Линклар

Joriy yilning 1 choragi natijalariga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan pul mablag‘lari hajmi o‘tgan 2016 yilning shu davriga nisbatan 50,8 foizga oshgan. Rossiya Markaziy Banki 2017 yilning yanvaridan mart oyi oxirigacha O‘zbekistonga 570 million AQSh dollariga teng mablag‘ jo‘natilganini qayd etdi.

Mutaxassislar bu o‘sishni Rossiya iqtisodining biroz jonlangani va o‘zbek muhojirlari mablag‘larining ko‘paygani bilan izohlamoqda.

O‘zbek muhojirlarining Rossiyadan pul jo‘natmalari hajmi oxirgi to‘rt yil ichida birinchi marotaba o‘sishni ko‘rsatdi.

Rossiya Markaziy Banki ma’lumotida aytilishicha, bu yilning birinchi choragida, 2016 yilning dastlabki 3 oyiga solishtirganda, 192 million dollar ko‘p pul Rossiyadan O‘zbekistonga yuborilgan.

Rossiya Markaziy Banki 2017 yilning yanvaridan mart oyi oxirigacha Rossiyadan O‘zbekistonga 570 million AQSh dollari hajmida pul jo‘natilgani, vaholanki 2016 yilning dastlabki 3 oyi davomida bu ko‘rsatkich 378 million dollarni tashkil etganini qaydga oldi.

2017 yilning dastlabki choragida Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50,8 % ga ortdi. Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan har bir jo‘natmaning o‘rtacha ko‘rsatkichi 335 dollardan 398 dollargacha ko‘tarilgani kuzatildi.

Shu tariqa, oxirgi 4 yil davomida yilning birinchi choragidagi pul jo‘natmalari hajmi o‘sa boshlagani qayd etildi:2013 yilning birinchi choragida – 1 mlrd 36 million, 2014 yilda (I) – 924 million, 2015 yilda (I) – 466 million va 2016 yilda (I) – 378 million dollarni tashkil etgandi.

Ayni paytda, O‘zbekistondan Rossiyaga bo‘lgan pul o‘tkazmalari 2017 yilda 68 million AQSh dollariga tushib qoldi (2016 yilning birinchi choragida – 82 million AQSh doll.).

O‘zbek muhojirlarining Rossiyadan jo‘natayotgan mablag‘lari o‘sishini nima bilan izohlasa bo‘ladi? Ozodlikning bu savoliga Peterburgda mehnat qilayotgan iqtisodchi Dilshod Mirzaxo‘jaev javob berdi.

Iqtisodiy tahlilchining fikricha, jo‘natmalar ko‘payishiga bir nechta sabab mavjud.

- Rossiyada ish ko‘paydi. Oyliklar oshdi. Masalan, oddiy ishchi ilgari kuniga 1 ming rubl olardi – hozir 1,5 ming rubldan kami yo‘q! Bu bir sababi. Keyin, haydovchilar to‘g‘risida qonun kuchga kirganidan keyin avtobus va marshrut taksi narxi bir xil bo‘lib qoldi – 40 rubl. Marshrutkachilar daromadi ancha yaxshilandi. Birgina Piterda 3,5 mingta haydovchi yo‘lovchi transportda ishlaydi. Yuk tashuvchi, samosval va boshqa mashinalar bilan ular soni 10 mingdan oshadi. Ko‘pchiligi oila a’zolari bilan kelayapti – xotinlari ham arzonroq ishda ishlaydi. Rossiyada kuniga 1200 rubldan arzon ish qolmadi, vaholanki qishda 800-700 rublga ham ishlashayatuvdi. Yana bir sababi – Rossiyada iqtisodiy o‘sish boshlandi va ishchi kuchi kerak. Demak, O‘zbekistondan kelayotganlar soni ham ko‘paydi, dedi Dilshodbek.

Tahlilchi Rossiyada bahor juda sovuq kelgani sababli mahalliy meva-sabzavotning kechikishi kuzatildi, deydi. Suhbatdosh hozirga kelib Rossiya do‘kon-bozorlarida asosan O‘zbekistondan keltirilayotgan meva va poliz ekinlari egallagani ham pul jo‘natmalari hajmining oshishiga olib kelganini ta’kidladi.

Iqtisodchi O‘zbekistonning o‘zida “ilik uzildi” paytida aholining daromadlari keskin pasayishi natijasida Rossiyaga jo‘natmalar soni kamayganini gapirdi.

- O‘zbekistonning o‘zida pul balansi bo‘lishi uchun kamida bir yil o‘tishi kerak. O‘zbekistonda pul ancha tortilib qoluvdi. Hatto to‘ylarni o‘tkazish marosimlari ancha kambag‘allashib qolibdi. Bu ham bir ko‘rsatkich, chunki O‘zbekistonning 70 foiz iqtisodi Rossiyaga bog‘liq – Rossiya o‘ssa O‘zbekiston ham o‘sadi, Rossiyada inqiroz bo‘lsa – O‘zbekistonda ayniqsa inqiroz bo‘ladi, deya yakunladi Dilshod Mirzaxo‘jaev.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy statistikasiga binoan, 2016 yil davomida Rossiyadan badarg‘a qilingan xorijliklar soni 51,2 foizga kamaygan va jami hisobda 55 190 kishini tashkil etgan.

Kuzatuvchilar buni mamlakat ichkarisida xorijliklar ustidan nazorat kuchaytirilgani bilan tushuntirishga urinmoqda.

RANXiGS mutaxassislari o‘tgan yilda Rossiyada rasman qaydga turib, ishlagan o‘zbek muhojirlari soni 2,2 million odamni tashkil etganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG