Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 00:52

7 yil avval qirg‘in bo‘lgan O‘shda ijobiy o‘zgarishlar sezilayaptimi?


O‘shda to‘qnashuvlar paytida halok bo‘lganlar va bedarak ketganlarni xotirlash marosimi.
O‘shda to‘qnashuvlar paytida halok bo‘lganlar va bedarak ketganlarni xotirlash marosimi.

Markaziy Osiyo tashrifi doirasida Qirg‘izistonga kelgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘shda 11 iyun kuni 2010 yilgi qonli voqealarda halok bo‘lganlarni xotirlash tadbirlarida ham ishtirok etdi.

Guterrishni Bishkekda kutib olgan prezident Almazbek Atambaev uni O‘shga kuzatar ekan: “Men o‘ylaymanki, sizning O‘shga qiladigan safaringiz muvaffaqiyatli bo‘ladi. Siz 7 yil avval bu shahrga qilgan tashrfingizdan keyin qanday o‘zgarishlar ro‘y berganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ra olasiz”, deb aytdi.

O‘sha paytda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bo‘lgan Guterrish O‘shga birinchi marta 2010 yil iyun voqealaridan so‘ng kelib ketgan edi.

Ozodlik muxbiri: “Prezident Almazbek Atambaev aytganidek, O‘shda 7 yil ichida o‘zgarishlar bo‘ldimi? Bu o‘zgarishlarni o‘zingizda his qilayapsizmi?” degan savol bilan shahardagi taniqli odamlarga murojaat qildi.

O‘shlik huquq faoli Izzatullo Raxmatullaev 2010 yil voqelari va undan keyingi yillarda jabrlangan yuzlab o‘shliklarga huquqiy va insonparvarlik yordamlari uyushtirgan odamlardan biri. U o‘z fikrini bildirar ekan, mana bularni aytdi:

- Millatlararo munosabat, albatta, o‘zgardi. 2010 va undan keyingi yillar bilan taqqoslab bo‘lmaydi hozir. Har qalay bugungi kunda o‘zbeklar erkin ko‘chaga chiqib yuradigan bo‘lib qoldi. Ammo davlat organlaridagi millatchilik bugungi kungacha hali to‘xtagani yo‘q.

Ozodlik: “Davlat organlaridagi millatchilik”,-deganini qanday ma’noda tushunish mumkin?

-Aytaylik, mana bugungi kungacha davlat organlarida bironta bir ishlagan o‘zbek yo‘q, o‘zbeklar ish joylari bilan ta’minlanmagan. Shunga o‘xshash ishlar, ijtimoiy-huquqiy aspektda muammolar ko‘p, - dedi huquq faoli.

O‘shlik tadbirkor Akmal Artikov fikricha, o‘tgan 7 yil mobaynida juda katta o‘zgarishlar bo‘lgan. Suhbatdoshimiz so‘nggi yillarda oddiy qirg‘iz va o‘zbeklar o‘rtasida taranglikni kuzatmagan. Akmal qirg‘izlar bilan ham o‘zbeklar bilan ham savdo qiladi va o‘rtada hech qanday muammo yo‘q.

- Havotirga solayotgan narsalar bor, albatta. Hozir internetda millatchilik ruhidagi sharhlar yozilayapti. Shularning oldi olinmayapti. Millatchilik kayfiyatining oldini olishga harakat bo‘lmayapti-da. Yaqinda Feysbukdagi bir - ikkita ashaddiy millatchi sharhchilarni javobgarlikka tortishibdi, deb yangiliklarda o‘qib qolib suyundik. Maishiy hayotda, oldi-sotti, ko‘cha-ko‘yda yurganimizdagi muomalalarda hech qanday noliydigan joyimiz yo‘q, -deydi suhbatdoshimiz.

O‘shlik jurnalist Baqit Ibraimov so‘zlariga ko‘ra, iyun voqealaridan so‘ng jabrlanganlarga yangi uylarning qurilishi, yordam pullarining berilishi, ijtimoiy adolatni tiklash kabi yaxshi harakatlar bo‘ldi.

- Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegarasi oz bo‘lsa ham ochilib. O‘zbekistonning teatrlari bizga kelib, bizning Bobur nomidagi teatrimiz O‘zbekistonga borishi ham meni fikrimcha ijobiy narsalardan biri. Lekin mening o‘yimcha, qirg‘iz-o‘zbek do‘stligi va birdamligi masalasida yanada ko‘proq bayramlar, festivallar, ko‘rgazmalar o‘tkazilishiga ehtiyoj bor. Shunday ishlarni asosan yoshlar, o‘smirlar orasida olib borish kerak, deb o‘ylayman, -deydi Baqit Ibraimov.

O‘shda 2010 yilning 11 iyuniga o‘tar kechasi boshlangan va bir necha kun davom etgan etnik to‘qnashuvlarda 450ka yaqin odam halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq odam yaralangan va minglab uylar yondirib yuborilgan edi.

XS
SM
MD
LG