Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:41

Sud Stokholmdagi hujumni O‘zbekiston vatandoshi amalga oshirganini ma’lum qildi


Stokholmda amalga oshirilgan teraktda gumon qilinayotgan Rahmat Oqilov
Stokholmda amalga oshirilgan teraktda gumon qilinayotgan Rahmat Oqilov

Stokholm sudi 7 aprel kuni shahar markazida yuk mashinasini piyodalar ustiga haydagan hujumchi o‘zbekistonlik Rahmat Oqilov ekanini rasman ma’lum qildi.

Sud rasmiy bildirgisi Ozodlikka yetib keldi.

Sud tomonidan advokatga taqdim etilgan bildirgida ayblanuvchining ismi 39 yashar Rahmat Oqilov ekani qayd etilgan.

Avvalroq Shvetsiya politsiyasi Stokholm markazida sodir etilgan hujumga aloqador 7 kishini hibsga olgandi.

Shvetsiya politsiyasi hibsda ushlab turilganlardan biri O‘zbekiston vatandoshi ekanligi to‘g‘risida bayonot bergan edi.

Sud rasmiy hujjati
Sud rasmiy hujjati

Qochuvdagi samarqandlik

9 aprel kuni Shvetsiya matbuoti hujumchining asli samarqandlik 39 yashar Rahmat Oqilov ekanini e’lon qilgandi.

Expressen nashrining politsiyadagi manbasiga tayanib xabar berishicha, ​“Oqilov tergov paytida o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olgan va “qilgan ishidan mamnun ekani”ni, “kofirlarga qarshi hujum qilib, o‘z maqsadiga etishgani”ni aytgan”.

Shvetsiya politsiyasi boshlig‘i Jonas Heysing 9 aprel kuni o‘tgan matbuot anjumanida terrorchilikda gumonlanib qo‘lga olingan o‘zbekistonlik qidiruvda bo‘lganini aytdi:

- Biz bu shaxs 2014 yilda Shvetsiyada doimiy yashash ruxsatnomasini olish uchun ariza berganini bilamiz. Ammo 2016 yil iyulida unga Shvetsiya Migratsiya agentligi tomonidan rad javobi berilgan va uni deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarilgan. U to‘rt hafta ichida mamlakatni o‘z ixtiyori bilan tark etishi shartligi to‘g‘risida ogohlantirilgan. Biroq 2017 yilda u bu shartni bajarmay qochib yurgani uchun uni topib,deportatsiya qilish politsiyaga yuklatilgan, - deb bildirdi.

Hibsga olingan o‘zbekistonliklardan yana birining yoshi, ism va familiyasi Ozodlikka ma’lum.

"Hozir aeroportdaman. Tupik"

Rahmat Oqilovning Telegram-dagi yozishmasi
Rahmat Oqilovning Telegram-dagi yozishmasi

10 aprel kuni shved ommaviy axborot vositalari Rahmat Oqilovning Telegram orqali IShID tarafdorlari yoki a’zolari bilan bo‘lgan yozishmalarini nashr etdi.​

Rus tilidagi ushbu yozishmalardan Oqilovning hujumni qanday amalga oshirish haqida ochiq muloqot olib borganini ko‘rish mumkin.

Yozishmalarda Oqilov bombani qanday tayyorlash haqida ko‘rsatmalar olgan.

Oqilov o‘z yozishmalarida, shuningdek, bunday degan: "Ertaga kechqurun olomonning ustiga haydash uchun, katta mashina topmoqchiman" - deya yozadi u.

Oqilov 7 apreldagi hujumdan keyin ham xat yozishga ulgurgan.

U Stokholm markazida yuk mashinasini odamlar ustiga haydashi natijasida kam odam o‘lganidan afsus bildiradi.

"Yomon, bir nechtasini bosib ketdim. Mashina boshqa joyga kirib ketdi. Hozir aeroportdaman. Tupik," - deb yozadi Rahmat Oqilov.

Bag‘dodiy bayrog‘i ostida

Stokholmdagi muhojirlardan birining Ozodlikka aytishicha, Rahmat Oqilov uni tanigan muhojirlar orasida "takfirchi" sifatida tanilgan.

- Bu yigit oilasidan ajrashgan. Samarqanddan. O‘zi aytib bergandi. Stokholm markazida bepul til o‘rganish markazi bor. O‘sha yerda tanishgan edik. Musulmonchilik haqida gapirayotib uning ba’zi noto‘g‘ri aqidalarini eshitib qoldim. Masalan, takfir qilish. "Namoz o‘qimagan odamlar - kofir. Biz bularga qarshi bo‘lgan Bag‘dodiyga borib bay’at qilishimiz kerak, o‘sha kishining bayrog‘i ostida kofirlarga qarshi chiqishimiz kerak", degan fikrlar, - deydi Rahmat Oqilovni tanigan muhojirlardan biri.

Shvetsiyadan eltuz.com muharriri Qudrat Bobojonning aytishicha, Stokholmdagi hujumdan bir muddat avval Rahmat Oqilov Suriyadagi qurolli guruhlarga pul to‘plash tadbirida faol qatnashgan.

- Menga anonim shaklda va ochiq shaklda qo‘ng‘iroq qilgan odamlar uning Suriyaga bog‘liq harakatlarini aytishayapti. Bundan bir qancha muddat avval Oqilov Suriyadagi jangari guruhlarga pul yig‘ish kampaniyasida qatnashgan kavkazlik yigitlar bilan birga. Manbaga ko‘ra, Oqilov qurilishda ishlab topgan daromadini O‘zbekistondagi o‘z yaqinlariga emas, Suriyaga jo‘natib turgan, - deydi Qudrat Bobojon.

Shvetsiyada istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik faol Dilobar Xudoyberganovaning aytishicha, Rahmat Oqilov hibsga olinishi ortidan politsiya u noqonuniy ishlagan qurilish shirkatlarida reyd o‘tkazgan.

- Rahmat Oqilov ishlagan qurilish shirkatlarida politsiya tintuv o‘tkazgan. U yerda ish bilan bog‘liq holatlarni o‘rganishgan, guvohlar bilan gaplashishgan. Xullas, u bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarning ham, odamlarning ham tinchi buzilgan, - dedi Dilobar Erkinzoda.

Stokholm markazida yuk mashinasining piyodalar ustiga yurishi natijasida 4 kishi halok bo‘lgan, 15 kishi jarohat olgandi.

Shvetsiya prokurori Hans Ihrman 7 aprel kuni Stokholm shimoliy bo‘sag‘asida mashinani boshqargan shaxsning hibsga olinganini e’lon qildi.

Shvetsiya bosh vaziri Stefan Lofven hujumni “terror amali” deb atadi.

Shvetsiya politsiyasi hujumchining “Islom davlati" ekstremist guruhiga moyil bo‘lgan o‘zbekistonlik ekanini bildirdi.

​Shvetsiya maxsus xizmati bu o‘zbekistonlik haqida o‘tgan yili ma’lumot olgan, ammo uni ekstremizmga aloqasi yo‘q, deb topgan.

Shvetsiya poytaxti Stokholmda yakshanba kuni minglab odamlar 7 aprelь kuni sodir etilgan terror harakatiga norozilik bildirib, “Muhabbat manifestatsiyasi” deb atalgan tadbirni o‘tkazdi.

Tadbirda siyosatchilar va san’atkorlar, taniqli bloggerlar chiqish qildilar.

XS
SM
MD
LG