Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 01:26

* Buyuk Britaniyaning Manchester shahrida xudkush hujumchi bomba portlatishi natijasida 22 kishi o‘ldi, 60ga yaqini jarohatlandi.

* Politsiya hujumchining shaxsi aniqlangani, ammo hozircha oshkor etilmasligini bildirdi.

* Portlashga aloqador ko‘rilgan 23 yashar shaxs ushlandi, uning shaxsiga oid ma’lumot ham ochiqlanmadi.

* "Islom davlati" ekstremist guruhi Manchesterdagi portlashni "o‘z askari" amalga oshirganini iddao qildi.

Tereza Mey: Hujumchining shaxsi aniq

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey 22 may oqshomida Manchesterdagi kontsert zalida sodir etilgan portlashni "nomardlarcha harakat", deb qoraladi va hujumchining shaxsi ma’lumligini aytdi.

Portlash joyida topilgan tana qoldiqlari xudkush hujumchi shaxsiga oid ekani matbuotga ochiqlandi, ammo biror ma’lumot hozircha oshkor etilgani yo‘q.

Tergovchilar, xudkush shaxsiga oid tafsilotlarni yig‘ish va uning biror terror tarmog‘iga aloqasi bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash o‘z oldilaridagi birlamchi vazifa ekanini bildirdi.

Hozircha biror guruh Manchesterdagi portlash uchun mas’uliyatni zimmasiga olmadi, biroq IShIDga xayrixohlar bu qonli voqeani Internetda bayram qildilar.

Portlashga aloqador shaxs ushlandi

Qator g‘arb axborot vositalari Manchesterdagi portlashga aloqadorlikda gumon qilinib, 23 yashar shaxs qo‘lga olinganini xabar qilmoqda.

​Politsiya bu shaxsning Manchester janubida qo‘lga olinganini tasdiqladi, ammo boshqa ma’lumotlarni hozircha oshkor qilmadi.

"Hujumni bir kishi amalga oshirgan"

Manchester politsiyasi rahbari dastlabki tergov xudkush hujumchining yakka harakat qilgani va qo‘lbola portlovchi moslamani portlatganini taxmin qilaëtganini bildirdi.​

"Hozircha, o‘tgan tundagi hujumni bir kishi sodir etgan, deb xulosadamiz. Hujumchi konsert zalida o‘lgan. Ishonchimiz komil, u portlovchi moslamani o‘z tanasida zalga olib kirgan va portlatgan. Hozir eng muhim vazifa uning yolg‘iz bo‘lgani yoki sheriklari bilan harakatlanganini aniqlashdir", dedi Manchester politsiyasi rahbari Ian Hopkins.

Ariane Grande konsertida portlash

Portlash mahalliy vaqt bilan soat 21:45 larda amerikalik xonanda Ariana Grande konsert berayotgan Manchester Arena zalida sodir bo‘ldi.

Guvohlar zalni tark etayotgan paytlarida qattiq portlash ovozini eshitganini aytmoqdalar.

“22 odam o‘ldi, oltmishga yaqini yaralandi. Politsiya tomonidan aksini isbotlovchi dalillar topilmaguniga qadar bu hozirda terror hodisasi o‘laroq qaralmoqda”, deya xabar qildi Manchester politsiyasi Twitter mikroblogidagi o‘z sahifasida.

Hozirga qadar manchesterliklar orasida konsertga ketgan farzandi, yaqinlarini qidirayotganlar ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam so‘rab murojaat qilmoqda.

Manchesterdagi hujumni dunyo rahbarlari qoralamoqda

YeIning Tashqi aloqalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy namoyandasi Federika Mogerini qurbonlar yaqinlariga hamdardlik bildirdi va uni Yevropa yoshlariga qarshi xuruj deya baholadi:

- Qurbonlarning aksari yoshlardir. Bu ochiqdan-ochiq Yevropa yoshlari¸ ularning hayotga bo‘lgan muhabbatiga qilingan hujumdir. Men yevropaliklarning o‘z yashash tarzlari¸ o‘z erkinlik va quvonchlarini¸ birga yashash va hayotdan birgalikda zavq olishni bundan so‘ng ham qadrlashda davom etishlariga ishonaman. Men qo‘rquvning g‘olib chiqmasligi va Yevropa yoshlari bundan so‘ng ham hayotdan birgalikda zavq olish orqali terrorchilikka eng loyiq javobni berishda davom etishiga ishonaman¸ dedi Mogerini o‘z bayonotida jumladan.

Hujumni birinchilardan bo‘lib qoralaganlar orasida AQSh prezidenti Donald Tramp va Falastin prezidenti Mhamud Abboslar ham bor.

Ariana Grande: So‘zlashga tilim ojiz

Amerikalik xonanda Ariana Grande Twitter sahifasida Manchester Arena zalida sodir bo‘lgan portlashdan karaxt ahvolga tushgani, chuqur qayg‘uga botgani, hodisa yuzasidan biror so‘z aytishga ojiz qolayotganini yozdi.

​24 yashar amerikalik xonanda, aktrisa va fotomodel Ariana Grande, asosan, o‘smirlar va yoshlar orasida so‘nggi yillarda tanilgan pop qo‘shiqchisidir. Shu bois, Manchesterdagi konsert zaliga asosan, maktab yoshidagi bolalar va o‘smirlar yig‘ilgan edi.

Politsiya bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘lganlarning kamida 12 nafari 16 yoshdan kichik bo‘lgan bolalardir. Jarohatlanganlar orasida esa, hatto, 8 yashar bolalar ham bor.

XS
SM
MD
LG