Линклар

Ijtimoiy tarmoqda o‘zbeklarni haqorat qilgan millatchilarga jinoyat ishi ochildi


Ayni paytda Qirg‘iziston tarixida birinchi marta millatchilik qilgan odamga nisbatan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbeklarni milliy asosda haqorat qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

-Qirg‘iz Respublikasi Milliy Fanlar Akademiyasining ekspertlari filologik-siyosiy ekspertiza o‘tkazib, “Bu sharhlarda millatlararo nizo qo‘zg‘ovchi gaplar bor”, degan aniq xulosaga keldi. Shuning asosida Jinoyat kodeksining 299-moddasi asosida jinoyat ishi ochildi, - dedi maxsus xizmat matbuot kotibi Raxat Sulaymanov.

Unga ko‘ra, “Feysbuk” tarmog‘ida o‘zga millat vakilini haqorat qiluvchi sharhlarni yozib qoldirgan odamlarning shaxsi aniqlangan.

Milliy xavfsizlik xizmati bu holatga jurnalist Ulug‘bek Boboqulovning maqolasidan so‘ng e’tibor qaratdi.

Jurnalistning Farg‘ona ru saytida chop etilgan maqolasida ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri va provokatsion ma’lumotlarning joylashtirlishi ortidan ayrim millatchilar Qirg‘izistonda yachshayotgan boshqa xalqlarga nisbatan haqoratli va zo‘ravonlikka da’vat etuvchi chaqiriqlarni yozib qoldirayotgani, bunday vaziyatga maxsus xizmatlar panja ortidan qarashda davom etayotgani aytilgan edi.

Bu maqola chop etilganidan so‘ng Qirg‘iziston milliy jamoatchilik telekanali Ulug‘bek Boboqulov “xalq dushmani” sifatda tamsil etilgan deyarli 10 daqiqali maxsus ko‘rsatuvni namoyish qildi. Qirg‘iziston parlamentining ayrim deputatlari esa jurnalistni “milliy nizo qo‘zg‘atishda” ayblab, uni vatandoshlikdan mahrum qilish taklifini ham kiritishdi.

Ulug‘bek Boboqulov Ozodlik radiosiga bu borada fikr bildirar ekan:

-Bu kabi chaqiriqlarni yozib qoldirgan odamlarga maxsus xizmatlar e’tibor qaratsin, degan ma’noda men bu maqolani yozgan edim. Maxsus xizmatlar siyosiy masalalar bilan shug‘ullanmay, bu kabi holatlarning oldini olishi kerak,- deb aytdi.

Ayni paytda Bishkekning Oktabr tuman sudida taniqli vrach Yegor Borisovni milliy nafrat asosida haqorat qilgan hamda kaltaklagan shaxs ustidan sud jarayoni boshlandi.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, o‘tgan yilning 29 iyunida Borisovning ayoli mashinasida boshqa mashinani turtib yuborgan. Turtilgan mashina egasi Borisovni millatchilik nuqtai nazaridan turib haqorat qilgan va keyin kaltaklagan.

Kaltaklanish natijasida Borisovning miyasi chayqalgani, qovurg‘asi singani ekspertiza tomonidan aniqlangan.

Shundan so‘ng millatchilik qilgan odamga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 299-moddasi asosida “Milliy, irqiy, diniy yoki dinlararo nizo qo‘zg‘ash” aybi bilan jinoyat ishi ochilgan. Bu modda bo‘yicha sudlanuvchi 4 yildan 7 yilgacha qamoqqa hukm qilinishi mumkin.

Millatchilik qilgan odamga nisbatan sud jarayoni va “Feysbuk”da boshqa millatlarni haqoratlagan odamlarga nisbatan jinoyat ishi ochilgani to‘g‘risidagi xabarlar 2010 yila sodir etilgan O‘sh qirg‘inining 7 yilligi arafasida paydo bo‘ldi.

2010 yilning iyun oyida Qirg‘izistonning janubiy viloyatlarida yuz bergan millatlararo to‘qnashuvlar natijasida 442 odam halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG