Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2024, Тошкент вақти: 01:42

Gaz va elektrdan qarzi borlar bundan buyon prokuratura oldida javob beradi (VIDEO)


Iste’molchilardan tabiiy gaz va elektr quvvati uchun qarzni undirish bilan, prezident Mirziyoev imzolagan farmonga binoan, bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida tashkil etiladigan Majburiy ijro byurosi shug‘ullanadi.

3557 so‘zdan iborat juda katta hujjatning ba’zi muhim jihatlariga to‘xtalamiz.

10817 kishi ishsiz qoladimi?

Bu prezident farmoni bilan tanishish jarayonida paydo bo‘lgan tashvishli savoldir.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun qarzlarni undirish bilan bog‘liq barcha ishlar Majburiy ijro byurosi (Byuro) ga yuklatilmoqda.

Byuroning tashkil etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti tugatilmoqda va uning 1 301 ta bo‘shatilayotgan shtat birligi hamda departamentning barcha vazifalari, funktsiyalari hamda vakolatlari Byuroga o‘tkazilmoqda.

Prezident farmonining 6- bandida aytilishicha,

“O‘zbekenergo” AJning iste’molchilar bilan ishlash bo‘yicha 6 562 ta elektromontyor shtat birliklarini hamda “O‘ztransgaz” AKning tabiiy gazni hisobga olish va realizatsiya qilish bo‘yicha 4 255 ta nazoratchi shtat birliklarini qisqartiriladi”.

Ya’ni, Sud departamentidan bo‘shatilayotganlar Byuroga o‘tkazilishi aytilgan.

Lekin “O‘zbekenergo”ning elektromontyorlari va “O‘ztransgaz”ning nazoratchilari “qisqartiriladi” deyilgan¸ xolos. Xo‘sh, ular ishsiz qoladimi? Bu savolga “O‘ztransgaz”ning Toshkentdagi bosh ofisi mulozimidan ham, viloyatlardagi filiallari xodimlaridan ham jo‘yali javob ololmadik.

11 trillionlik qarz

Prezident farmonida elektr energiyasi va gaz yetkazib berishda “jiddiy kamchilik va muammolar” mavjudligi, ular “debitor qarzdorlikni keskin kamaytirishga” imkon bermagani tan olingan.

Qarz muammosini Mirziyoev yil boshida tilga olgan, Vazirlar Mahkamasining 14 yanvarda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan majlisida jami 18 trillion so‘mlik debitor qarzdorlikdan 11 trillion so‘mi yoki 60 foizi oxirgi 3 yil mobaynida cho‘zilib kelayotgani to‘g‘risida gapirgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari G‘ulomjon Ibrohimov 20 yanvar kuni Prezident Mirziyoev ishtirokida Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan majlisda 1 avgustgacha debitorlik qarzlarini undirishga so‘z bergan edi.

Debitor qarzdorlik masalasiga 3 nazar

Bas, qarz undirish uchun maxsus tashkilot tuzilayotgan ekan, farmonni o‘rganish asnosida bu masalaga ta’minotchi, nazoratchi va iste’molchi qanday yondoshishiga qiziqdik.


Gaz yetkazib beruvchining aytganlari

Prezident Mirziyoevning 29 may kungi farmoni ortidan joylardagi vaziyatni o‘rgandik. Masalan, “Jizzaxshahargaz” korxonasi xodimining aytishicha, shu kunda tabiiy gaz uchun aholi 35 mlrd 133 mln so‘m, ulgurji iste’molchilar 1 mlrd 639 mln so‘m, hammasi bo‘lib 36 mlrd 772 mln so‘m qarz.

“Shahar, debitorlik qarzlarni undirish maqsadida, 4 ta sektorga bo‘lingan, ularning birini hokim, ikkinchisini prokuror, uchinchisini militsiya boshlig‘i, to‘rtinchisini soliq idorasi boshlig‘i boshqradi. 1 avgustgacha debitor qarzni tugatamiz, deb ishlayapmiz",- dedi “Jizzaxshahargaz” vakili.

Odamlar nima uchun qarzini to‘lamayapti? Bu savolga ta’minotchi jo‘yali javob aytmadi.

Gaz nazoratchisining aytganlari

Prezident farmoniga binoan “O‘ztransgaz”ning ishdan bo‘shatiladigan 4 255 nazoratchisi iste’molchi bilan bevosita ishlaydigan xodimlardir. “Samarqandshahargaz”da ishlaydigan Jo‘rabek - ana o‘sha 4 255 nazoratchidan biri.

Tabiiy gaz yoquvchi 687 xonadon bilan ishlaydigan Jo‘rabekning hozircha Prezident farmonidan, binobarin, tez orada ishsiz qolishidan xabari yo‘q.

Uning aytishicha, 687 xonadondan 235 tasining gazdan qarzi bor.

“Ba’zilarning qarzi juda katta. Bitta xonadon 5 mln 500 ming so‘m qarz. Boshqa biri 3 mln 800 ming so‘m qarz”, dedi nazoratchi.

Jo‘rabekning aytishicha, “ko‘pchilikning gazga to‘lashga puli yo‘q – chet elda ishlab yurgan o‘g‘illaridan pul kelmayotganini bahona qilishadi, pensionerlar pensiyasidan 30 ming, 50 mingdan to‘laydi, schetchik bo‘yicha esa, qarzi, masalan 280 ming, shunday qilib qarz ko‘payib ketyapti”.

Ko‘p qavatli uyda yashaydigan gaz nazoratchisi Jo‘rabek, o‘zining aytishicha, oyiga 520 ming so‘m maosh oladi va bu pulning 250 ming so‘m atrofidagi qismini gaz uchun ishxonasi ushlab qoladi.

Iste’molchining aytganlari

Prezidentning 29 maydagi farmonida “iste’molchi energiya resurslari iste’molini hisobga olish uskunalarining lozim darajada ekspluatatsiya qilinishi va sozligi uchun javobgar bo‘ladi”, deyilgan.

Bog‘ibalandlik tinglovchi jo‘natgan surat gaz idorasi xodimi bilan mojaro davomida olingan.
Bog‘ibalandlik tinglovchi jo‘natgan surat gaz idorasi xodimi bilan mojaro davomida olingan.

Samarqandning Bog‘ibaland mahallasida yashaydigan, ismi aytilmasligini so‘ragan iste’molchining shu kundagi tashvishi farmonda tilga olingan “energiya resurslari iste’molini hisobga olish uskuna”si bilan bog‘liq.

Uning aytishicha, “shu kunlarda gorgaz xodimlari uyma-uy yurib, hammaning gazdan qarzi bor, deb tayinlab ketishayapti. Birovning 7 mln, boshqasining 5 mln so‘m qarzi bormish”.

Suhbatdoshimiz gaz idorasi bilan tortishib, uddalay olmaganini, oxir-oqibat "4 yarim mln so‘m to‘lashga majbur bo‘lganini" aytdi. "Aks holda gazni uzib ketmoqchi edilar", dedi bog‘ibalandlik iste’molchi.

Bog‘ibalandlik iste’molchi gaz hisoblagichi bilan bog‘liq mojaroni batafsil aytib berdiki, uning hikoyasini bu erda keltirish ilojsiz. Uning o‘z qissasidan hissasi bu: “gaz idorasi xodimlari meni aldadi”.

​Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan yuqoridagi videoda gaz idorasi xodimi bilan iste’molchi o‘rtasidagi mojaro aks etgan. (Aytilishicha, video Toshkent shahar, Mirobod tuman gaz idorasida olingan)

Hozirgina kelgan yana bir xabar

“Assalomu alaykum, gaz muammosini ko‘tarayapsizlar ekan. Bizda – Qo‘qondayam gaz idorasi davlatdan 50 mlrd so‘m qarz ekan. Bu qarzni Qo‘qon xalqiga 4 milliondan bo‘lib yuboribdi. Schetchigi borlarga ham”, deb yozdi tinglovchilarimizdan biri.

Bu xatdan keyin beixtiyor bosh vazir o‘rinbosari G‘ulomjon Ibrohimovning 1 avgustgacha debitorlik qarzlarini undirish to‘g‘risida Prezident Mirziyoevga so‘z bergani yana yodga tushdi.

Kuting, Sizning uyingizga ham kelishadi

Prezidentning 29 maydagi farmonida “O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz”kompaniyalari rahbariyatiga 2017 yil 1 iyulga qadar tuman va shaharlarda 2017 yil 1 iyun holatiga energiya resurslaridan qarzdorligi mavjud bo‘lgan barcha iste’molchilarning ro‘yxatini yangi tashkilot - Majburiy ijro byurosiga taqdim etish topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Majburiy ijro byurosi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida tashkil etilmoqda.

XS
SM
MD
LG