Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:03

Tamagir virus 150 davlatning savdo muassasalari va hukumat idoralari ishini falajlab qo‘ydi.


Hukumat idoralari, tashkilotlar va kompaniyalar rahbarlari va xodimlari dam olish kunlaridan so‘ng - 15 may kuni yalpi kiberhujumlar yanada kuchayishi mumkinligidan xavotirlanib ishga chiqdi.

Shu paytgacha ma’lumotlarni qaytarib olish uchun to‘lov talab qiluvchi “WannaCry” xakerlik virusi hujumidan kam talofat ko‘rgan Osiyoda, investorlar uning tahdidiga e’tibor qilmagani sababli, deyarli butun mintaqada qimmatbaho qog‘ozlar bahosi oshdi.

12 may kuni boshlangan kiberhujum Maykrosoftning eski operatsion tizimida ishlayotgan kompyuterlarning zaif joylari orqali hujum qilib, 150 ta mamlakatning kasalxona, bank, do‘kon, maktab va hukumat idoralari ishini falajlab qo‘ydi.

Yevropa politsiya agentligi – Yevropolning ma’lum qilishicha, ushbu hujum dunyoning 100 mingta tashkilotida 200 mingga yaqin foydalanuvchiga zarar keltirgan ushbu hujum tovlamachilikning tarixdagi eng yirik onlayn sxemasi hisoblanadi.

Ayni paytda aybdor kishilarni jazolash uchun xalqaro miqyosda qidiruv ishlari boshlangan, deyiladi agentlik tarqatgan xabarnomada.

Dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Xitoyda to‘lov tizimi va hukumat xizmatlarida uzilishlar bo‘lgani ma’lum qilindi. Milliy kiberxavfsizlik idoralari 15 may kuni hujum hamon mamlakat bo‘ylab yoyilayotgani, ammo sur’ati anchayin pasayganini bildirdi.

Yaponiya firmalari, jumladan, Hitachi va Nissan ushbu hujum ularning biznes amaliyotlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaganini e’lon qildi.

Ulkan zarar ko‘rgan kompaniyalar orasida AQShning jo‘natmalarni zudlik bilan etkazib beruvchi FedEx kompaniyasi, Yevropadagi avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, Ispaniyaning Telefonica telekommunikatsiya kompaniyasi, Britaniyaning Milliy sog‘liqni saqlash xizmati, Germaniyaning temiryo‘l tarmog‘i bor.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey:

"Ushbu kiberhujum nafaqat Buyuk Britaniyadagi, qolaversa, dunyoning ko‘pgina mamlakatlaridagi tashkilotlarga zarar etkazdi. Yevropolning aytishicha, bu misli ko‘rilmagan miqyosdagi kiberhujum bo‘ldi. Milliy kiberxavfsizlik markazi Buyuk Britaniyadagi barcha tashkilotlar bilan ish olib boryapti. Men Milliy sog‘liqni saqlash xizmatining tunbo‘yi bemorlarning ahvoliga oid yozuvlarni qayd etib borishda tinim bilmagan xodimlariga alohida tashakkur aytmoqchiman”.

Rossiya ichki ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, ayrim kompьyuьterlari ishdan chiqqan. Hukumat idoralarining bildirishicha, bank va temiryo‘l tizimlariga ham hujum qilingan, ammo ularga jiddiy zarar yetmagan.

Kreml xodimi German Klimenko:

“Hukumat davlat idoralari kompyuterlarini milliy operatsion tizimlarga o‘tkazishga qaror qildi va u bu ishni sabot bilan davom ettirishi kerak. Barcha kompyuterlar o‘tkazilmaguncha, tahdidlar saqlanib qolaveradi”.

Hujum qiluvchilar foydalanuvchilarga virus egalari foydalana olmasligi uchun kodlab qo‘ygan fayllarni tiklash uchun anonim bitkoyn valyutasida 300 dan 600 AQSh dollarigacha to‘lashi kerakligini aytgan.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, 14 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 16.00 ga qadar hujum qiluvchilarning “WannaCry”ta’minot dasturi kodiga ulangan hisob qaydnomasi manzillariga bitkoynda 32,500 AQSh dollari kelib tushgan. Ushbu raqam o‘sib borishi kutilmoqda, ammo ko‘plab ekspertlar va hukumat idoralari zarar ko‘rganlarga talablarga yon bermaslikni tavsiya qilmoqda.

Kiberxavfsizlik ekspertlari ish haftasi boshlanishi bilan dunyoning turli burchaklarida to‘lov talab etuvchi hakerlik virusining yangi versiyalari paydo bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Maykrosoft korporatsiya prezidenti Bred Smit 14 may kuni yozgan blog xabarida tadqiqotchilar chiqargan xulosani tasdiqladi: to‘lov talab qiluvchi hakerlik virusi AQSh Xavfsizlik xizmati ishlab chiqqan ta’minot dasturi asosida yaratilgan va uni hakerlar aprel oyida internetga sizdirgan.

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspertlar yaqinda operatsion tizimi yangilanmagan kompyuterlar to‘lov talab qiluvchi hakerlik virusi hujumidan zararlangan.

Ekspertlar ko‘pgina tashkilotlar operatsion tizimlarini narxi qimmat bo‘lgani uchun yangilab turmasligini, kasalxona singari tashkilotlar esa tizimlarni yangilashga qiynalishini aytadi.

XS
SM
MD
LG