ ortiqcha ovoragarchiliklar qarshisida qolganlar oz emas:

- Men sobiq siyosiy mahbus, yozuvchi Mamadali Mahmudovni ishi bilan o‘tgan hafta OVIRga borganimda u yerda viza ololmay turgan o‘nlab odamni ko‘rdim. Bu birgini Toshkentning Shayxontohur tumanida. Ba’zilari olti oy, ba’zilari bir yildan beri ololmayapti. Mamadali akaga to‘qqiz oydan beri berishmayapti. Chexiyaga ijodiy safarga borishi kerak yozda, berishmayapti. Biror bir izoh berilmasdan viza berilmayotganini aytishadi, - deydi Sur’at Ikromov.

Chiqish vizasi SSSR zamonida joriy etilgan tartib bo‘lib, O‘zbekiston bu tartibni saqlab qolgan 15 postsovet respublikasi orasidagi yagona, dunyoda esa Shimoliy Koreya bilan birga ikki davlatning biridir.

Sur’at Ikromov poraxo‘rlik va ortiqcha qog‘ozbozlik manbai bo‘lgan "chiqish vizasi"ni bekor qilish vaqti allaqachon pishib-yetilganini aytadi:

- Bu faqat ayrim poraxo‘r amaldorlarning cho‘ntagini to‘ldirayapti¸ xolos. Buning xavfsizlikka hech aloqasi yo‘q. O‘tgan yili Suriyaga ketmoqchi bo‘lganlardan biriga pora evaziga chiqish vizasini bergan amaldor qamalganini bilamiz. Chiqish vizasi O‘zbekistonda yo‘q qilinishi kerak. Chunki odamlar erkin harakatlanish huquqiga egadirlar, - deydi Ikromov.

O‘tgan yil Internetda "O‘zbekiston fuqarolari tashabbus guruhi" muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevga chiqish vizasini bekor qilish chaqirig‘i bilan chiqqan edi.

Change.org saytida chiqish vizasini (OVIR) bekor qilish so‘ralgan petitsiya e’lon qilindi¸ lekin hozircha vaziyat o‘zgargani yo‘q.

-O‘zbekistonda prezident o‘zgardi, sovet davridan qolgan chiqish viza bekor qilinmadi. Biz hozir viza ololmayotganlarni ishlari bilan tanishib, Ichki ishlar vazirligiga shikoyatnoma tayyorlayapmiz. Kerak bo‘lsa¸ sud orqali odamlarni huquqlarini himoya qilishga harakat qilamiz, xalqaro tashkilotlarga bildiramiz, chunki odamlarning huquqlari buzilayapti, - deydi Surat Ikromov.

Shu yil yanvar oyida O‘zbekiston hukumati rasmiy portalida “ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish” loyihasi ko‘rib chiqilaëtgani xabar qilindi.

Ichki ishlar vazirligi¸ xususan Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining Ozodlik gaplashgan rasmiylari bu loyihaning qonunga aylanish ehtimoli juda zaif ekanini bildirishdi.

XS
SM
MD
LG