Линклар

O‘zLiDep a’zosi: Tuman hokimi meni kaltaklab, ko‘ylagimni yirtib tashladi


Karimov davrida O‘zbekistonda hokimlarning davlat idoralari xodimlarini kaltaklashi keng tarqalgan edi

“Hokim meni bir urib yiqitdi va so‘ngra o‘n martacha tepdi. Yirtilib ketgan ko‘ylagim o‘rniga boshqa ko‘ylak berdi”, deb shikoyat qildi Ozodlikka Qashqadaryo viloyat Koson tumanida yashovchi 27 yashar yigit.

“O‘zi zo‘rg‘a turibdiyu uning nimasini uraman?!” dedi Ozodlikka tuman hokimi. Lekin yigitga yangi ko‘ylak berganidan tonmadi.

Koson tuman prokuraturasi yigitga hokim tan jarohati etkazganmi-yo‘qligini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinladi.

Koson tuman, Koson qishloq fuqarolar yig‘ini, Xalqobod qishlog‘ida yashovchi 27 yashar Bekzod Xusenov Ozodlikka bundan 3 kun muqaddam – 14 mayda o‘zini Koson tuman hokimi Baxtiyor Rajabov hokimlik binosida, o‘zining xizmat xonasida kaltaklaganidan shikoyat qildi.

Janjalning bosh sababi

Bekzodning aytishicha, u mahalliy kollejda huquqshunoslikka o‘qigan, bir yildan buyon O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi a’zosi.

U tumanda yerlar talon-taroj bo‘layotgani to‘g‘risida Prezident virtual qabulxonasiga bir necha marta shikoyat yozgan va shuning uchun tuman hokimi undan kaltaklash bilan o‘ch oldi.

Bekzodning shikoyatini eshitgach, Ozodlik muxbiri tuman hokimi bilan ham bog‘landi va bitta voqeaning ikki versiyadagi to‘liq manzarasi hosil bo‘ldi.

Shuning uchun voqeani “kaltaklangan” va “kaltaklovchi”ining aytganlarini navbatma-navbat berish bilan yoritamiz.

Bekzod nega bordi hokimlikka?

Bekzodning versiyasi

Kaltaklanganini iddao qilayotgan Bekzodning aytishicha, 14 may kuni uning uyiga mahalliy MTP boshlig‘i kelib, hokim chaqirayotganini aytgan.

“Mahalla raisini olib, birga hokimning qabuliga kirdik”, dedi Bekzod.

Hokimning versiyasi

Baxtiyor Rajabov Ozodlikning "Bekzodni chaqirtirganmisiz", degan savoliga javoban “Ko‘p keladi-da, o‘zi. Har kuni hokimiyatda u”, dedi.

Bekzod qanday kaltaklandi?

Bekzodning versiyasi

Tuman hokimining xonasiga kirganidan keyin yuz bergan voqealarni aytarkan, Bekzod bunday dedi:

“Tuman hokimi menga “Sen nima uchun ustimdan Prezident qabulxonasiga shikoyat qilayapsan”, dedi. Men noqonuniy ishlar bo‘layotganini aytdim. Ishonmasangiz, birga yuring, ko‘rsataman, dedim. Shundan keyin hokim oldimga kelib, chap biqinimga bir tushirdi. Yiqilib tushdim. Shundan keyin tepa boshladi. Taxminan 10 martacha tepdi”

Hokimning versiyasi

Ozodlikning “Sen nima uchun Prezident portaliga shikoyat qilasan, deb Bekzodni uribsizmish. Shu rostmi?” degan savoliga javoban Baxtiyor Rajabov bunday dedi:

“Ha, o‘lganakan! Uning nimasini uraman?! O‘zi kichkinagina bacha bo‘lsa. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Boshqa odam yo‘qmi urishga?! Kelib-kelib shuni, ojiz odamni uramanmi men? O‘zi bir kasalvand bola bo‘lsa!”

Melisa Bekzodning qo‘lidan ushlab tilxat yozdirdimi?

Bekzodning versiyasi

O‘zining aytishicha, Bekzodning ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi. 14 may kuni hokim kaltaklaganidan so‘ng, Bekzodning iddao qilishicha, hokim uni “Hokimga hech qanday da’voim yo‘q”, degan mazmunda tilxat yozishga majbur qilishni boshlagan.

Ko‘zi ojiz sifatida Brayl yozuvidan foydalanadigan Bekzod yozolmasligini aytgan. Shundan so‘ng hokim tomonidan “Bekzodni qamash uchun" oldinroq chaqirtirilgan militsiya xodimi uni qo‘lidan ushlab tilxat yozdirtirgan.

“Men ko‘zi ojizlar maktabida o‘qiganman. Shuning uchun Brayl yozuvida yozaman. Yozolmayman, desam melisa qo‘limdan ushlab yozdirtirdi. Keyin 10 oq qog‘ozga muhrimni qo‘ydirtirib olishdi. Imzo qo‘yolmasligi sababli ko‘zi ojizlarning muhri bo‘ladi. Menda ham bor”, dedi Bekzod.

Hokimning versiyasi

Baxtiyor Rajabov militsiya xodimi bilan birgalikda Bekzodga majburlab tilxat yozdirganini inkor qildi.

“O‘zining yozuvi. O‘zining pocherki. O‘zi yozgan. Hokim buva, men tushunmagan ekanman, dedi. Menga bir-ikkitasi shunday deb o‘rgatgandan keyin yozuvdim, dedi. Shunday qilsang, yer beradi deyishgandi. Mana, siz yer beraman deyapsiz. Bo‘ldi, endi ustingizdan yozmayman, dedi”, dedi hokim.

Yirtilgan ko‘ylak o‘rniga hokimdan yangi ko‘ylak

Bekzodning versiyasi

Bekzodning aytishicha, hokim uni kaltaklayotganda uning ko‘ylagi yirtilib ketgan. Har ikkala tomon biroz o‘ziga kelgach, hokim Bekzodga bir yangi ko‘ylak bergan. Bekzod ustidagi yirtiq ko‘ylakni yechib, hokim bergan ko‘ylakni kiygan.

Hokimning versiyasi

Baxtiyor Rajabov ko‘ylakning yirtilganiga oid savolni javobsiz qoldirdi, lekin Bekzodga yangi ko‘ylak berganini yashirmadi. Hatto, kulib, uning o‘zi “bitta ko‘ylak sovg‘a qiling, sizning xonangizdan bitta ko‘ylak kiyib ketay”, dedi. Ha mayli, deb bitta ko‘ylak sovg‘a qildim", dedi.

Voqea guvohi nima dedi?

Ozodlik Bekzod bilan hokimning qabulida bo‘lgan mahalla raisi bilan ham gaplashdi. U Bekzod bilan hokim qabuliga birga kirganini, u xonada bo‘lgan paytda hech qanday janjal bo‘lmaganini, biroz o‘tirib, Bekzodni hokimning oldida qoldirib chiqib ketganini aytish bilan cheklandi.

Ishga prokuratura aralashdi

17 may kuni Bekzod avval viloyat prokuraturasiga hokimning ustidan arz qilib bordi. U yerdan arizachini tuman prokuraturasiga jo‘natishdi. Tuman prokuraturasi tergovchisi shu kuni Bekzodga Koson tuman hokimi tan jarohati yetkazganmi-yo‘qligini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinladi.

Rajabov Kosonga qachon kelgan?

Baxtiyor Rajabov Koson tuman hokimi lavozimiga 2015 yilning 21 noyabrida tayinlangan. Kosonga kelgunicha Rajabov Qashqadaryo viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Urong‘ichlar unutilayotgan edi

Karimov davrida viloyat va tuman hokimlarining qo‘l ostidagilarni, fermerlarni, hatto o‘qituvchilarni urishi deyarli odatiy hol bo‘lib qolgan, bunday faktlar aks etgan o‘nlab xabarlarni Ozodlik arxividan topish mumkin.

Davlat tepasiga Mirziyoev kelganidan buyon urong‘ich hokimlar mavzui, agar, Bo‘z tumanida bo‘lgan intsidentni demasa, unutilayozgan edi. Bekzodning iddaolari rost bo‘lsa, Kosonda bo‘lgan voqea hokimlarning urong‘ichligiga doir Mirziyoev davridagi Ozodlikka ma’lum bo‘lgan ikkinchi voqeadir.

XS
SM
MD
LG