Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 22:14

Matbuot sharhi: Terminal yetkazib berilmagan tadbirkorlar yuragini hovuchlab ishlayapti


Banklar 17 mingga yaqin tadbirkorga terminal apparati yetkazib bermagan. Alisher Usmonov “Paxtakor” klubi aksiyalarini sotib olmagan. Matbuot O‘zbekistonda xususiy kinostudiyalar ishlab chiqarayotgan ko‘plab kino mahsulotlari axloqsizlik, betgachoparlikni targ‘ib etayotganini iddao qildi.

_______________________________________________________________

Terminalsiz tadbirkor jazoga tortiladi, ammo banklar terminal apparatini vaqtida yetkazib bermayapti

Joriy yil 1 martdan O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar aholidan to‘lovlarni plastik karta orqali qabul qilishlari shart, aks holda jazoga tortiladi (“Darakchi”, 20 aprel). Ammo terminal apparati uchun ikki oy avval ariza bergan minglab tadbirkorlarga ham banklar o‘z vaqtida apparatni yetkazib bera olmayapti. Oqibatda tadbirkorlar jarimaga tushmaslik uchun yurak hovuchlagancha faoliyat olib bormoqda. Davlat soliq qo‘mitasi xodimi Jasurbek Davlyatovga ko‘ra, joriy yil 1 aprel holatiga ko‘ra savdo va pulli xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning 17 mingtasi terminal apparatiga muhtoj. Markaziy bank vakili Olim Shadiev terminallar tanqisligini yangi tartib joriy etilgach, talab va buyurtma keskin ortgani bilan izohlagan.

Milliarder Alisher Usmonov “Paxtakor” klubi aksiyalarini sotib olgani rad etildi

Rossiyalik o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi aksiyadori bo‘lgani va jamoa rahbari o‘zgargani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq. Bu haqda bir qator gazetalar klub matbuot xizmatiga asoslanib xabar tarqatdi. Qayd etilishicha, bugungi kunda “Paxtakor” futbol klubi 100 foiz Toshkent shahar hokimligi tasarrufida bo‘lib, A.Usmonov jamoa aksiyalarini sotib olgani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, qoniqarsiz o‘yinlari bois joriy yil aprel oyi boshida bosh murabbiy Grigoriy Kolosovskiy lavozimidan olinib, uning o‘rniga Ravshan Haydarov tayinlangan.

Matbuot: Xashaki syujetli filmlar ustidan nazoratni kuchaytirish lozim

O‘zbekistonda xususiy kinostudiyalar ishlab chiqarayotgan ko‘plab kino mahsulotlari axloqsizlik, betgachoparlikni targ‘ib etmoqda (“Hurriyat”, 19 aprel). “Biri ko‘cha jargonlarida paydarpay aytib, “masxarabozlik” qilsa, biri futbolka ustidan galstuk taqib, “zamonaviy imij” yaratadi, yana biri keksa bo‘lsa-da, “mayka-shortik”da chopqillab, kimningdir qitiq-patiga tegadi”, deya xashaki syujetlarga asoslangan xontaxta filmlarni tanqid qiladi gazeta. Qayd etilishicha, xususiy filmlarda ishlatilgan “Hozir shu turishingda zapchas qip tashiymi”, “Koroche, bo‘ttan sirpan”, “Ho‘, nima divossan, tirpila”, “O‘tirurib zanglab qomadingmi” kabi jargon iboralar ham o‘zbek tiliga hurmatsizlik sanaladi. “Fikrimizcha, xususiy kinostudiyalarda kuzatilayotgan yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish uchun “O‘zbekkino” milliy agentligi huzuridagi Badiiy kengash a’zolariga tijoriy filmlar nazoratini to‘la topshirish lozim. Shu yo‘l bilan filmlarni saralab, tomoshabinga muayyan ozuqa beruvchi, maqbul kinoasarlarni katta ekranga olib chiqish mumkin”, deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG