Линклар

Amnesty International: 2016 yilda dunyo bo‘ylab qatl etishlar ozaydi


Eronda 2015 yilda 977 odam qatl etilgan edi, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 567 ga tushgan.

Amnesty International tashkilotiga ko‘ra, 2016 yilda dunyo bo‘ylab o‘lim jazosini ijro etish holatlari bir yil oldingiga qaraganda ozaygan. Bu ko‘rsatkichning ozayishiga asosiy sababi Eron va Pokistonda qatllar soni ozaygani asosiy sababdir.

Tashkilotning 11 aprel kuni e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, 2016 yildagi qatl etishlarning umumiy soni avvalgi 10 yillikka qiyoslaganda baribir ko‘pdir.

2016 yilda eng ko‘p shaxsni qatl etgan davlatlar safidan Eron va Pokistondan tashqari Xitoy, Saudiya Arabistoni hamda Iroq o‘rin olgan.

Tashkilotning o‘lim jazosini o‘rganuvchi guruhi maslahatchisi Chiara Sangiorgio Ozodlik bilan suhbatda ayrim mamlakatlar rasmiylari qatl etishlar sonini yashirishga urinayotganini aytdi.

Hisobotga Xitoyda amalga oshirilgan qatllar kiritilmagan. Tashkilotga ko‘ra, o‘lim jazosi davlat siri bo‘lgani uchun bu mamlakatdagi ko‘p sonli qatllar haqida ma’lumot to‘plashning iloji yo‘q.

Sangiorgio Xitoy qatllar soni eng ko‘p davlat ekanligini aytdi. 2016 yilda birgina Xitoyning o‘zida amalga oshirilgan qatllar qolgan barcha mamlakatlardagi qatllarning umumiy sonidan ko‘pdir.

Ammo Amnesty International 2009 yildan beri Xitoydagi qatllar haqidagi taxminlarini e’lon qilmay keladi. Tashkilotga ko‘ra, Xitoy rasmiylari Amnesty International taxminlaridan nojo‘ya maqsadlarda foydalanadi.

So‘nggi taxminlarga ko‘ra, 2016 yilda Xitoyda “minglab” odam qatl etilgan. Hisoblarga ko‘ra, ularning soni 10 mingdan oz. Muhimi, qatl etishlar soni 2016 yilda oldingi yilga qiyoslaganda ozaygan.

Ammo tashkilot Xitoy rasmiylarining qatllar soni ozaygani haqidagi iddaolarini tasdiqlashning iloji yo‘qligini bildirdi.

“Shu sababdan Amnesty International Xitoy rasmiylarini shaffof bo‘lishga hamda bunday ma’lumotlarni ommaga oshkor qilishga qaratilgan chaqiriqlarini yana takrorlaydi”, deyiladi hisobotda.

Eron

Xitoyni hisobga olmaganda, 2016 yilda qayd etilgan qatllarning 55 foizi Eronda amalga oshirilgan.

Eronda 2015 yilda 977 odam qatl etilgan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 567 ga tushgan.

Mamlakatda qatl etishning eng keng tarqalgan uslubi dorga osishdir.

Pokiston

Pokistonda 2016 yilda 87 odam qatl etilgan. Bu mamlakatda 2015 yilda 326 odam qatl etilgan edi.

Shunday bo‘lsa-da, Sangiorgio Pokiston haliyam eng ko‘p odamni qatl etuvchi davlatlar safida qolmoqda, deydi.

Afg‘oniston

Amnesty International 2016 yilda Afg‘onistonda 6 odam qatl etilganini qayt etgan. Ularning barchasi terrorchilikda aybdor, deb topilgan.

Afg‘on rasmiylari o‘lim jazosiga hukm qilish terrorchilar shashtini pasaytirishini aytib keladi. Ammo tashkilotga ko‘ra, buni tasdiqlovchi dalillar yo‘q.

Sobiq sovet mamlakatlari

Belarus 2016 yilda jinoyatchilarni qatl etgan yagona Yevropa davlatidir. O‘tgan yilda mamlakatda qotillikka qo‘l urishda aybdor, deb topilgan kamida 4 nafar jinoyatchi qatl etilgan.

Qozog‘istonda 2003 yilda o‘lim jazosiga moratoriy qo‘yilgan. Ammo o‘tgan yilning noyabr oyida Olmaota sudi Ruslan Kulekbaevni iyul oyida amalga oshirilgan terror hujumida ishtirok etishda ayblab, o‘lim jazosiga hukm qildi.

Rossiyada esa rasmiylar terrorchilarga qarshi o‘lim jazosini tiklashga chorlamoqda. Ammo Rossiya Dumasiga mart oyida yuborilgan o‘lim jazosi bo‘yicha yangi qonun loyihasi qabul olinmadi.

AQSh

AQSh 2016 yilda jinoyatchilarni qatl etgan Amerika qit’asidagi yagona mamlakatdir.

O‘tgan yilda umumiy hisobda 32 odam qatl etilgan. Bu 1973 yildan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.

XS
SM
MD
LG