Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:52

“Imom Buxoriy” katibasining o‘ldirilgan o‘zbek amiri o‘rniga yangisi tayinlandi


Shayx Salohiddin o‘ldirilishi ortidan uning hujumchi kiyimidagi surati tarqatildi.
Shayx Salohiddin o‘ldirilishi ortidan uning hujumchi kiyimidagi surati tarqatildi.

Suriyada o‘z safdoshi tomonidan o‘ldirilgan "Imom Buxoriy" katibasining yetakchisi Shayx Salohiddin o‘rnini tojikistonlik Abu Yusuf egalladi. Bu haqda Ozodlikka Suriyadagi jangari guruhlarning bir-biridan mustaqil bir nechta vakili ma’lum qildi. O‘zbek jangarilari orasida Shayx Salohiddin nomi bilan tanilgan asli namanganlik Akmal Jo‘raboev "Imom Buxoriy" katibasi asoschilaridan biri edi.

Salohiddinning o‘ldirilishi

Suriyadagi jangari guruhlar vakillariga ko‘ra, 43 yashar Shayx Salohiddin o‘tgan payshanba, 27 aprel kuni Suriyaning shimoli-g‘arbidagi Idlib shahridagi masjidda 6 quroldosh sherigi bilan shom namozini ado etayotgan paytda o‘zi boshchilik qilgan katiba a’zosi tomonidan otib tashlangan.

Hodisada Shayx Salohiddindan tashqari yana uch jangari halok bo‘lgan, ikki nafari yaralangan.

Hujumchi hodisa joyidan qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Ayni kunning o‘zida "Imom Buxoriy" katibasi Shayx Salohiddin joniga qasd qilgan shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qildi va u haqda ma’lumot berganlarga 1 million Curiya funti (taxminan 4,700 AQSh dollari) miqdorida mukofot puli va’da qildi.

"Imom Buxoriy" katibasining o‘ldirilgan lideri Shayx Salohiddin
"Imom Buxoriy" katibasining o‘ldirilgan lideri Shayx Salohiddin

"Islom davlati" ekstremist guruhi hujum uning asosan markaziy osiyolik jangarilaridan tashkil topgan "Xuroson" qanoti tomonidan rejalashtirilgani va amalga oshirilgani haqida bayonot tarqatdi.

"Kecha "al-Buxoriy"ni amiri Shayx Salohiddin hamma qilgan sotqinliklariga... yarasha shar’iy jazosini oldi," - deya ta’kidlanadi Telegram tarmog‘i orqali tarqatilgan bayonotda.

"Islom davlati" Shayx Salohiddin o‘limi uchun ma’suliyatni o‘z zimmasiga oldi
"Islom davlati" Shayx Salohiddin o‘limi uchun ma’suliyatni o‘z zimmasiga oldi

28 aprel kuni tushlikdan so‘ng "Imom Buxoriy" katibasi jangarilardan biri Ozodlikka qotilning qo‘lga tushirilganini ma’lum qildi:

"Bizning jamoat safarbarlik e’lon qilib, bugun (juma kuni) ushladi. Hujum qilgan yigitning ismi Jobir. U kirib-chiqib yurgan uyni bizning bolalar bosishgan. Bosishganda uy ichidan 12 ta ayol va 10ta erkak chiqqan. Davlaga ("Islom davlati" nazoratidagi hududlar - Ozodlik izohi) ketayotgan oilalik o‘zbek va tojiklar bo‘lgan," dedi katiba jangarisi.

Namanganlik shayx

Shayx Salohiddin aslida O‘zbekistonning Namangan shahrida ulg‘aygan Akmal Jo‘raboevdir.​

Shayx Salohiddin Suriyada 2011 yilda fuqarolar urushi boshlanishidan ko‘p o‘tmay asos solingan “Imom Buxoriy” guruhiga ilk kundan boshlab to o‘ldirilguniga qadar boshchilik qildi.

"Imom Buxoriy" guruhiga Tolibon rahbariyatining ruxsati bilan asos solingan.

“Imom Buxoriy” katibasi o‘z veb saytida 2016 yil 19 iyul kuni Toliblar harakatining yangi rahbari Mavlaviy Mulla Haybatulloh Oxunzodaga bay’at berganini e’lon qilgandi.​

So‘nggi yillarda katiba rahbari o‘zining diniy, siyosiy ma’ruzalari bilan internet foydalanuvchilariga tanildi.

Agar, shayx Salohiddinning o‘z videomurojaatlarida qilgan iddaolariga ishonilsa, u Suriyaga yo‘l olishdan avval uzoq muddat Afg‘onistonda bo‘lgan.

Toliblarning bir qancha liderlari bilan ham uchrashgan.

Xususan, o‘tmishda uning Toliblar yetakchilaridan biri Sirojiddin Haqqoniy bilan uchrashgani haqida ma’lumotlar bor.

Shayx Salohiddinning bir o‘g‘li 2015 yilda Halabda halok etilgandi.

Yangi muvaqqat rahbar

Suriyalik o‘zbek jangari guruhlarida bo‘lganlarning Ozodlikka ma’lum qilishlaricha, ayni kunning o‘zida katibaga Abu Yusuf taxallusli jangari muvaqqat rahbar tayinlangan.

Suriyadagi o‘zbek jangari guruhlari faoliyatini kuzatib boruvchi Istanbuldagi o‘zbek jurnalistining aytishicha, Abu Yusuf o‘zbek jangarilari orasida diniy savodga ega qo‘mondon sifatida tanilgan.

"Bu yigit haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Uning oxirgi paytlarda Idlib viloyatida prezident Asad armiyasi va boshqa isyonchi guruhlarga qarshi bir nechta amaliyotga boshchilik qilgani ma’lum. Harbiy strateg sifatida obro‘ qozongan. Uning diniy bilimga ega bo‘lgani ham aytiladi," dedi ismi oshkor etilishini istamagan jurnalist.

Doimiy rahbarning nomi yaqin kelajakda e’lon qilinishi kutilmoqda.

Suriyadagi o‘zbek jangarilari

Hozirgacha Suriya va Iroq hududida harakatlanayotgan o‘zbek jangarilarining 3ta guruhi ma’lum.

Bulardan biri - 27 aprelda rahbari halok etilgan “Imom Buxoriy” katibasidir.

Turkiyadagi o‘zbek jurnalistining aytishicha, katiba tarkibidagi jangarilarning taxminiy soni besh yuz nafardan ortiqroqdir.

Ularning aksari o‘zbekistonlik ekani haqida taxminlar bor.

Yana bir o‘zbeklar guruhi “Tavhid va Jihod”dir.

Guruh a’zolarining aksar qismi qirg‘izistonlik o‘zbeklar ekani taxmin qilinadi.

2014 yilda guruh yetakchisi – asli o‘shlik Abu Saloh “Jabhat an-Nusra” va bu guruhning onasi bo‘lgan – “Al-Qoyda”ga bay’at berganini e’lon qilgandi.

Ikkala guruh ham Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatida faol.

Halqaro tahlil markazlari va Suriya, Iroqdan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, har ikki guruh muntazam ravishda “Jabhat an-Nusra” safida turib jang qiladi.

Uchinchi guruh "Jabhat an-Nusra”ning ashaddiy dushmani "Islom davlat"ining "Xuroson" qanotidir.

Bu guruhning na rahbari va na tarkibi haqida Ozodlik ixtiyorida ma’lumot bor.

XS
SM
MD
LG