Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:17

Mirziyoev tashabbusi bilan ochilgan Mir Arab oliy madrasasiga qabul boshlanadi


Buxoro viloyatidagi Bahouddun Naqshbandiy ziyoratgohi
Buxoro viloyatidagi Bahouddun Naqshbandiy ziyoratgohi

Buxoroda yangi ochilayotgan Mir Arab oliy madrasasi 2017-2018 yil o‘quv yilida o‘qish uchun abiturientlarning hujjatlarini qabul qiladi. Musulmonlar idorasining Ozodlikka ma’lum qilishicha, bu dargohga qancha talaba olinadi, qanchasi davlat granti, qanchasi kontrakt-to‘lov asosida o‘qishi hozircha noma’lum, ammo tez orada belgilanadi.

Mir Arab oliy madrasasi Buxoro viloyatidagi Bahouddin Naqshbandiy ziyoratgohida bo‘sh turgan binolardan birida ish boshlaydi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasining Ta’lim va kadrlar bo‘limi boshlig‘i Akbar Do‘smatovning aytishicha, bu binoda 100 nafargacha talaba tahsil olishi mumkin.

"Ammo, hozircha kvota aniq emas. Lekin, tez orada kvota ham aniqlanadi. Endi Nizomni oldik, Adliyadan ro‘yxatdan o‘tkazdik, hozir tayyorgarlik jarayoni ketyapti. Abiturientlarning hujjatlarini 15 iyundan qabul qilishni boshlaymiz", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Akbar Do‘stmatov.

Buxoroda oliy madrasa ochish taklifi mart oyida prezident Mirziyoevdan chiqqandi.

Prezident viloyatga safari chog‘ida Bahovuddin Naqshbandiy ziyoratgohiga borgan va o‘sha yerda turib, Buxoro va qo‘shni viloyatlardagi Islom dini asoslarini o‘rganishni istovchi yoshlar uchun bilim dargohi ochish zarurligini ta’kidlagan edi.

Oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas, bu taklif amalga oshirildi va oshig‘ich tarzda, viloyatda Mir Arab oliy madrasasi tashkil qilindi.

Bu madrasa poytaxtdagi Toshkent Islom institutining viloyatdagi filiali bo‘ladi va bu dargohda, asosan, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadrayo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasidan borgan abiturienlarning hujjatlari qabul qilinadi.

Ammo, madrasaga kiruvchilar respublikada mavjud o‘rta-maxsus diniy ta’lim dargohlarini bitirgan bo‘lishi lozim.

"Madrasalarimizni bitirgan bitiruvchilarning hujjatlari qabul qilinadi. Bu oliy madrasada 4 yillik ta’lim, darajasi magistrlik darajasiga teng bo‘ladi. Oliy madrasani bitirganlar imom-xatib, islomshunos va arab tilidan dars beruvchi o‘qituvchi bo‘ladi. Keyin xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida ham ishlashi mumkin", dedi Musulmonlar idorasi mulozimi.

U Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy me’moriy kompleksi qoshida ochilishi aytilgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tilga oldi.

Bunday markazni ochish tashabbusi ham prezidentdan chiqqan va uning Saudiya Arabistoniga safari chog‘ida Islom taraqqiyot banki rahbariyati bu markazga sarmoya kiritishini bildirgan va o‘zaro Anglashinuv memorandumi imzolangan edi.

Shu paytgacha O‘zbekiston Musulmonlari idorasi qoshida Toshkent Islom instituti yoki Oliy Ma’had hamda 9 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga tenglashtirilgan madrasa ishlab kelmoqda.

Bular: Toshkentda "Ko‘kaldosh", Buxoroda "Mirarab", Andijonda "Sayyid Muhyiddin Maxdum", Namanganda "Mulla Qirg‘iz", Kitobda "Xoja Buxoriy", Urganchda "Faxriddin ar-Roziy", Nukusda "Muhammad al-Beruniy", shuningdek, Toshkentda "Xadichai Kubro", Buxoroda "Jo‘ybori kalon" ayol-qizlar bilim yurtlaridir.

O‘zbekistonda “Imom al-Buxoriy” nomidagi imomlarni qayta tayyorlash markazi ham bor.

Bu madrasalarning aksariyati 1991 yilda O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin ochilgan.

Jumladan, O‘zbekistondagi eng yirik va nufuzli sanalgan Toshkentdagi "Ko‘kaldosh" madrasasi 1999 yilda ish boshlagan. Rasmiy manbalarda bu madrasada 100ga yaqin talaba ta’lim olishi aytiladi. Buxoro viloyatdagi qadimiy Mirarab madrasasida ishlayotgan o‘rta-maxsus ta’lim dargohida ham 100ga yaqin talaba tahsil oladi.

Madrasalarni bitirgan bitiruvchilar ilm darajasiga ko‘ra, imom-xatib, imom, imom noibi yoki otin oyi bo‘lib, yohud turli davlat idoralari, ta’lim muassasalaridagi "Ma’naviyat markaz"larida mutaxassis bo‘lib ishlashi mumkin.

Ixtisoslar ularning diplomida yoziladi. Bundan tashqari, ayrim madrasalarda yigitlar va qizlarga xos hunarlar ham o‘rgatiladi.

O‘zbekistondagi madrasalarda ta’lim 4 yillik va muhimi, bu madrasalarning hammasi pullik - kontrakt-to‘lov asosida bilim beriladi.

2015-2016 o‘quv yili uchun kontrakt-to‘lov miqdori 3 million 200 000 so‘m bo‘lgan edi.

Rasmiy ma’ulmotlarga ko‘ra, respublikadagi diniy ta’lim maskanlarida bilim oladigan jami talabalar soni 250 nafarga yaqindir va yillar davomida buning 30 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan musulmon O‘zbekistonda mavjud ehtiyojni mutlaqo qoplamasligidan tinglovchilar shikoyat qiladi.

O‘zbekistonda xususiy tartibda diniy ta’lim berish 1998 yilda qayta tahrirda qabul qilingan "Vijdon erkiligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonun bilan taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG