Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:55

Matbuot sharhi: Mehnat vazirligiga “ofarin”: savol – bog‘dan, javob – tog‘dan


Farg‘onada virtual qabulxona murojaatiga bepisand mansabdorlarga ish qo‘zg‘atildi. Ichki ishlar vaziri fuqarolarga qo‘pollik qilayotgan xodimlarni keskin ogohlantirdi. Toshkentda nosoz yo‘l cabab yosh bola nobud bo‘ldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Ichki ishlar vaziri: Fuqarolarga qo‘pollik qiladigan xodimlarga safimizda o‘rin yo‘q

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov xizmat vaqtida spirtli ichimlik iste’mol qilayotgan va fuqarolarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgan ichki ishlar xodimlarini tanqid qildi (“Postda”, 29 aprel).

Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida o‘tgan katta yig‘ilishda kasbiga noloyiq ichki ishlar xodimlari xususida videorolik ham namoyish etilgan.

“Bu xizmat kiyimi sizlarga hududingizda o‘zingizni ko‘z-ko‘z qilish, fuqarolarga qo‘pol muomala qilish uchun berilmayapti. Sizlar hududda osoyishtalikni ta’minlashga, fuqarolar haq-huquqini himoya qilishga, jinoyatlarning oldini olishga birinchi galda javobgarsiz”, degan vazir A.Azizov.

Yig‘ilishda vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan xodimlarga qonuniy chora ko‘rish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

Toshkent viloyatida nosoz yo‘l cabab yosh bola nobud bo‘ldi

​Toshkent viloyati Qibray tumani Chingeldi mahallasi yo‘llari nosozligi bois ko‘plab yo‘l-transport hodisalari ro‘y bermoqda (“Darakchi”, 4 may).

Shu hududda yashovchi Abror Qodirovga ko‘ra, avtoavariyalardan birida yosh bola nobud bo‘ldi. Ammo 2015 yilda asfalt yotqizamiz degan va’da bilan kavlab ketilgan yo‘l hamon abgor ahvolda qolmoqda. Shuningdek, fuqarolar murojaatidan ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Damariq mahallasi yo‘llari 30 yildan buyon asfaltlanmagan.

Andijon viloyati Paxtaobod tumani Qashqir massividagi yangi namunali uylar qurilgan ko‘chalar xarob ahvolda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy shahri Xoncharbog‘ ko‘chasi yo‘llari yog‘in-sochin payti botqoqlikka o‘xshab qoladi. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani markaziy yo‘li o‘ta ta’mirtalab ahvolda.

Farg‘onada virtual qabulxona murojaatiga sovuqqonlik bilan qaragan hokim va mansabdorlarga ish qo‘zg‘atildi

Farg‘ona viloyatida Prezident virtual qabulxonasiga yo‘llangan murojaatlarni hal etishda mansabdorlarning mas’uliyatsizligi va sansalorlikka yo‘l qo‘yayotgani aniqlandi (“Huquq”, 4 may).

Masalan, murojaatlarni ko‘rib chiqishda huquqbuzarligi uchun Bag‘dod tumani hokimi S.Zokirov, Farg‘ona viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi rahbari I.Jalilov, “Vodiygazta’minot” unitar korxonasi boshlig‘i A.Ergashevga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 43-moddasiga ko‘ra ish qo‘zg‘atilib, sudga yuborilgan. Bundan tashqari, yana 8 ta holat bo‘yicha mansabdorlarga jinoiy ish ochilgan.

Mehnat vaziri o‘rinbosari soxtaliklar xususidagi savolga javob berishdan qochdi

O‘zbekiston Mehnat vazirligining rasmiy saytida (mehnat.uz) berilgan bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarda soxtalik va noaniqliklar uchramoqda (“Oila davrasida”, 4 may).

Gazeta muxbiri O‘rtachirchiq tumanidagi 8-maktabda o‘qituvchi shtati bo‘sh ekani haqidagi e’londa ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilganda go‘shakni keksa onaxon ko‘tarib, bu maktabning raqami emasligini bildirgan.

Yoki 63-maktabdagi vakant o‘rin – kutubxonachi lavozimiga va’da qilingan 3,5 million so‘m oylik ham soxta ekani ma’lum bo‘lgan.

Gazeta bu borada Mehnat vazirligiga murojaat etgan. Ammo vazir o‘rinbosari Bahodir Nizomov savol “bog‘dan” bo‘lsa, unga “tog‘dan” javob bergan.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili mamlakat bo‘yicha 1,5 million odamni ishga joylashtirishga ehtiyoj bo‘lsa-da, bandlikka ko‘maklashish markazlari atigi 248 ming kishini ish bilan ta’minlagan.

GM Uzbekistan shirkati mashinalar narxi oshishi haqidagi xabarlarni rad etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “GM Uzbekistan” shirkati avtomobillari narxi oshishi haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq.

Bu haqda shirkat “Darakchi” nashri orqali ma’lum qildi. Kompaniya narx-navo borasidagi o‘zgarishlar www.gmuzbekistan.uz rasmiy sayti orqali e’lon qilinishini uqtirgan.

Qayd etilishicha, avtomobillarni yetkazib berish muddati kechikkan hollarda shirkatning +99871 147-14-14 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Mijozlar O‘zbekistonda monopol mavqega ega “GM Uzbekistan” mashinalarini yetkazib berish oylab kechikishi haqida shikoyat qilib keladi.

Matbuot: Ta’lim muassasalari atrofida fast-fud sotayotgan olg‘irlar faoliyati taqiqlanishi kerak

O‘zbekistondagi ta’lim muassasalari hududi va atrofida bolalar salomatligiga zarar sanalgan tezpishar yeguliklar – fast-fud sotish bilan shug‘ullanayotgan olg‘irlar uchramoqda (“Hurriyat”, 3 may).

“Mavjud qonunchilikka ko‘ra, umumta’lim muassasalaridan 500 metr radiusda joylashgan savdo shaxobchalarida tamaki va spirtli ichimliklar bilan savdo qilish taqiqlangan. Fikrimizcha, maktab hududiga yaqin joylarda sanitariya va gigiena talablaridan kelib chiqqan holda tezpishar, kuchli gazlangan va tarkibida turli zararli ranglar bo‘lgan mahsulotlar sotishga ham chek qo‘yish yoki butunlay taqiqlash zarur”, deb yozadi gazeta.

Aytilishicha, fast-fudlar tarkibida foydali vitamin va minerallar kam bo‘lib, tezpishar yeguliklar bolalar salomatligiga salbiy ta’sir etadi.

XS
SM
MD
LG