Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 06:04

Rossiyalik amaldorlar yoshlarning norozilik aksiyalarida qatnashishidan qo‘rqmoqda


Yoshlar Moskva shahrining Pushkin maydonida 26 may kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya hukumatidagi korrupsiyaga qarshi ommaviy norozilik namoyishida o‘z talablarini bayon qilmoqda.
Yoshlar Moskva shahrining Pushkin maydonida 26 may kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya hukumatidagi korrupsiyaga qarshi ommaviy norozilik namoyishida o‘z talablarini bayon qilmoqda.

Rossiyaning Tolyatti shahrida yashaydigan 17 yashar Matvey o‘tgan haftada sinfdoshlari bilan birga maktabning majlislar zaliga boshlab borilayotganda gap nimada ekanini fahmlab qoldi.

– Bu filmni boshqa maktablarda ham ko‘rsatishganini bilar edik, – dedi 11-sinf o‘quvchisi faqatgina ismi tilga olinishi sharti bilan «Ozodlik» radiosiga telefon orqali bergan intervyusida.

Matvey taxmini to‘g‘ri chiqqani, ya’ni Rossiyaning siyosiy muxolifati fashistlar va terrorchilarga tenglashtirilgan film ko‘rsatilishini bilib olgach, u ham mamlakatdagi ko‘plab o‘quvchilar bunday vaziyatda tutgan yo‘ldan borib, tadbirni telefoniga yozib olishga qaror qildi.

– Bu – qip-qizil targ‘ibot, yashirin targ‘ibot bo‘lsa ham, baribir targ‘ibot deb hisoblayman, – dedi Matvey.– Lekin maktablarda targ‘ibot taqiqlangan.

Keyinchalik Matvey sinfdoshlari bilan birga telefonlariga yozib olingan videoni (quyida) e’lon qildi va bu hol maktab direktori bilan o‘rtalarida achchiq-tiziq gaplarga sabab bo‘ldi. Internetga joylashtirilgan videoda o‘quvchilar bilan o‘qituvchilarning muxolifat siyosati va ko‘chadagi norozilik namoyishlari sababi haqidagi tortishuvlari aks etgan.

YouTube kanaliga yuklangan videolar butun mamlakat aholisining e’tiborini tortdi hamda Rossiyaning Vladimir Putin rahbarligidagi siyosiy yo‘nalishi avlodlar o‘rtasida to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi mumkinligini, hukumat buning oldini olish uchun yoshlarni Kremlga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun beo‘xshov qadamlar qo‘yayotganini ko‘rsatdi.

Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy mamlakat miqyosida tashkil etgan korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan namoyishlarda ko‘plab yoshlarning ishtirok etgani Rossiya siyosiy manzarasini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Hukumat idoralarining hukmron sinfga mutlaqo ishonmay qo‘ygan xalq bilan qanday munosabatda bo‘lishni bilmay boshi qotdi, deyiladi o‘tkazilgan bir tadqiqotda.

Rossiyalik amaldorlar, davlat OAV va Kremlga sodiq guruhlar Navalniyni uning ilgari o‘ng qanot guruhlarini yoqlab gapirgani va bir necha yil oldin Moskvada uyushtirilgan ultramillatchilar namoyishida qatnashganini pesh qilib, xavfli ekstremist etib ko‘rsatishga urindi.


Istehkomlar haqida gapirishga erta

Moskvadagi oliy iqtisodiyot maktabining Siyosiy tadqiqotlar laboratoriyasi mudirasi Valeriya Kasamaraning aytishicha, yoshlarni muxolifat siyosatidan nariroq yurish uchun qo‘rqitish teskari natija berishi mumkin.

Uning «Ozodlik»ka bildirishicha, «bu yoshlarning norozilikka bo‘lgan qiziqishini keskin oshirib yuborishi mumkin».

Ammo butun Rossiya bo‘ylab 6000 nafar universitet talabasi o‘rtasida ularning siyosatga munosabatiga oid o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslangan tadqiqot hammuallifi Kasamara yoshlarning istagiga va siyosiy e’tiqodini «istehkomlar»da himoya qilishiga shubha bilan qaraydi.


«Kelajagingni barbod qilyapsan»


Tolьyatti shahridagi 70-maktabning majlislar zalida Matvey bilan sinfdoshlari «Ekstremizmga yo‘l yo‘q» filmini imi-jimida tomosha qildi. Unda boshlovchi kadr ortidan tahdidli ovoz bilan o‘quvchilardan iltimos qiladi: «Siz ekstremizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishingiz mumkin va shart», bunga «Vladimir Vladimirovich Putinning mamlakatni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash ham kiradi».

Oldinroq ushbu film namoyishi Tolyatti shahri joylashgan Samara viloyatida odamlarning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Sababi u zo‘ravonlik sahnalari bo‘lishiga qaramasdan maktablarda 16 yoshdan kichik bolalarga ko‘rsatilgan edi. Bu ota-onalar va ayrim huquqshunoslarning noroziligini keltirib chiqardi.

70-maktab direktori Olьga Jigulyovtseva Matvey va ikki sinfdoshi nega filmni ko‘rsatgani haqida tinmay so‘rayvergach, bu ishga o‘zini hech kim majbur qilmaganini, maqsadi o‘quvchilarga yordam bermoqchi bo‘lganini aytdi.

U o‘quvchilarga, «to‘g‘ri yo‘lni tanlanglar, hozir yomon yo‘l kirib, kelajagingizngi barbod qilyapsizlar», degan.

XS
SM
MD
LG