Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:11

Gazsiz¸ svetsiz yashashga ko‘nikkan qarshiliklar endi suvsiz qoldirildi


Qarshi shahrida ichimlik suvga navbat
Qarshi shahrida ichimlik suvga navbat

Qarshi shahrida ichimlik suv quvurlarini profilaktika qilish tadbiri ortidan aholi besh kun ichimlik suvisiz qoldi. Bu haqda xabar bergan qarshiliklarga ko‘ra, mashinalarda keltirilgan suv hammaga yetmagani bois, ayrim joylarda¸ ur-to‘polon yuzaga chiqqan. Quvurlar profilaktikasi tugagandan keyin ham suv ta’minotining yaxshilanmagani aytilmoqda.

“Besh kun odamlar do‘kondan suv sotib olib ichdi”

Qarshi shahrida ichimlik suv tizimida yuz bergan bir necha kunlik uzilish¸ shaharliklardan birining Ozodlikka ëzishicha¸ aholi kundalik turmushida jiddiy muammolarni keltirib chiqargan.

“Mana Qarshi shahrida suv yo‘qligiga ham uch kun bo‘ldi. Vodovozlarda kelgan suvdan olish uchun odamlar bir-birini urib, talab, ishkal bo‘p yotibdi. Suv yetmagan odamlar noiloj har kuni magazindan 10-15 ming so‘mga suv sotib olib, ichayapti. Qarshi shahrining markazida shunday bo‘layapti. Ishonmasalaring, mana o‘zlaring ko‘ringlar”, deb yozgan qarshilik Davron suv olish uchun bo‘lgan to‘polonlar tasviri tushirilgan fotosuratlarni ham ilova qildi.

Qarshi shahrida ichimlik suv muammosi
Qarshi shahrida ichimlik suv muammosi

​Qarshi shahar “Suvoqova” ishlab chiqarish birlashmasining navbatchi dispetcheri shaharliklarga bir necha kun ichimlik suvi berilmaganini tasdiqlar ekan, bu haqda aholi avvaldan ogohlantirilganini aytdi:

- Mahalliy televidenie orqali 10-13 aprel kunlari suv bo‘lmaydi¸ deb e’lon qilgandik. Sababi, profilaktika o‘tkazib, ikki joyda quvur almashtirdik. Hozir suvni ochganmiz, qaergadir bormagan bo‘lsa, endi boradi, quvurlar to‘lishi kerak, chiqayapti asta-sekin, dedi dispetcher.

“Baribir shahar suvga yolchimadi”

“Suvoqova” tashkilotining ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassislaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, ichimlik suv muammosini bir-ikki quvurni almashtirish bilan hal bo‘lmasligini bildirdi.

“Qarshiga ichimlik suvi 120 kilometr masofadan, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlaridan quvurda keladi. Bu quvurlarga ham qirq yildan oshgan. Shahardagi aksariyat quvurlar ham muddatini o‘tab bo‘lgan. Shahar mahallalariga ertalab ikki soat, kechqurun ikki soat suv beriladi. Doimiy oqib turadigan suv yo‘q. Butun tizimni rekonstruksiya qilish lozim, buning uchun esa mablag‘ yo‘q”, dedi bu mutaxassis.

“Qarshi aholisining aksariyati hovuzdan suv ichadi”

Qarshi shahrining Mahallot mahallasida yashovchi Gulshan Qoraeva, suvsizlikning shaharda surunkali muammoga aylangani ortidan qurbi yetgan oilalar o‘z hovlisida suv saqlaydigan hovuz qurdirib olganini aytadi:

- Bizda ham uch kunga deb e’lon qilib, bir hafta suv bo‘lmadi. Mana hozir suv ertalab va kechqurun berdi, lekin napor yo‘q, suv tepaga chiqmaydi. Odamlar yerning tagida yotgan trubagacha 1-2 metr kavlab, o‘sha yerdan o‘zlari jo‘mrak o‘rnatib olgan. Bu suv ham goh bor, goh yo‘q. Shuning uchun hamma hovuz qilib olgan. Bir mashinasini 30-40 ming so‘mga sotib olib, hovuzga quyib qo‘yamiz va o‘shandan iste’mol qilamiz, bizdaku arzonroq, uzoq tumanlarda esa mashinasini 150 ming so‘mgacha sotib olishayapti, dedi Gulshan.

Bu suhbatdosh¸ ichimlik suvi tanqisligi sababini shaharda bog‘ va poliz uchun sug‘oriladigan suvning yo‘qligi bilan izohlaydi:

- Bizda sug‘oriladigan suv yo‘q. Hamma hovlisidagi ekinlarini ichimlik suvi bilan sug‘oradi. Shuning uchun ham suvning boshida turganlardan suv ortmaydi. Toki Qarshi shahrini sug‘oriladigan suv bilan ta’minlamas ekan, ichimlik suv muammosi baribir hal bo‘lmaydi, dedi Gulshan Qoraeva.

“Tumanlarda ichimlik suvi juda ham qimmat”

Qashqadaryo viloyati markazi aholisi uchun ichimlik suvi muammosi endi kuchayib borayotgan bo‘lsa¸ bu janubiy viloyat rayonlari aholisi vodoprovod suvini unutganiga ko‘p bo‘lgan.

Xususan¸ kosonlik 46 yashar Akmal esini taniganidan buyon ichimlik suvini sotib olishlarini aytadi:

- Kosonda bir mashina suvning narxi 130 ming so‘m. Chunki Qarshidan tashib keladi. Bu suv qish paytida bir oyga, yozda esa 15 kunga yetadi. Agar, men 46 yoshga kirgan bo‘lsam, esimni tanigandan buyon suvni sotib olamiz. Sobiq ittifoq davrida kran bor edi, bir kunda bir mahal suv kelardi, odamlar navbatda turib suv olardi. Hozir o‘sha vodoprovod ham yo‘q, dedi Akmal.

Prezident ichimlik suvi muammosini hal qilishga kirishdi

18 aprel kuni respublika aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash haqida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev farmoni e’lon qilindi.

Farmonda suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’ektlarini samarali ekspluatatsiya qilish, ichimlik suvi resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, ichimlik suvidan foydalanishni davlat tomonidan nazorat qilishning yagona tizimini yaratish maqsadida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“Davsuvinspeksiya”) tuzilishi aytiladi.

“O‘zbekiston ichimlik suv taqchilligini boshidan kechirayotgan davlat”

O‘zbekiston o‘z suv resurslariga ega bo‘lsa-da, jiddiy suv taqchilligini boshidan kechirayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, bu iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasining yuksalishiga monelik qilmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda ichimlik suv muammosi kundan kun og‘irlashib borayapti, janubiy va g‘arbiy viloyatlarda ichimlik suv tanqisligi ayniqsa yaqqol sezila boshlagan.

Mamlakatda ichimlik suvi, asosan, yer osti manbalar hisobidan ta’minlanadi. Yer osti chuchuk suv resurslari Farg‘ona vodiysi (34,5 %), Toshkent (25,7%), Samarqand (18%), Surxondaryo (9%) va Qashqadaryo viloyatlari (5,5%)da jamlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari mahalliy obi hayot manbalaridan deyarli mahrum.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining qariyb to‘rtdan bir qismi (6 milliondan ortiq kishi) ifloslangan suvning salbiy ta’sirini his qilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar necha yildirki, Qoraqalpog‘iston va Xorazm aholisi ichayotgan suv amaldagi standartlardan bir necha tosh narida ekani haqida bong uradi. Davlat Sanitariya-epidemiologiya idorasi ham ushbu hududdagi vodoprovod suvi kimyoviy tarkibiga ko‘ra 18,7 dan 75 foizgacha davlat standarti talabiga javob bermasligini tan olgan.

Mutaxassislar Samarqand viloyatidagi Zarafshon, Toshkent viloyatidagi Chirchiq va Ohangaron, Farg‘ona viloyatidagi So‘x suv manbalarining ham tagi ko‘rinib qolayotganiga e’tibor qaratadi.

XS
SM
MD
LG