Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:16

“Rustambank” 19 yillik qamoqdan so‘ng yana chuvalchang chiqarmoqchi


Rustam Usmonov, 90- yillarning oxirlarida, qamalishi arafasida tushgan surati.
Rustam Usmonov, 90- yillarning oxirlarida, qamalishi arafasida tushgan surati.

Joriy yilning 14 fevralida 19 yillik qamoqdan ozod qilingan 69 yashar Rustam Usmonovning 2 iyun kuni Ozodlikka bildirishicha, shu kuni u O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida qabul qilindi.

Usmonovning aytishicha, prokuraturadagi qabul uning qamoqdan chiqqanidan ko‘p o‘tmay boshlangan ko‘rgiliklariga chek qo‘ydi.

O‘zbekistonliklarning katta avlodi “chuvalchangchi” va mintaqadagi birinchi tijorat bankining asoschisi sifatida yaxshi taniydigan Rustam Usmonovning o‘zi va yaqinlari so‘nggi oylarda unga bosim o‘tkazilayotgani, kimlardir undan bir necha o‘n million dollar talab qilayotganidan shikoyat qilib kelayotgan edi.

Рустам Усмонов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:18 0:00
Бевосита линк

Sobiq aristondan talab qilingan $60 000 000

Rustam Usmonovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nomiga yozgan arizasida (ariza nusxasi Ozodlikda bor) undan “o‘zini Prezident apparatida ishlovchi, deb tanishtirgan Ismoilov Dilshod 60 mln. dollar talab qilib kelayotgani”dan shikoyat qilingan.

Ozodlik voqea tafsilotlarini bilish uchun 2 iyun kuni Rustam Usmonov bilan bog‘langan soatda uning “hozirgina Bosh prokuraturadan chiqqani” ma’lum bo‘ldi.

Kutilmagan burilish

“Juda xursandman. Siz telefon qilishingizdan sal oldin Bosh prokuraturaning mas’ul xodimi bilan suhbatlashdim. Xursandman. Oyoq-qo‘limdan qanot o‘sib chiqqanday bo‘ldi”- dedi Rustam Usmonov.

Aytishicha, prokuratura xodimlari unga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi mumkinligini, bu yo‘lda har qanday yordamni berishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Prokuraturadan xursand bo‘lib chiqqani uchunmi, Rustam Usmonov shikoyatida tilga olingan shaxsning ism-familiyasini tilga olmadi, u talab qilgan mablag‘ bog‘liq voqea tafsilotlariga batafsil to‘xtalgisi kelmadi.

“U (pul talab qilgan shaxs – tahr.) yo‘qoldi. Telefonda o‘zining tan olishicha, u Qozog‘istonga qochib ketganmish, meni unutganmish”, dedi Usmonov.

Bosh prokuraturadan yaxshi kayfiyat va umid bilan chiqqan Rustam Usmonov “Biznes plan tuza boshladim, kamida 400-500 kishini ish bilan ta’minlayman”, dedi.

- Yana chuvalchang chiqarmoqchisiz? – so‘radik Rustam Usmonovdan.

- Albatta, chuvalchang birinchi navbatda bo‘ladi, deb javob berdi suhbatdoshimiz.

Chuvalchang bilan tanilgan “Rustambank”

O‘zbekistonliklarning Mustaqillik davrida ulg‘aygan yangi avlodi uchun Rustam Usmonov degan ism hech narsani anglatmaydi. Biroq katta avlod bu ism atalganda, birinchi navbatda chuvalchangni, keyin “Rustambank”ni eslaydi.

1948 yili Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida tug‘ilgan Rustam Usmonovning tarjimai holida qayd etilishicha, u iqtisodiyot fanlari doktori, professor, iqtisodiy mavzularda yozilgan 300 dan ziyod monografiya va maqolalar muallifidir.

Maqolalarida kichik va o‘rta biznesni targ‘ib qilgan Usmonovning o‘zi 1987 yili O‘zbekistonda asalarichilik shirkatini ochdi. Yomg‘ir chuvalchanglarini ko‘paytirib sotib, millionlar egasiga aylandi. Chuvalchanglar yordamida biogumus ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan Rustam Usmonovning telereklamalari hanuz ko‘pchlikning esida bo‘lsa kerak.

1992 yilda ochilgan O‘zbekistondagi ilk xususiy bank "Rustambank" egasi ham aynan Rustam Usmonov bo‘ldi.

Karimovning nazariga tushdi ... va qamaldi

1990-yillar boshida Rustam Usmonov O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning e’tiboriga tushgan tadbirkorlardan biri bo‘lgan.

Mustaqillikning dastlabki yillarida Prezident devonida ishlagan taniqli publitsist Sharof Ubaydullaev Ozodlik bilan suhbatda Rustam Usmonovni Andijondan "topib kelib", Islom Karimov bilan tanishtirganini aytib berdi.

- Rustam Usmonovni qabul qildi va uchrashuvdan so‘ng prezidentning topshirig‘i bilan to‘g‘ri televideniega ketganmiz va qariyb 1 soatlik ko‘rsatuv qilganmiz, dedi Sharof Ubaydullaev.

Uning eslashicha, Usmonov Karimovning ko‘ziga 1992 yilgi bir majlisda bergan savoli uchun yomon ko‘rinib qolgan va bu yomon munosabat, oxir-oqibat, oradan 6 yil o‘tib real qamoqqa aylandi, Usmonovning samarali faoliyat ko‘rsatgan “Rustambank” yopildi.

Avvaliga 14 yil...

1998 yil 19 oktabr kuni Andijon viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi hukmiga ko‘ra, Rustam Usmonov tovlamachilik, valyutani noqonuniy olish-sotish kabi moddalarda ayblanib, 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

...va 5 yilga raskrutka

Jazo muddati tugashiga sanoqli oylar qolganida 2012 yilning oktabr oyida Usmonovga qamoqxona ichki tartibini buzganlik kabi qator ayblar qo‘yilib¸ qamoq muddati yana 5 yilga uzaytirilgan edi.

Rustam Usmonov tovlamachilik, valyutani noqonuniy oldi-sotdisiga doir moddalarda ayblanib qamalgan bo‘lsa-da, oila a’zolari uning siyosiy mahbus ekanini ta’kidlab kelishgan.

Rustam Usmonov joriy yilning 14 fevralida 19 yillik qamoqdan so‘ng, ozodlikka chiqdi. Jazoning so‘nggi besh yilini “Jasliq” qamoqxonasida o‘tkazdi.

XS
SM
MD
LG