Линклар

Шошилинч хабар
07 март 2024, Тошкент вақти: 07:44

Mirziyoev qadimiy qo‘lyozmalarni saqlab qolishga kirishdi


24 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror chiqardi.

Filolog olim Sayfidin Sayfulloh Ozodlik bilan suhbatda qadimiy qo‘lyozmalar taqdiriga jiddiy e’tibor berilishini “hechdan ko‘ra, kech” bo‘lgan muhim qadam sifatida baholadi.

Prezident osori-atiqa va qo‘lyozmalar himoyasiga bel bog‘ladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Olmazor tumaniga qilgan tashrifi chog‘ida “dunyoning qaerida bo‘lsa ham¸ O‘zbekiston tarixi va madaniyoti bilan bog‘liq osori-atiqa va qo‘lyozmalarni mamlakatga olib kelish” tashabbusini ilgari surgan edi.

Bu tashabbus ortidan 24 may kuni qabul qilingan qarorda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa yozma manbalarni saqlash, o‘rganish, ilmiy asosda tadqiq etish va targ‘ib qilish bo‘yicha yagona markazga aylandi.

Qarorda¸ aynan shu institut qoshida yozma yodgorliklarni to‘plash, baholash va sotib olish bilan shug‘ullanadigan ekspertlar guruhi va maxsus komissiya tuzish ko‘zda tutilgan.

Qadimiy qo‘lyozmalar bo‘yicha mutaxassis¸ matnshunos ayol Sayfiddin Sayfullohga ko‘ra¸ yangi chiqqan qaror tarixiy merosni tahlil qilish va yo‘qolib ketayotgan qadimiy qo‘lyozmalarni asrab qolishga sharoit yaratadi:

- Qo‘lyozmalar institutida hali o‘rganilmagan yuzlab kitob bor. Prezident qaroridan keyin¸ umid qilamanki¸ bularni o‘rganish uchun yangi shtatlar ochilib¸ mutaxassislar jalb qilinadi. Ikkinchidan¸ xalqning qo‘lida noyob qadimiy kitoblar ko‘p. Ular bu kitoblarni o‘zi ham o‘qimaydi¸ boshqaga ham bermaydi. Bundan buyon hukumat pul ajratadi va bu kitoblarni kelishilgan narxda sotib olish imkoni yaratiladi. Uchinchidan¸ mavjud qadimiy kitoblar raqamli texnologiya yordamida tizimga solinadi. Maxsus kompьyuter dasturi yaratiladi¸ deydi bu qarorni olqishlagan suhbatdosh.

Mustaqillikdan beri g‘aznasiz qolgan xazina

Uzoq yillar Madaniyat vazirligining Qadimiy yodgorliklarni saqlash idorasida ishlab¸ nafaqaga chiqqan mulozim Rauf Qo‘zievning Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan 1991 yildan boshlab qadimiy qo‘lyozmalarni sotib olishga davlat mablag‘ ajratmay qo‘ygan:

- Sovet davrida Qo‘lyozmalar institituti va Adabiyot muzeyi qadimiy kitoblarni tizimli ravishda aholidan sotib olar edi. Ularga bu maqsad uchun yillik fond ochilgan edi. Masalan¸ Adabiyot muzeyi yiliga 200 ming sovet so‘mini (o‘sha payt kursi bo‘yicha 200 ming AQSh dollari) aholidan kitob sotib olishga sarflar edi. Davlat Ekspert komissiyasi har kvartal aholi olib kelgan kitoblarga narx belgilab berar edi. Shu tariqa¸ O‘zbekiston Qo‘lyozmalar institutida Markaziy Osiyodagi eng katta qo‘lyozmalar kolleksiyasi vujudga kelgan edi. 1991 yildan keyin esa qo‘lyozma sotib olish uchun davlat pul ajratmay qo‘ydi. Mavjud kolleksiyani saqlash masalasi yaxshi bo‘lmagani bois¸ anchagini kitoblar o‘g‘irlandi. Qo‘lyozmalar oldin faqat davlat tasarrufida bo‘lib¸ kuchli himoya ostida edi. Mustaqil bo‘lgandan keyin ko‘p diniy kitoblar¸ hususan¸ O‘zbekiston Davlat muzeyida saqlab kelingan Usmon mushabi O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga berildi. Oqibatda¸ qadimiy qur’onning kiyik terisiga oltin bilan yozilgan 9 varag‘i diniy idora mutavallisi tarafidan o‘g‘irlanib¸ xorijga sotib yuborildi. Bunday misollar ko‘p¸ deydi suhbatdosh.

1983 yilda olimlar aholidan kitob sotib olgani aks etgan tarixiy fotosuvrat
1983 yilda olimlar aholidan kitob sotib olgani aks etgan tarixiy fotosuvrat

Ozodlik tasarrufida¸ Qo‘ziev aytgan Ekspert komissiyasi protokollari¸ xususan¸ 1983 yili Hamid Sulaymonov nomli Qo‘lyozmalar institutining aholidan yuzlab qadimiy qo‘lyozmani sotib olgani haqidagi hujjatlar mavjud. Sobiq mulozim ta’kidicha¸ O‘zbekiston mustaqilligidan so‘ng instititut inventar raqamiga ega bu qo‘lyozmalardan ba’zilari izsiz yo‘qolgan.

2013 yili o‘zbekistonlik muxolifat faoli Safar Bekjon Gulnora Karimovaga oid Jenevadagi villaga kirgan paytida qadimiy Qur’on kitobi chiqqanini ma’lum qilib¸ fotosuratlarini Ozodlikka jo‘natgan edi.

2015 yili ishdan olingan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jaev ustidan ochilgan jinoyat ish doirasida uning uyida o‘tkazilgan tintuv paytida ham Qur’onning qadimiy qo‘lyozma nusxasi chiqqan edi.

Tintuvda ishtirok etgan ekspertlar bu qo‘lyozmaning “Ofoqxo‘ja Qur’oni” deb bilingan noyob kitob ekanligi borasida xulosa bergani Ozodlik maqolasida aytilgan edi.

Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi xodimining Ozodlikka aytishicha¸ bu qo‘lyozma O‘zbekiston Qo‘lyozmalar institutida yaqin-yaqingacha saqlangan.

Matnshunos olim Sayfidin Sayfullohga ko‘ra¸ O‘zbekistonda asrlar davomida Markaziy Osiyo bo‘yicha eng boy qo‘lyozma meros jamlangan bo‘lib, uning salmoqli qismi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Сайфиддин Сайфуллоҳ билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:03 0:00
Бевосита линк

Unga ko‘ra¸ Sharqshunoslik instituti kitob koleksiyasi 2000 yilda noyob ilmiy va madaniy ob’ektlardan biri sifatida YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa ham¸ bu jamg‘armani himoya qilish yaxshi darajada bo‘lmagan.

Yangi qarorda¸ bu qo‘lyozmalar umrini uzaytirish maqsadida kitoblarni namdan va tashqi tajovuzlardan asrashga mablag‘ ajratish ham ko‘zda tutilgan.

Sayfidddin Sayfulloh ta’kidicha¸ institutning qo‘lyozmalar fondi oltita alohida bo‘limdan tashkil topgan bo‘lib, arab, fors, eski o‘zbek tili va boshqa sharq tillarida bitilgan 26 ming jild qo‘lyozma, 39 ming jild toshbosma kitoblar va 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlardan tashkil topgan.

XS
SM
MD
LG