Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 11:03

Moskvaning Basmanniy tuman sudi Peterburgdagi terrorchilik amaliyotiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan “Lesnoe” kafesi ishchisi, 45 yashar Shohista Karimova va tojikistonlik oshpaz Ortiq Sodiqovni hibsda qoldirdi. Shohistaning himoyachisiga ko‘ra, uning sumkasidan topilgan granatani maskachan operativ xodimlar tashlab qo‘ygan. Ayni paytda Rossiya matbuotida e’lon qilinayotgan materiallardan markaziy osiyoliklarga nisbatan noxolis yondoshuv sezilmoqda.

7 aprel kuni Sankt-Peterburgdagi portlashlarga aloqadorlikda ayblanib hibs etilgan 45 yashar o‘zbekistonlik Shohista Karimova va tojikistonlik oshpaz Ortiq Sodiqov Moskvaning Basmanniy tuman sudiga keltirildi.

(Rossiya Tergov Qo‘mitasi matbuot xizmati)

- Qo‘lga olinganlarning yashash joylaridan “Ploshchad Vosstaniya” metrosida topilganga o‘xshash portlovchi moslama, o‘qotar qurol va o‘q-dori musodara qilindi. Biz qo‘lga olingan bu shaxslarni hibsda qoldirishni so‘rab sudga murojaat qildik, dedi Rossiya Tergov qo‘mitasi​ Svetlana Petrenko.

Tergovchilar Shohista Karimovaning sumkachasidan F1 jangovar granatasi, ikki dona detonator, zapal va mikrosxema topilganini sud hakamiga bildirdi.

Terrorchilikda gumon qilinayotgan Shohista Karimova 1971 yilning 4 mayida O‘zbekistonda tug‘ilgan. U bir o‘zi uch nafar farzandni boqayotgani, ulardan biri – voyaga yetmagan 16 yashar qiz ekani sudda ma’lum qilindi.

Hibsga olinguniga qadar Shohista Moskva viloyatining Odintsovo tumani Lesnoe qo‘rg‘onidagi kafelardan birida idish yuvuvchi bo‘lib ishlab kelgan. U Rossiyaga 2016 yilning sentabrida umrida birinchi marotaba ish izlab kelganini aytdi.

Shohista Karimovaning advokati Musa Abdulvahobov Basmanniy tuman sudi qaroridan mutlaqo norozi ekanini va Shohista Karimova maxfiy xizmatlar hiylasi qurboni bo‘lganini sudda yig‘ilgan jurnalistlarga bildirdi.

- Men bu ayolning hibsga olinishiga mutlaqo qarshiman. Men uchun aniqki, detonator va mikrosxemalar tergov amaliyotlarini olib borayotgan operativ xizmat xodimlari tomonidan tashlab ketilgan. Tergovchi amaliyot tugaganidan keyin tintuv joyiga kelgan. Sudga taqdim etilayotgan bu buyumlarning barchasi esa Karimovaning qo‘l sumkachasidan topilgan. Tergov jarayonida ishtirok etgan niqobdagi operativ xodim zapalni olib, uning biologik izlarini qoldirish maqsadida sochlariga surtgan, deya Shohistadan olingan ma’lumotlarga tayanib so‘zladi advokat Musa Abdulvahobov.

Advokat fsbchilar detonatorlarni Karimovaning sochidan tashqari qo‘ltig‘iga ham surtishga buyurganini aniqlaganini aytdi.

Sudda Shohista Karimova bilan birga qo‘lga olingan tojikistonlik, 1978 yilda tug‘ilgan Sodiq Ortiqovning Peterburgdagi terrorchilik hurujiga aloqasiga doir ma’lumotlar keltirilmadi.

Biroq, “Lesnoe” kafesida oshpaz bo‘lib ishlab kelgan bu yigitdan "tintuv paytida Makarov pistoleti, ikkita trotil shashkasi, F1 granatasi va portlovchi modda topilgani" ayblovchi tomonidan e’lon qilindi.

Sodiq Ortiqov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etib, FSB musodara qilgan qurol-aslaha unga tegishli emasligini bildirdi.

Sud Shohista Karimova va Sodiq Ortiqovni 3 iyungacha hibsda qoldirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Basmanniy sudi zalidan chiqarilgan va koridrida bir nechta qo‘riqchi qaramog‘ida kishanlangan holda ketayotgan Shohista jurnalistlar oldida yig‘lab yubordi va baqirdi:

- Men aybdor emasman! Rossiya matbuoti, e’lon qiling: men aybdor emasman! Meni podstavka qilishdi! Agarda haqiqatni istasangiz - yetkazing buni....

​("Moskva-24" telekanali syujeti)

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda advokat Musa Abdulvahobov sudda tergovchilarni noqonuniy hatti-harakatlarda ayblagani uchun allaqachon bosim ostida qolganini ma’lum qildi.

U Rossiya Tergov qo‘mitasidan unga telefon qilishib, “tintuv qonun buzilishlar bilan olib borilgani” to‘g‘risida boshqa gapirmaslikni talab qilishganini bildirdi.

Bosimga qaramasdan, himoyachilar Shohista Karimovaning hibsga olinishi ustidan yuqori idoraga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi.

Ayni paytda, Moskva va Peterburgda...

Rossiyalik huquq himoyachilari Peterburgdagi hodisa ortidan Rossiyadagi migrantlarga qarshi navbatdagi “oblava” va “zachistka” reydlar avj olishini bashorat qilgan edi.

Muhojirlar ko‘chalarda politsiya tekshiruvi yana avjiga chiqqani, uchastka nozirlari kvartirama-kvartira yurib hujjat tekshirayotganidan shikoyat qilmoqda.

Ko‘chaga bosh chiqara olmay qolganini gapirayotgan ko‘plab muhojirlar tinimsiz tekshiruvlar ularning daromadlariga ham salbiy ta’sir qilayotganini bildirmoqda.

Terrorchilik akti markaziy osiyolik tomonidan sodir etilgani e’lon qilinishi ortidan Rossiyadagi xorijlik migrantlar bosim ostida qolgani to‘g‘risida Ozodlik ko‘plab xabarlarni ola boshladi. Ayniqsa, markaziy osiyolik migrantlarga qarshi kayfiyatning kuchayishiga mahalliy ommaviy axborot vositalari katta hissa qo‘shayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

“Vecherniy Bishkek” sayti xabariga ko‘ra, qirg‘izistonlik Natalya Kushparenko pasporti Qirg‘izistonniki bo‘lgani sababli Moskva mehmonxonalaridan biridan joy berilmaganini xabar qildi. “Men Qirg‘iziston Respublikasi grajdani bo‘lganim uchunmi?” savolimga ular: “O‘zingiz tushunishingiz kerak”, deyishdi", dedi jurnalist.

Ozodlik o‘z manbalaridan Rossiya poytaxti va Moskva viloyatining bir qator manzillarida politsiya va maxsus kuchlar reydlari va "oblavalari" bo‘lib o‘tganini aniqladi.

O‘zbek faollaridan biri Ozodlik bilan suhbatda oxirgi bir hafta ichida Peterburgda ham muhojirlar turmushi keskin og‘irlashib qolganini Ozodlikka tasdiqlab, dedi:

- Odamlarni uyma-uy kirib tekshirishlar boshlandi. Har qadamda pasporti bormi, pasporti yo‘qmi – olib kirib qo‘yyapti. O‘zbekistondan yuk olib kelgan bir marhamatlik yigitni olib kirib, ikki sutka ushlashibdi, vaholanki migratsiya kartasiga “tranzit” deb yozilgan. Pulini olib, qo‘yvorishdi! Krayniy qilib anovi bolani terrorchi qilib qo‘yishdi. Uni tanigan bolalar aytyaptiki, u hatto namoz ham o‘qimagan! Xalqni qiynashib, aldashyapti. Vaziyat umuman og‘ir hozir, dedi Peterburgdan Ozodlikka ulangan Bek ismli suhbatdosh.

Ayni paytda, REN-TV telekanali Sankt-Peterburg metrosidagi portlash yuzasidan tergovchilarning dastlabki xulosalarini e’lon qildi.

“Mutaxassislarga ko‘ra, portlovchi moslama terrorchi-xudkush tomonidan amalga oshirilmagan”, deya ma’lum qildi nashr.

Rus politsiyasi va matbuotining tasdiqlanmagan ma’lumotni tarqatishi oqibatida begunoh kishilar terrorchilik ayblovi ostida qolgani borasida Ozodlik oldinroq xabar bergan edi.

O‘tgan bir hafta davomida Moskva va Sankt-Peterburgda “Piterlik terrorchi”ga aloqadorlikda gumon qilinib, 8 markaziy osiyolik hibsga olingani xabar qilindi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi 3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida portlashni amalga oshirgani aytilayotgan Qirg‘izistonda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Akbarjon Jalilovga aloqadorlikda gumon qilib yana 8 kishini hibsga oldi va 3 ta portlovchi moslama topganini xabar qildi.

Kuchishlatar tizim xodimlari bu 6 muhojir yigitni Peterburgning Tovarishcheskiy prospekt-22/1 manzili bo‘yicha joylashgan kvartiradan “bomba tayyorlash tsexi” va “qurol-aslaha saqlash ombori” sifatida foydalanib kelganlikda ayblamoqda. Bu kvartiradan maxsus xizmatlar tomonidan musodara qilingan portlovchi modda Jalilov ijarada turgan kvartirada topilgan moslamaga aynan o‘xshash ekani ma’lum qilindi.

Bu shaxslarning hibs etilishi jarayoni borasida Ozodlik oldinroq xabar bergan edi.

Rossiya matbuoti Peterburgdagi teraktga bevosita “Suriyada jang qilayotgan o‘zbeklar aloqador bo‘lishi mumkinligi” to‘g‘risidagi iddaolarni omma orasida tarqatishni boshladi.

“Federal axborot agentligi” Akbarjon Jalilov bir oy oldin Qirg‘izistonga borgani va “Tavhid al-Jihod” guruhiga to‘da-to‘da bo‘lib a’zo bo‘layotgan radikal-o‘zbeklar bilan qizg‘in muloqot qilgan bo‘lishi mumkinligi”ni e’lon qildi.

“Kommersant’” nashri ushlangan o‘zbek yigitlari orasida “o‘zini portlatishga tayyorlagan xudkushlar” bo‘lishi mumkinligi va “Ploshchad Vosstaniya” metro bekatidagi bomba shulardan biriga tegishli ekanini iddao qilib chiqdi.

Tergovchilar taxminlariga ko‘ra, Rossiya fuqarosi Jalilov metroga ikkita bomba olib kirgan, ammo uning sheriklaridan biri “Ploshchad Vosstaniya” bekatiga kelmaganidan keyin, moslamani shu yerda tashlab ketgan.

“Interfaks” agentligi esa FSBdagi o‘z manbasiga tayanib, “kvartiradagilardan yana biri uchinchi bombani portlatmoqchi bo‘lgani”ni yozdi.

Ushlangan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston vatandoshlari Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 205-3 (terrorchilik akti), 222-1 (portlovchi moddalarni noqonuniy ayirboshlash) moddalarida ayblanib ikki oyga, ya’ni iyun oyi boshlarigacha hibsda qoldirildi.

Hibsga olingan muhojirlarning birortasi o‘z aybiga iqror bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG