Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:23

Brennan Rossiya FSBsi direktoriga saylovga aralashayotganidan shikoyat qilgan


AQSh Markaziy Razvedka Byurosining sobiq direktori Jon Brennan 23 may kuni Vashingtonda Vakillar palatasining Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasida ko‘rgazma bermoqda. MRBning sobiq direktori Jon Brennanga ko‘ra, u o‘tgan yil yozida Rossiyaning asosiy xavfsizlik idorasi rahbari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashib, AQSh diplomatlari ta’qib qilinayotgani va Rossiyaning prezident saylovi kampaniyasiga aralashishga ochiqdan-ochiq urinayotganidan shikoyat qilgan.

Brennan Kongress Vakillar palatasining Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga ma’lum qilishicha, u Rossiyaning Federal xavfsizlik xizmati (FSB) direktori Aleksandr Bortnikov bilan 4 avgust kuni, ya’ni AQShda prezident saylovi kampaniyasi tobora qizib borayotgan paytda suhbatlashgan.

U Vakillar palatasining Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga 23 may kuni bergan ko‘rgazmasida Bortnikovga Rossiyaning saylovoldi kampaniyasiga davomli aralashuvi nomaqbul oqibatlarga olib kelishi hamda Moskva bilan Vashington o‘rtasidagi munosabatlar ilishiga to‘sqinlik qilishi haqida aytganini gapirib berdi.

Brennanga ko‘ra, Bortnikov ushbu masalani prezident Vladimir Putin bilan muhokama qilishini aytgan.

– Men AQShning ruslar oldiga ushbu masalani qo‘ygan birinchi rasmiy kishisi bo‘laman, – dedi u qo‘mita oldida.

Kreml AQShning iddaolarini qayta-qayta rad etib keladi.

Brennanning fikrlari Rossiyaning saylov jarayoniga taxmin qilinayotgan aralashuviga oid tergov miqyosi va sur’ati oshib borayotganini ko‘rsatadi, chunki ayni paytda prezident Trampning yordamchilari bilan Rossiya amaldorlari o‘rtasidagi aloqalarni Kongress ham, FTB ham tergov qilmoqda.

Jon Brennan: “Hamma bilishi kerakki, Rossiya 2016 yildagi prezident saylovi kampaniyamizga surbetlarcha aralashdi, ular keskin noroziligimiz va bu ishni qilmasligi kerakligi haqida ogohlantirishimizga qaramay shu ishni qilganini hamma bilib qo‘yishi kerak”, - dedi.

Tramp yanvar oyida prezidentlik lavozimini egallagandan beri ushbu shu taxlit shubhalar uning ma’muriyati obro‘siga soya solib kelmoqda.

“Tergov qilinishi kerak bo‘lgan” til biriktiruv

Har bir qadami kuzatilayotgan rasmiy shaxslar orasida Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ilk maslahatchisi Maykl Flinn ham bor. U Oq Uy rahbarlariga Rossiya rasmiy shaxslari, jumladan, ushbu mamlakat elchisi Sergey Kislyak bilan aloqalari mazmuni to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot bergani uchun fevral oyida ishdan bo‘shatilgan edi.

Joriy oyning boshida Tramp FTB direktori Jeyms Komini qo‘qqisdan ishdan bo‘shatib yubordi va bu Vashingtonda siyosiy janjalga sabab bo‘ldi. Keyinroq “Nyu-York Tayms” gazetasining xabar qilishicha, Tramp Komiga Flinning ishi bo‘yicha tergovni to‘xtatish borasida bosim o‘tkazgan.

Ushbu hol, Oq Uy davom etayotgan jinoyat tergoviga to‘sqinlik qilishi mumkin, degan xavotirlarga sabab bo‘ldi. Pirovardida Adliya vazirligi FTBning Tramp ma’muriyati bilan bog‘liq ish tergov qilinishini nazorat etish uchun maxsus prokuror tayinlashga majbur bo‘ldi.

Yanvar oyida MRB direktorligidan iste’foga chiqqan Brennandan 23 may kuni Vakillar palatasidagi tinglov chog‘ida Tramp yordamchilari bilan Rossiya amaldorlari o‘rtasidagi til biriktiruv yoki muvofiqlashtirishga oid razvedka ma’lumotlarini ko‘rgan-ko‘rmagani qayta-qayta so‘raldi.

Trey Goudi, respublikachi, Kongress Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi a’zosi:

“Siz o‘rgangan 2016 yilgi voqealar paytida Tramp kompaniyasi bilan Rossiya davlat arboblari o‘rtasida til biriktirish, muvofiqlashtirish, konspiratsiya – zimdan ish ko‘rish holatlarining isboti bormi?”

Brennan, ha, deb javob berdi.

Ayni choqda Flinn Senat Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasining ko‘rgazma berish to‘g‘risidagi buyrug‘ini bajarishdan bosh tortdi. Ushbu qo‘mita Rossiyaning Tramp yordamchilari bilan aloqalarini tergov qilish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Senat qo‘mitasidagi ham respublikachi, ham demokrat rahbarlarning 23 may kuni e’lon qilishicha, ular bu yo‘ldan qaytmaydi va Flinnga tegishli ikkita korxonaga tegishli hujjatlarini taqdim etish bo‘yicha talabnoma yuborgan.

Respublikachi Richard Burr, agar Flinn qo‘mitaning talabini mensimay yuraveradigan bo‘lsa, Kongressga hurmatsizligi uchun hibsga olinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG