Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 06:16

Bosniyalik o‘quvchilar  sinflaridagi “aparteid”ga qarshi chiqmoqda


Yaytseda maktabni bo‘lish rejasi ayni paytda to‘xtatib turilibdi, ammo bu ish amalga oshishi mumkin – mahalliy hokimiyat idoralari uni qandaydir tartibda bo‘lish kerakligini aytmoqda. Markaziy Bosniyaning Yaytse shahridagi o‘rta maktab o‘quvchilari o‘qiyotgan maktabini bo‘lish rejasi amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bir yil oldingi isyonini hamon astoydil davom ettirmoqda.

Ular mahalliy hokimiyat idoralarining maktab hududida bosniyaklar yoki Bosniya musulmonlaridan iborat sinfdoshlari uchun alohida sinf xonasi va o‘quv dasturi tashkil etish to‘g‘risidagi qaroriga qarshi chiqmoqda.

Bu “bir binoda ikki maktab” degan nom olgan etnik segregatsiya, ya’ni odamlarni etnik kelib chiqishiga qarab bir-biridan ajratish bo‘lib, Bosniyaning ko‘p joylarida joriy qilingan. Bosniya sobiq Yugoslaviya parchalanib ketgandan so‘ng paydo bo‘lgan yetti mamlakatning biridir, parchalanish jarayonida o‘zaro qonli mojarolar ro‘y bergani yaqin tarixdan ma’lum.

Ushbu maktabni bo‘lish rejasiga qarshi bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilar esa “yaxshiroq maktab” tashabbusi bilan chiqmoqda. Ularning fikricha, turli etnik guruhlarga mansub o‘quvchilarning talabini qondirish uchun mavjud o‘quv dasturini o‘zgartirishning o‘zi kifoya. Ularni fransiskanlar va mahalliy islom jamoatining ayrim vakillari qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yaytseda maktabni bo‘lish rejasi ayni paytda to‘xtatib turilibdi, ammo bu ish amalga oshishi mumkin – mahalliy hokimiyat idoralari uni qandaydir tartibda bo‘lish kerakligini aytmoqda. O‘z jamoati va Bosniyaning boshqa joylarida yillab davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng Yaytse shahri rahbariyati “ikki maktab” sxemasi o‘rniga tajriba sifatida taklif etilayotgan o‘quv dasturini o‘rganish uchun 17 may kuni mahalliy qonun chiqaruvchilar va “yaxshiroq maktab” tashabbuskorlari o‘rtasida uchrashuv tashkil qildi.

– Boshlang‘ich maktabda bo‘lib o‘qitilganimiz etar, endi o‘rta maktabda ham bo‘linishni istamaymiz, – dedi ayni paytda yagona maktab uchun kurashning oldingi safida turgan o‘quvchi Nikolas Rimach.

Rimach ota-onasi mansub avlod va uning mintaqada ro‘y bergan o‘zaro urushlardagi ishtirokiga tanqidiy ko‘z bilan qaraydi.

Bosniyada kamida 54 ta maktab etnik jihatdan bo‘lib tashlangan, bu mamlakatning markaziy va janubiy mintaqalari uchun umumiy holdir. Ushbu hududlar 90-yillarda urushga barham bergan Deyton kelishuvlari natijasida tashkil topgan Musulmon-Xorvat federatsiyasi tarkibiga kiradi.

Turli etnik guruhlarga mansub o‘quvchilar alohida smenalarda, boshqa-boshqa darsliklar va o‘quv dasturi asosida o‘qiydi, ularni turli o‘qituvchilar o‘qitadi. Hatto ayrim hollarda – Yaytsedagi bo‘lgani singari – xorvat va bosniak bolalar turli hojatxonalardan foydalanadi.

Federatsiyaning Konstitutsiya sudi 2014 yili “bir binodagi ikki maktab” g‘oyasini mamlakat Konstitutsiyasiga zid deb e’lon qildi. Ammo o‘shandan beri o‘tgan vaqt mobaynida hech narsa o‘zgarmadi. Hatto mahalliy maktab texnik jihatdan “birlashtirilgan” joylarda ham bosniyak va xorvat o‘quvchilar boshqa-boshqa o‘quv dasturi asosida, ayrim fanlar, jumladan, til, din, jug‘rofiya va tarix alohida-alohida o‘qitiladi. Ular jismoniy tarbiya va kompьyuter laboratoriyalarida qayta birlashadi, xolos.

Yaytse shahrida xorvatlar va musulmonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo u yerda kamsonli serblar ham bor. Ularga havas qilib bo‘lmaydi. Xorvat va bosniyaliklar o‘quv dasturlaridan birini tanlashga majbur ota-onalar farzandlarini 70 kilometr naridagi Banya-Lukadagi maktabga qatnab o‘qishini afzal bilmoqda.

O‘qish tizimini isloh qilish yo‘lidagi barcha urinishlar Xorvat-musulmon federatsiyasining qarshiligiga duch kelmoqda. Bildirilishicha, bo‘lib o‘qitish aslo kamsitish emas va bu hol har bir bosniyalik etnik guruhning o‘z ona tilida ta’lim olish huquqini himoya qiladi.

Yaytselik faollardan biri Beharichga ko‘ra, bo‘lib o‘qitishni bekor qilish borasidagi da’vatlarni hokimiyatdagi partiya vakillarining kar qulog‘i eshitmasligi mumkin. U bir mahalliy veb-portalda bo‘lib o‘qitish vaqt o‘tishi bilan normal holga aylangani singari ayrim narsalarga ruxsat berish ham xavfli ekanidan ogohlantiradi.

Yaqinda YeHXTning Bosniyadagi missiyasi rahbari, elchi Jonatan Mur yaytselik o‘quvchilarni yagona ta’lim qo‘llab-quvvatlagani uchun tabrikladi.

Yaytse shahridagi yagona ta’lim uchun kurashayotgan guruhni Feysbukdagi sahifasida ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishi mumkin, ammo Beharikning aytishicha, hokimiyatdagi partiyalarga chetdan bosim bo‘lmasa, o‘quvchilarning sa’y-harakatlaridan biror natija kutish qiyin.

XS
SM
MD
LG