Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 04:49

Tanqidchilar Kievning “Yevrovidenie”sini chandiqlarni yashirishga urinish, deb baholamoqda


Kievda 5 kun davom etadigan Yevrovidenie tanlovini 16 mingga yaqin politsiya, harbiy va favqulodda vaziyat xizmatlari xodimlari qo‘riqlab turadi.
Kievda 5 kun davom etadigan Yevrovidenie tanlovini 16 mingga yaqin politsiya, harbiy va favqulodda vaziyat xizmatlari xodimlari qo‘riqlab turadi.

Kievda yillik “Yevrovidenie” qo‘shiq tanloviga kelishi kutilayotgan 20 mingdan ziyod mehmonni kutib olishga tayyorgarlik qizg‘in. Hukumat siyosiy to‘ntarishni boshidan kechirgani, qonli urushga barham bergani va so‘nggi yillarda Yevropa mamlakatiga aylanganini G‘arbga ko‘rsatish hamda o‘tmishdagi chandiqlarini yashirish va mamlakatni yaxshi ko‘rsatish uchun jon-jahdi bilan harakat qilmoqda.

Ayni paytda pivo bog‘i bor, ulkan ekranlar va yuksak texnologiyali sahnaga ega “Yevrovidenie” qishlog‘i uch yil muqaddam Ukrainaning Kremlga xayrixoh prezidenti Viktor Yanukovichdan hokimiyatdan chetlatilgan Yevromaydon g‘alayoni vaqtida qon to‘kilgan joyda barpo etildi.

“Yevrovidenie” qishlog‘i 4 mayda 9-13 may kunlari o‘tadigan qo‘shiq tanlovining Dnepr daryosi bo‘yidagi bosh repetitsiyasi bo‘layotgan paytda rasman ochildi. 2013-14 yillardagi norozilik namoyishlar markazi bo‘lgan, qo‘shni Mustaqillik maydonidagi Kasaba uyushmalari binosiga qoplangan matoga “Erkinlik – dinimiz” deb ingliz va ukrain tillarida yozib qo‘yilgan. O‘sha bino isyon paytida yonib kul bo‘lgan edi. Shaharning qaysi kunjagiga qaramang, “Rang-baranglikni nishonlang” degan shior osib tashlanganini ko‘rasiz.

Biroq ayrim ukrainaliklar Kiev chuqur muammolarni xaspo‘shlamoqda, degan fikrda. Qo‘shiq tanlovi uchun qilingan o‘zgarishlar hukumatning Yevromaydon yangi rahbarlarni hokimiyatga olib kelganidan so‘nggi rang-baranglik, integratsiya va inson huquqlari singari o‘ta muhim islohotlarga yuzaki yondashuvini aks ettiradi.

Sovetcha o‘tmishdan voz kechib

Garchi yangi hukumatda ham eski amaldorlar ishlab turgan bo‘lsa-da, Ukraina Yanukovich hoqimiyatdan chetlatilgandan keyin o‘zgarishlar qilishga rosa urindi.

– Buning uchun vaqt kerak, – deydi Ukrainaning Yevropa va Yevro-Atlantik integratsiyasi bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Ivanna Klimpush-Tsintsadze rivojlanish sur’ati sust ekanini himoya qilar ekan. U yana qo‘shimcha qildi: “Sovet merosi va yondashuvidan voz kechish boshqa mamlakatlarda ham o‘n yillab vaqt oldi”.

Ichki siyosiy kurashlar Ukrainaga yanada ko‘proq xalal berdi, korrupsiyani yo‘q qilishga bel bog‘lagan islohotchilar har bir qadamda qarshilikka duch kelayotgani aytadi.

“Yevrovidenie” qo‘shiq tanloviga tayyorgarlik ishlari ham noqonuniy xatti-harakatlarga oid ayblovlardan chetda qolmadi. Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining ukrain tilidagi xizmati aprel oyida o‘tkazgan surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, mahalliy loyihachilar shouda o‘tkaziladigan asosiy binoning ichkarisini bo‘yashi kerak bo‘lgan Germaniya kompaniyasi bilan shartnomadan voz kechib, bu ishni tadbir tashkilotchilari bilan aloqasi bo‘lgan Lvovdagi kompaniyaga berib yuborgan.

Ukrainaning G‘arbdagi tarafdorlari 2004 yildagi yevropaparast zarg‘aldoq inqilobi xatolarini takrorlashdan qayta-qayta ogohlantirib keldi, o‘sha paytda islohotlar siyosiy janjal va keng quloch otgan poraxo‘rlik sababli barbod bo‘lgan edi. Ayni paytda Kiev iqtisodiyoti parokanda bo‘lmasligi uchun milliardlab dollarlik qarzlarga suyanib qolgan.

Rossiyaning aralashuvi

Ukrain siyosatchilari qo‘shni Rossiya ulkan dabdaba bilan nishonlanadigan “Yevrovidenie” tanlovini o‘tkazishga xalaqit berishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda, chunki tadbir yuz millionlab tomoshabinlar e’tiborini tortadi, o‘nlab ishtirokchilarni tomoshabinlar Yevropa va boshqa joylardan ham qo‘ng‘iroq qilish, ham jyuri a’zolari ovoz berish yo‘li bilan kurashga chorlaydi.

Rossiya Qrim yarim orolini bosib oldi va 2014 yili Sharqiy Ukrainani urush girdobiga tortgani gumon qilinadi. Mojaro oqibatida 9940 kishi qurbon bo‘ldi va taxminan, 2 million kishi uy-joyini tashlab ko‘chib ketdi. Bu hol Ukraina iqtisodiyotini barbod etib, islohotlarga to‘sqinlik qildi.

Ukraina Tashqi igshlar vazirligining Kommunikatsiya departamenti rahbari Marina Betsaning aytishicha, Ukraina “Yevrovidenie” qo‘shiq tanlovi o‘tkazilishi paytida Rossiya uyushtirishi mumkin bo‘lgan fitnalardan xavotirda.

– Bunday fitna har xil bo‘lishi mumkin. Bu fitnachilarning Kievga kelishini anglatmaydi, – dedi u. Huquqni muhofaza qilish idoralari butun mamlakat bo‘ylab va chegara nazorati punktlarida faoliyatini kuchaytirdi. Jami 16 mingga yaqin politsiya, harbiy va favqulodda vaziyat xizmatlari xodimlari Kievni besh kunlik tadbir davomida qo‘riqlab turadi, deya qo‘shimcha qildi u.

Albatta, Ukraina bilan Rossiya o‘rtasidagi mojaroning “Yevrovidenie”na taalluqli joyi ham mavjud. Masalan, nogironlar aravasida yuradigan xonanda Yuliya Samoylovaning ushbu tanlovda ishtirok etish uchun tanlanishi Rossiyaning “surbetlarcha” va “oqilona” qadami bo‘ldi, chunki u 2015 yilda Qrimda konsert berib, Ukraina qonunlarini buzgan edi. Rossiya esa rasmiy Kiev xonandani Kievga kiritmasligini bilar va bu bilan Ukrainani G‘arb ko‘z o‘ngida obro‘sizlantirishni ko‘zlagan edi. Ukraina xavfsizlik xizmati shunday qildi ham.

“Yevrovidenie” tanlovini o‘tkazayotgan Yevropa radioeshittirish uyushmasi ushbu tortishuvda Rossiyaning yonini oldi va Samoylovaga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish uchun Kievga g‘azab to‘la xat jo‘natdi, unda hatto Ukrainaning kelgusida ushbu tanlovda ishtirok etishi shunga bog‘liq ekani ham aytildi. Hali qaror qabul qilingani yo‘q, ammo Rossiya musobaqadan chetlatilgandan so‘ng 9 may, ya’ni “Yevrovidenie”ning yarim finali o‘tkaziladigan kuni kechqurun Samoylova Qrimda konsert berishini rejalashtirdi.

Bu yil Ukraina “Yevrovidenie” tanlovida qatnashish uchun “O.Torvald” rok-guruhining “Time” qo‘shig‘ini tanladi va siyosatga urg‘u bermadi.

Ukrainaning islohotlar tarafdori bo‘lgan Batkivshina partiyasi huquqshunosi Aleksey Ryabchinning aytishicha va umid qilishicha, rok-guruh ham, Kievning tadbirga muvaffaqiyatli mezbonlik qilishi ham bu yerga kelgan va haligacha mamlakatni “Temir parda” ortidagi yurt deb biladigan yevropaliklarni Ukraina Yevropa mamlakati ekaniga ishontira oladi.

XS
SM
MD
LG