Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:27

Mirziyoev Riyodda musulmon davlatlari va AQSh sammitida chiqish qiladi


Prezident Mirziyoev Saudiya Arabistoni poytaxtidagi Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida nutq so‘zlaydi. Sammitda, asosan, ekstremizm va "Islom davlati" guruhiga qarshi birgalikda kurash yo‘llarini muhokama etish rejalangan.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoev 50dan ortiq davlat, asosan, musulmon mamlakatlar, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari va AQSh prezidenti ishtirokida o‘tadigan sammitda ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga borgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi "Jahon" axborot agentligi xabariga ko‘ra, prezident Mirziyoev Riyoddagi sammitda nutq so‘zlaydi.

O‘zbekiston hozirgi paytda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qilmoqda. 2016 yilning 18-19-oktabr kunlarida Toshkentda Islom Hamkorligi tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tgan va unda ham prezident Mirziyoev chiqish qilgan edi.

Agentlik xabarida aytilishicha, sammit kun tartibi "ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash... xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha islom dunyosi va AQSh o‘rtasida yangi sheriklik o‘rnatishning yo‘llarini muhokama etish"dan iboratdir.

Mirziyoevning Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi aytilgan. Jumladan, Saudiya qiroli bilan muzokaralarda o‘zaro siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Sputnik Tojikiston nashrining xabar qilishicha, sammit davomida prezident Shavkat Mirziyoev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan ham uchrashadi.

Tadbir arafasida esa Mirziyoev Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashdi. Rasmiy xabarda aytilishicha, tomonlar o‘zaro ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi loyihalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish yo‘llarini muhokama qilgan.

Bundan tashqari, ITBning Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishdagi ishtiroki yuzasidan fikr almashilgan va o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolangan.

Ayni paytda, Riyoddagi sammitda AQSh prezidenti Donald Trampning musulmon mamlakatlariga murojaat qilishi kutilmoqda.

Associated Press agentligining xabar qilishicha, Donald Tramp xorijdagi ilk nutqida asosiy e’tiborni ekstremizm va toqatsizlikka qarshi birgalikda kurashish istibollariga qaratadi.

Sammit davomida musulmon-arab o‘lkalari rahbarlarining AQSh prezidenti Donald Tramp bilan tushlik qilishi ham rejalangan.

XS
SM
MD
LG