Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:59

Mirziyoevning qarori oqibati: aptekalarda zarur dorilar yo‘qolib, borlari qimmatladi


O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoevning dori-darmon narxini tartibga solish, ularning narxini asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ko‘zda tutuvchi qarori kuchga kirishi ortidan inson hayoti uchun muhim hisoblangan ayrim dorilar apteka peshtaxtalaridan g‘oyib bo‘lgan.

Ayrim dorixona egalari narxi chet elda ham qimmat bo‘lgan dorilarni hukumat arzon narxda sotishga majburlayotgani, bu esa zarariga bo‘layotgani uchun ularni sotishni to‘xtatganlar.

- “Salbutamol” aerozoli misol uchun chet elda 10 dollar, siz uni 5 dollarga sotmaysizku, - deydi ismi sir qolishini istagan toshkentlik dorixona egalaridan biri.

Toshkentlik Munira kasal yotgan onasi uchun “Zakson” dorisini ikki haftadan buyon aptekalardan topib bo‘lmayotgani, boshqa dorilar narxi esa o‘ttiz foiz, ayrimlari yuz foiz qimmatlab ketganini aytadi.

- Kasal yotgan onamga “Zakson” degan dorini olamiz. Bir oy oldin 20 ta tabletkasi 40 ming so‘m edi, hozir 80 ming so‘m. Uni ham berkitib sotishyapti. Bu dori arzon sotilishi kerak bo‘lgan dorilar ro‘yxatida ekan. Lekin, ular arzon sotilishi kerak bo‘lgan dorilarni berkitib, tanishlari orqali qimmat narxda qo‘lda sotishyapti, - deydi Munira.

Prezident Mirziyoevning o‘tgan yil oktabr oyida qabul qilgan "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq aptekalarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 116 ta va chet elda ishlab chiqarilgan 227 ta dori vositalari va tibbiy buyumlarining narxlari bo‘yicha eng yuqori narxlar chegarasi belgilab berilgan edi.

Toshkentdagi “Tabletka” dorixonasi xodimasi ayrim dorilar narxi oshganini tasdiqladi, lekin hukumat bergan ro‘yxatga kirgan dorilar narxi o‘zgarmaganini aytdi.

- Bizda dorilarga 12-17 foiz ustama narx qo‘yiladi. O‘zi 20 foizgacha ustiga qo‘yishimiz mumkin. Chet eldan keladigan dorilar qimmatlagan. Chunki dollar oshdi. Lekin, hukumat bergan ro‘yxatdagi dorilar o‘sha narxda turibdi, kelib ko‘rishingiz mumkin, - dedi dorixona xodimasi.

Toshkentlik nafaqaxo‘r Halima opaning aytishicha, hukumat belgilagan me’yoriy narxda sotilishi kerak bo‘lgan ko‘pgina dorilar narxi aptekalarda o‘zgarmagan, lekin ular sotuvda yo‘q.

- "Prednizon" degan dorini doimo olib kelar edim. Bir oy bo‘ldi - yo‘q. Asosan, chet el dorilarini sotishmayapti. Berkitib qo‘yishgan. Chunki ularga dorilarni arzon sotish foydasiz ekan, shuning uchun sotishmayapti. Tanish-bilish orqali qimmatga sotishyapti, - deydi Halima opa.

Ozodlik Toshkentdagi bir qator dorixonalarga telefon qildi va haqiqatan ham hukumat belgilagan me’yoriy narxda sotilishi kerak bo‘lgan ko‘pgina dorilar yo‘qligini aniqladi.

- Spiska chiqqanidan so‘ng bizda ko‘p dorilar yo‘q bo‘lib ketdi, - dedi Toshkentdagi “Dori-darmon” shirkati tarmog‘idagi aptekalardan birining xodimi.

Boshqa dorixonalarda esa arzonlashtirilgan dori-darmonlar zararini hukumat ro‘yxatiga kirmagan boshqa turdagi dori vositalarini qimmat sotish evaziga qoplab olishga harakat qilishyapti.

Bu esa boshqa dori vositalarining qammatlashuviga olib kelgan.

O‘tgan oy Ozodlik dori narxini oshirgani uchun 200 dorixona litsenziyadan mahrum qilingani va o‘n kun ichida 255 dorixona yopilgani haqda xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG