Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:30

Alisher Usmonov Aleksey Navalniyni sudga bermoqchi


A.Usmonov va D.Medvedev
A.Usmonov va D.Medvedev

Rossiyalik taniqli biznesmen Alisher Usmonov Rossiya muxolifati lideri Aleksey Navalniy ustidan sudga shikoyat qilishini bildirdi. Alisher Usmonov Moskvaning Rublevskoe shossesidagi 87 mln dollar turuvchi yer va uyning Bosh vazir Dmitriy Medvedevga go‘yoki sovg‘a qilgani to‘g‘risidagi Navalniyning iddaolarini “bo‘hton” deb atadi. Aleksey Navalniy Usmonovning bayonotiga javob qaytardi.

Rossiyalik milliarder, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan tadbirkor Alisher Usmonov "Korruptsiyaga qarshi jamg‘arma" (FBK) nodavlat, notijorat tashkiloti asoschisi Aleksey Navalniyni sudga berishini bildirdi.

TASS xabariga ko‘ra, Usmonov sudga murojaat qilishga muxolifatchining matbuotda keltirgan ma’lumotlari sabab bo‘lgan.

- Navalniy odamlarni aldayapti va uning aytganlari – bo‘hton. Men uzoq vaqt unga ortiqcha piar yasab bermaslik uchun yolg‘on gaplariga e’tibor bermasdan keldim, ammo oxirgi tuhmatlari bilan, meni jinoyat sodir etganlikda ayblab, u haddidan oshdi. Shu sababli men Navalniyni sudga berayapman va huquq-tartibot organlariga ham murojaat qilaman, degan Alisher Usmonov.

Biznesmenga ko‘ra, Aleksey Navalniyning uni ayblashga "ma’naviy haqi yo‘q" , zero u o‘z ishlarini “shaffof va qonuniy” olib bormoqda, yuz minglab kishini ish bilan ta’minlamoqda, yiliga 100 mln. dollardan ortiq pulni xayriya qilmoqda.

Navalniy esa, o‘zining Twitter sahifasida Usmonovga javob qaytardi.

“O, Alisher Usmonov (6 yil O‘zbekiston SSRda o‘tirib chiqqan) xabar qiladiki, men “jinoyatchi” va meni ustimdan u “organlarga ariza” bilan murojaat qilar ekan”, deb yozdi Navalniy.

Aleksey Navalniy Usmonovning bayonoti ortidan o‘ziga va u boshqarayotgan tashkilotga yangi bosimlar bo‘lishini taxmin qildi. Muxolifat yetakchisi bu haqda seshanba kuni YouTube portalida ma’lum qildi.

Navalniy o‘zi ustidan yana bir jinoyat ishi ochilishi mumkinligi va FBKda navbatdagi tintuv o‘tkazilishi mumkinligini aytmoqda.

Alisher Usmonovning "sabr kosasini to‘ldirgan" hodisa Navalniy boshqarayotgan Korrupsiyaga qarshi jamg‘arma (FBK) "Bosh vazir Dmitriy Medvedevning deklaratsiya qilinmagan qarorgohlari, yaxta va boshqa mulklari mavjudligi" to‘g‘risida olib borilgan surishtiruv natijalarining e’lon qilinishi bilan bog‘liq.

Hozirga kelib “U sizga Dimon emas. Saroylar, yaxtalar, uzumzorlar – Dmitriy Medvedevning maxfiy imperiyasi” , nomi ostida chiqarilgan videofilmni 17 million odam ko‘rgani ma’lum.

Muxolifatchilar iddaosicha, Dmitriy Medvedev do‘stlari va yaqinlari orqali boshqarayotgan “xayriya jamg‘armalari”dan 70 milliard rubl (~1 mlrd. 231 million AQSh doll.-tahr.) miqdorida “hayr-ehson” olgan.

Xususan, FBK mutaxassislari iddaosicha, Alisher Usmonov Rublevskiy shossesidagi Znamenskoe qishlog‘ida joylashgan va 87,1 million dollarga baholangan uchastka va undagi qasrni Medvedevning sinfdoshi Ilya Yeliseev boshqarayotgan “Sotsgosproekt” fondiga o‘tkazib bergan.

Bu filmda, shuningdek, Rossiya hukumat raisi bilan bog‘liq jamg‘armalar bunday “ehsonlarni” boshqa yirik rus tadbirkorlaridan mablag‘ o‘tkazmalari shaklida, “Bashneft” va “Gazprom” kabi davlat va nodavlat tashkilotlaridan esa foydali kreditlar ko‘rinishida olib kelgani aytildi.

Hukumat rahbariyati Navalniy va muxolifat vakillarining bu iddaolariga javoban sukut saqlagani va javob berishdan bosh tortgani Rossiyaning yuzdan ziyod shaharlarida ommaviy norozilik aksiyalarini keltirib chiqardi.

2017 yilning 26 mart kuni minglab rossiyaliklar chiqishlari, yakka piketlari va ommaviy mitinglari politsiya va Rosgvardiya tomonidan tarqatib yuborildi, 1030 odam hibsga olindi.

Aleksey Navalniy va uning safdoshlari sud qarori bilan jarimaga tortildi va 15 sutkaga qamaldi. FBK ofisi butkul vayron qilinib, orgtexnikasi politsiya tomonidan musodara qilindi.

Bundan oldinroq muxolifat yetakchisi va Vladimir Putin rejimining ashaddiy tanqidchisi advokat Aleksey Navalniy 2018 yilga mo‘ljallangan Rossiya prezidenti saylovlarida ishtirok etishini bildirgan edi.

Levada-Markaz olib borgan sotsiologik so‘rov natijalariga ko‘ra, 26 martdagi korrupsiyaga qarshi norozilik aksiyalaridan keyin Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlayotgan va prezident saylovida unga ovoz berish niyatida bo‘lgan oddiy rossiyaliklar soni 10 foizga etgan.

26 mart kuni hukumatda ildiz otgan korrupsiyaga qarshi ommaviy aksiyalar esa 38 foiz rossiyalik tomonidan ma’qullangani ma’lum bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG