Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:50

Rossiya deportmarkazlaridagi muhojirlarga sudga shikoyat qilish huquqi berildi


Kemerovo maxsus izolyatoridan ko‘rinish
Kemerovo maxsus izolyatoridan ko‘rinish

Rossiya Konstitutsiyaviy sudi xorijlik va vatandoshligi yo‘q shaxslarni politsiyaning maxsus muassasalarida va deportatsiya lagerlarida asossiz va cheklanmagan muddat ushlab turishni g‘ayriqonuniy deb topdi. Konstitutsiyaviy Sud Rossiya qonun chiqaruvchilaridan priyomniklarda besabab uzoq muddat ushlab turilayotgan muhojirlar masalasida tegishli federal qonunlarga o‘zgartish kiritishni talab qildi.

2017 yilning 23 may kuni Rossiya Konstitutsiyaviy sudi mamlakat Ichki ishlar vazirligiga qarashli maxsus muassasalarda xorij vatandoshlari va apatridlarni (vatandoshligi yo‘q shaxslar) cheklanmagan muddat ushlab turishni davlat Asosiy qonuniga zid, deb topdi.

Konstitutsiyaviy sud rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotga binoan, qaror qabul qilingan kundan boshlab, migrantlar uzoq ushlab turilgani to‘g‘risida shikoyat qilishlari mumkin.

“Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi erkinlik va shaxsiy dahlsizlik huquqlarining noma’lum muddatga cheklanishini konstitutsiyaviy kafolatlarga muvofiq emasligini ta’kidlaydi. Xorijliklar va vatandoshligi yo‘q shaxslarni badarg‘a qilish amaliyotiga baho berar ekanmiz, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi ham hibsda ushlab turish ko‘zlangan maqsadga erishishdan ortiq muhlatdan oshmasligiga e’tibor qaratadi”, deyiladi Konstitutsiyaviy sud qarorida.

SUVSIGda beriladigan tushlik normasi
SUVSIGda beriladigan tushlik normasi

Rossiya Konstitutsiyaviy sudi mamlakatdan chiqarib yuborilishini kutib yotgan muhojirlarning maxsus priyomnik va SUVSIGlarda ushlab turilishi muddati masalasida qonunchilikda mavjud noaniqlik sababli ular bu holat bo‘yicha sudga arz-shikoyat qilishdan ham mahrum bo‘lganini alohida urg‘uladi.

Konstitutsiyaviy sudning bunday qarori qabul qilinishiga hissa qo‘shgan advokat Olьga Tseytlina Ozodlik bilan suhbatda chet ellik mahbus ilgari ikki yildan keyingina asossiz ushlab turilgani to‘g‘risida sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lganini gapiradi.

Himoyachi Seytlina mavjud rus qonunchiligiga muvofiq, hatto shu muddatni o‘tirib, ozodlikka chiqarib yuborilgan apatridlar politsiya tomonidan yana hibsga olinishi mumkin edi, deydi.

- Bu qaror ahamiyatini baholash juda mushkul, chunki shu tariqa minglab odamlar maxsus muassasalarda asossiz saqlanishiga chek qo‘yildi. Sud ko‘rsatmasiga ko‘ra, 3 oydan ko‘p muhlat ushlab turish - Konstitutsiya va Inson haqlari Konvensiyasi buzilishidir! Sud bu muhlatlar ustidan sud nazoratini o‘rnatish va qonunchilikka bu haqda o‘zgartish kiritilishi majburiy ekanini qayd etdi. Ilgari sud nazorati muhlati 2 yil bilan belgilangandi va muhojir bu muddat ichida hatto sudga murojaat qilishga qonuniy asosi bo‘lmagan. Men 2 yil o‘tirib chiqib, yana shu muddatga SUVSIG va SVSIGlarga tushayotgan bir qancha xorijlik ishini olib borganman, dedi advokat Seytlina.

Himoyachi 2 yil davomida deportatsiya markazida ushlab turilgan va ozodlikka chiqarilgan shaxslar ko‘p hollarda sog‘ligi, ona yurtida urush harakatlari borayotgani, deportatsiya qilinayotgan davlatda ta’qib ostiga tushishi xavfi yoki shunchaki hujjat rasmiylashtirish imkoni yo‘qligi tufayli Rossiyani tark etish imkonidan mahrum bo‘lganini eslatdi.

U 2015 yildan buyon Sankt-Peterburg maxsus priyomnigida saqlanib turgan vatandoshligi yo‘q Noe Msxiladze shu qaror ko‘magida ozodlikka chiqarilganini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda biror mamlakat apatrid Msxiladzeni qabul qilishga rozilik bermagan va u muayyan muhlat Rossiyada qolishi hamda boshqa SUVSIGga tashlanmasligi qonun bilan himoyalandi.

Olga Seytlina 3 oy muddatdan ortiq deportatsiya lagerlari yoki boshqa muassasalarda beasos o‘tirgan migrantlar endilikda sudga ariza bilan chiqishlari mumkinligini ta’kidladi.

- Endilikda 3 oydan ziyod o‘tirgan mahbuslar sudga saqlab turilishi qonuniyligini ustidan tekshiruv o‘tkazish talabi bilan murojaat qilishga haqli. Ammo, bu “ular darhol ozod qilinadi” degani emas! Shunchaki, ularda o‘z huquqlarini himoya qilish imkoni paydo bo‘ldi. Bu ariza ko‘rib chiqilganidan keyin holat ustidan avtomatik sud nazorati o‘rnatilishi ham belgilandi, dedi Olga Seytlina.

Advokat Konstitutsiyaviy sud qarori himoyasiga barcha xorij vatandoshlari, apatridlar va hatto hujjat rasmiylashtira olmayotgan DNR-LNR qochqinlari ham kirishini bildirdi.

Ozodlik Xorijlikrni saqlash priyomniklarda o‘tirgan muhojirlar ahvoli borasida ko‘p marotaba xabar bergan.

Asosan o‘zbekistonlik bo‘lgan tutqunlar oylardan buyon deportatsiya qilinmayotgani va muassasadagi umumiy holatdan arz qilib keladi.

Bugunga kelib Rossiyaning 81 mintaqasidagi 78 ta maxsus markazda minglab muhojir, qochqin va vatandoshligi yo‘q shaxs bemuddat ushlab turilgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG