Линклар

AQSh prezidenti Donald Tramp 50dan ortiq arab va mintaqa davlati rahbarlari ishtirokida Riyod shahridagi sammitda ma’ruza qildi. O‘z nutqida Tramp musulmon davlatlarini ekstremizm va murosasizlikka qarshi birga kurashishga da’vat qildi. U "islomiy ekstremizmga" qarshi kurash birinchi galda musulmon olami mas’uliyatidadir, deb ta’kidladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonidan boshlagan okean ortiga ilk safari chog‘ida qirol Salmon bin Abdulaziz hamda 50dan ortiq mintaqa davlat, hukumat rahbarlari ishtirokidagi sammitda qatnashdi.

21 may kungi sammitda u musulmon olamiga murojaat qildi va Yaqin Sharqda "davlatlar koalitsiyasi"ni tuzib, birgalikda "ekstremizmni yo‘q qilish"ga chaqirdi.

Nutqida AQSh prezidenti tinchlik o‘rnatish yo‘lida mintaqa davlatlari bilan avvalgi do‘stona aloqalarni tiklashini va’da qildi.

"Bu turli din, sekta yoki tsivilizatsiyalar o‘rtasidagi kurash emas. Bu insonlar hayotini yo‘q qilishga uringan varvar jinoyatchilar bilan barcha dinlardagi nomusli kishilarning bu hayotni saqlash yo‘lidagi kurashidir. Bu yaxshilik bilan yovuzlik o‘rtasidagi jang”, dedi Tramp.

Shuningdek, Tramp murojaatida arab mamlakatlari rahbarlariga “terrorchilarni ibodat qilayotgan joylaringizdan haydab chiqaring!” deb murojaat qildi.

O‘z murojaatida Tramp Eronni shia jangari guruhlarini moliyaviy ta’minlash, qurollantirish va mashg‘ulotdan o‘tkazishda aybladi. Prezidentga ko‘ra, bu jangarilar mintaqada "buzg‘unchilik va xaos"ga sabab bo‘lmoqda.

Sammit kun tartibiga "Islom davlati" (ID) ekstremist guruhi va boshqa ekstremistlarga qarshi kurashda arab-islom mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik masalasi qo‘yildi.

Bu - Trampning ilk chet el safaridagi o‘ta muhim nutqidir. Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida musulmonlarga qarshi fikrlar bildirdi, lavozimini bajarishga kirishgandan so‘ng asosiy aholisi musulmon bo‘lgan bir qancha mamlakat vatandoshlari va qochqinlarining AQShga kirishini vaqtincha taqiqlashga urindi.

Muhimi, prezident Tramp bu gal “radikal islom terrori” degan jumla o‘rniga "islomiy ekstremizm" jumlasini qo‘lladi. Vaholanki, saylovoldi kampaniyasi vaqtida u o‘sha paytdagi prezident Barak Obama va Demokratik partiya vakilasi bo‘lgan raqibi Hillari Klintonga ushbu iborani ishlatmagani uchun qayta-qayta hujum qilgan edi.

Tramp Suriya prezidenti Bashar Asadni “insoniyatga qarshi tilga olib bo‘lmaydigan jinoyatlari”, Eronni esa Suriyada olti yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun qoraladi.

“Yaqin Sharqdagi aqli raso millatlar Eronning barqarorlikka putur etkazuvchi ta’siriga barham berish, mintaqada kuchlarning barqaror nisbatini tiklash va xudodan Eron xalqi munosib bo‘lgan odil va mas’ulityatli hukumatga ega bo‘ladigan kun tezroq kelishini so‘rash uchun bahamjihat ish yuritishi shart”, dedi prezident Tramp.

AQSh rahbari Saudiya Arabistonidan keyin Isroil, Vatikanga boradi, Sitsiliya orolida bo‘lib o‘tadigan “Katta yettilik” uchrashuvi va Byuryusseldagi NATO yig‘inida qatnashadi.

Saudiya Arabistonidan keyin 22 may kuni boshlaydigan Isroil safarida uning Bosh vazir Benjamin Netanyahu bilan uchrashib, Quddus shahridagi Yig‘i devori va Yad Vashem Holokost yodgorligini ziyorat qilishi rejalangan.

XS
SM
MD
LG